Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Qo‘y kuy tinglayaptimi yoki kuy qo‘y bozorida sotilayaptimi?

Qo‘y kuy tinglayaptimi yoki kuy qo‘y bozorida sotilayaptimi?

«O‘zbek tilimni, hamon «tuya» go‘shti yeb, «muzlab» yotgan yozuvimni toptayotgan, xo‘rlayotganlar... Afsus, ming afsus, begona emas, o‘zimiznikilar-ku, deb kuyunib yozadi jurnalist Norqobil Jalilov facebook sahifasida. – Ularni kim deb atayin, ayting! Qo‘ling akashak bo‘lsin-a, «qo‘y» bilan «kuy»ni farqlolmasang!

Bu «reklama»cha mahalla-ko‘y yo gadoytopmas ko‘chalarda bo‘lganida qo‘l siltab qo‘ya qolardim. Xoh ishoning, xoh ishonmang, necha oydan beri O‘zbekistonning qoq markazi Toshkenti azimda, kattakon trassa (Qo‘yliq-7 mavzesi va Xonobod qishlog‘i, «Elbrus» to‘yxonasiga qarama qarshi taraf) bo‘yida bo‘y basti bilan turibdi. Ko‘zi ochiq odam zoti borki, ming marta ko‘ryapti, ammo hech kim miq etmayapti.

Qani, qaysi mard idora (ma’naviyatchilar, ona tilimiz bo‘yicha mas’ullar, hokimliklar huzuridagi nomlari uzun tashkilotlar va h.) ushbu «ko‘rsavodlik namunasi»ni yer bilan bitta qilib tuzata olarmikin?»

«Bunday sharmandali holat millatning, xalqning ustidan kulishdan boshqa narsa emas, deb o‘z fikrini izohlarda davom etadi jurnalist. – Aslida shunday e’lonni qo‘yishning o‘zi noqonuniy! Bitta yo‘lcha chetini mashinangizda bossangiz «shtraf» kelyapti telefonimizga! Bunga esa sukut saqlashyapti...»

Maqolani tayyorlash asnosida slideshare.net saytida qiziq ma’lumotlarga duch keldim. Bir paytlar Blendamed tish pastasi o‘zining reklama roliklarini Arab mamlakatlarida namoyish qiladi. Biroq arab alifbosida harflar o‘ngdan chapga qarab yozilishi bois reklama aks ta’sirga sabab bo‘ldi: yuvishdan ilgarigi kasallangan tish surati bilan yuvgandan keyingi sog‘lom tish rasmi teskari ma’no kasb etib, mazkur tish pastasini arab mamlakatidan hech kim xarid qilmay qo‘ydi.

Yoki yana bir misol: «American Airlines» aviakompaniyasi o‘z samolyotlariga charmli o‘rindiqlar o‘rnatishadi. Aviakompaniya bu haqda meksikalik hamkorlariga «Fly in leather» «terida uchgin», deb reklama, e’lon berishdi. Biroq meksikalik hamkasblari ulardan xafa bo‘lishdi. Chunki ular bu iborani «yalang‘och bo‘lib uchgin», deb tushunishgan edi.

Va yana bir shunga o‘xshash hodisa Amerikada bo‘lib o‘tadi. AQShning taniqli avtokonserni «General Motors» Lotin Amerikasi bozoriga o‘zining yangi  «Chevrolet Nova» avtomobilini chiqarayotib jiddiy xatoga yo‘l qo‘ydi. Ya’ni avtomobil nomining ikkinchi qismi «Nova» ispanchadan tarjima qilinganda «qimirlay olmaydi» ma’nosini berarkan...

Maqolaning boshida biz ikkilanayotgan ibora qo‘ymi yoki kuymi kabi xatoliklar aslida juda sharmandali hol. Balki  hamkasbimiz  Anvar Namozov o‘sha postga yozgan mana bu izoh kabidir vaziyat: «Qani xato? Balki kuy-melodiya deyishmoqchidir? Pastdagi rasm qo‘ylar esa ularning muxlislarini anglatar ehtimol? Yana bir faraz: yem-xashak tugagan bo‘lsa, qo‘ylarni aldab, ishtahasini bo‘g‘adigan ohanglar nazarda tutilgandir? Bu ham innovatsion g‘oya, o‘rtoqlar!»

Bu holatni mutasaddilar, mas’ullar albatta nazoratga oladi, deb umid qilamiz. Yo‘qsa kelgusi avlod qo‘yni kuy, kuyni qo‘y deb tushunadi, tasavvur qiling: Kuyni pishiring, qo‘yni tinglang...

                                                                                         Barno Sultonova tayyorladi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring