Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Qoraqalpoq va o‘zbek millatlari do‘stligi so‘nmas» —  Halima Jumaniyazova

«Qoraqalpoq va o‘zbek millatlari do‘stligi so‘nmas» —  Halima Jumaniyazova

O‘zbekiston fuqarosiman. Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanida tug‘ilib, o‘n yetti yoshimda orzuimdagi ertaklar shahri poytaxt Toshkentga kelib, ta’lim olganman.

Ko‘pincha ismingdan oldin, vataningni so‘rashadi. Men serquyosh yurt, mehmondo‘st va qadriyatlarimizni e’zozlovchi, minglab buyuk allomalari bilan dunyoga mashhur O‘zbekiston nomini faxr bilan aytaman.

Qoraqalpog‘istonning To‘rtko‘l tumanidagi o‘rta maktabda o‘qiganman. Maktabimiz direktori Jumamurod og‘a Sarsenov qoraqalpoq millatiga mansub bo‘lib, oqko‘ngil, samimiy, qattiqqo‘l va bag‘rikenglikda va haq gapni aytadigan jo‘mard inson edi. Sinfimizda o‘quvchilar ancha sho‘xroq bo‘lganligi sababli faqat bizga rus tilidan dars o‘tganlar.

Hurmati shu qadar baland ediki, tanaffusdayoq joyimizda o‘nglanib o‘tirardik. Qoraqalpoq va rus tilida gapirardi. Hatto hozir o‘ylasam esimizga ham kelmagan, o‘zbek tilida gapirmasligi. Shuningdek, fizikadan, astronomiya fanlaridan Hosilbek, jismoniy tarbiyadan Jo‘ldosh Usenov yoki matematika fanidan Karimboy Sariyevlar o‘z tillarida qoraqalpoq shevalarida darslar o‘tgan. Hech qachon o‘ylab ham ko‘rmagan ekanmiz, boshqa millat-ku deb.

Ha, bu ayni haqiqatlar. O‘zbek, turkman, qozoq, qoraqalpoq millatiga mansub biz sinfdoshlar, maktabdoshlar shu qadar ahil va do‘st edikki daraxtlar ildizlaridek chatishib ketgan edik. Urf-odatlarimiz va qadriyatlarimizni hurmat qilardik, tug‘ilgan kunlarda birga edik. Millatlararo nifoq nima bilmaganmiz. Paxta dalalarida bir-birimizga yordamlashardik. Birgalashib hammamiz katta tanaffuslarda qo‘l ushlashib har xil o‘yinlar o‘ynardik…

Bizda hech qachon millatlararo nizo bo‘lmagan, mening To‘rtko‘limning soddadil insonlari buni tasdiqlashadi. Aka-ukalar, qardoshlar bilan muloqotdaman. Millatchilik degan so‘zning o‘zi yo‘q! Hammasi hayron va dillari og‘riqda.

Faqat tinchlik qo‘rg‘onining qal’alari mustahkam, mustaqillikning abadiy bo‘lishini va Davlat rahbarimizning olib borayotgan oqilona siyosatini qo‘llab-quvvatlashlarini aytishadi. Biz chet el ommaviy axborot vositalarida berilayotgan xabarlar va har xil ma’lumotlardan o‘laroq, ishonchli rasmiy manbalardagi bo‘lib o‘tgan voqea-hodisalarga nisbatan berilayotgan aniq faktlarga ishonish kerakligini qayta-qayta takrorlayveramiz.

To‘g‘ri, internetlarda berilayotgan dil so‘zlari, shoir yozuvchilarimizning qalb satrlarini o‘qiyapmiz. Dil izhorlari, xotiralari bor. Juda ko‘pchilikning xotirasini uyg‘otdi, bo‘lib o‘tgan xunrezliklar.

Axir biz jaholat qilganlarga o‘z ma’rifatimiz bilan javob qaytaradigan ilmli, aqlli xalqmiz. Jaholatlarga qarshi ma’rifat bilan kurashayotgan minglab insonlarimiz borligi tufayli ham yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo. Men O‘zbekiston fuqorasiman. Ko‘nglim osmon qadar baland, chet elda hurmat qilishadi, maqtashadi va mehmondo‘st xalq deb e’zozlashadi.

Qon-qonimizga singib ketgan do‘stlik va birodarlikni, o‘zaro hurmat-e’tiborni, e’tiqodimizni bizning yuragimizdan hech qanday kuch tortib ololmaydi. Ololmagan ham.

Demoqchimanki, qoraqalpoq va o‘zbek millatlari do‘stligi so‘nmas, davom etaveradi.

Jazo muqarrar. Buzg‘unchi g‘oyalari bilan millatlararo do‘stlikka rahna solib, to‘da bo‘lib, uyushib, aldanib, o‘zining g‘arazli, yaramas maqsadlariga erishmoqchi bo‘lganlar adashadi.

Halima Jumaniyazova,
«Do‘stlik» ordeni sohibasi, AQSh (Facebook sahifasidan olindi)

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring