Qurib borayotgan Kaspiy: dengizni Orol taqdiri kutyaptimi?
Kaspiy dengizi suv sathi so‘ngi 11 yillikda qariyib 1.5 metrga pasaydi. Meteorolog Erkin Abdulahatov ushbu mavzu yuzasidan kichik tahlil e’lon qildi.
Volga daryosining Kaspiyga suv qo‘shish ulushi so‘ngi 100 yildan ortiq kuzatuvlarga ko‘ra, 86 foiz bo‘lib, undan so‘ng Kura, Ural, Terek, Sulak va Atrek daryolari o‘z oqimini dengizga quyadi. Oxirgi yillarda Atrek suvi sug‘orishga sarflangani uchun uning suvi dengizga yetib bormayapti.
Volga daryosining o‘rtacha yillik oqimi 1938-2022-yillar oralig‘ida 238 km kub bo‘lib (O‘zbekistonning yillik suv iste’molidan 4-5 barobar ko‘p qiymat), 1976-1999 yillarda daryoning o‘rtacha yillik suv sarfi 257 km kub ya’ni juda sersuv bo‘lgan.
2011-yilgacha Volganing Kaspiyga suv keltirishi va undagi davriy balansning o‘zgarishi dengiz suv sathining o‘zgarishlariga bir muncha mos tushgan bo‘lsada, ammo, 2011-yildan so‘ng bu muvozanat buzilgan. Masalan, 2013, 2016, 2017 va 2020-yillar Volga dengizga me’yordan ancha ko‘p suvni quygani bilan bir qatorda Kaspiy dengizi sathidagi o‘zgarishlarda ijobiy hodisa ro‘y bermadi. Boshqa yillarda ham Volga daryosining yillik oqimi me’yordan ko‘p cheklanmadi. Kaspiy suv sathi pasayishda davom etaverdi.
Dengiz sathi shu 11 yil ichida 145 santimetrga pasaydi. Ba’zi yillari masalan so‘ngi ikki yillikda dengiz sathi 45 santimetrga pasaygan. Natijada, dengizning shimol va sharqiy qismi ancha sayoz bo‘lgani uchun qirg‘oqdan ichkari tomon katta masofada chekindi.
Turkmaniston uchun muhim dengiz port shahri Turkmanboshida Kaspiy sathining pasayishi bilan ekologik muammolar bo‘rtib chiqdi, portning kemalar qatovi uchun asosiy bazalari dengizdan uzoqlashib qoldi.
Mutaxasislar Volga daryosidagi suv balansidagi o‘zgarish so‘ngi 11 yillikda u qadar katta bo‘lmasada, Kaspiy dengizining bu qadar qurib borishidan taajubda. Va mana shu yerda dunyoda iqlim o‘zgarish omili, Kaspiy akvatoriyasida haddan tashqari yuqori harorat foni, yuqori kuchli bug‘lanish kabi omillar oldingi qatorga chiqmoqda. Va mana shu sabablar dengiz sathini pasaytirmoqda.
Ha, doim ta’kidlab o‘tganimdek, hozirgi iqlim o‘zgarish fonida Orol dengiziga Amudaryo va Sirdaryo daryolari o‘tmishdagi kabi suv quygan taqdirda ham hozirda biz baribir qurib borayotgan Orol dengizini ko‘ratgan bo‘lar edik. Chunki, bizning ko‘z o‘ngimizda Kaspiy dengizida bu voqea yuz bermoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter