Romitanda «Obod mahalla» dasturidan qolib ketgan muammolar yechildi
«O‘g‘lim xuddi o‘zini o‘z oyoqlarida yurgandek his qilayapti. Ko‘chalar asfaltlandi. Tekis va ravon. Qishlog‘imizda uzoq masofali yerosti qazish ishlari boshlangan. Sanoqli kunlarda toza ichimlik suvi ham xonadonimizgacha yetkazilarkan. Nafaqat, oilamiz tashvishlarimiz, balki qishlog‘imiz muammolarini ham o‘rganib, ularning yechimi uchun izlangan «Xabar.uz» jamoasiga, tuman mutasaddilariga minnatdorlik bildiramiz», — deydi 11 yildan buyon to‘shakka mixlangan Nozimjonning onasi Nilufar Saidova.
Yaqinda «Xabar.uz» orqali «11 yildan buyon aravachada mixlangan bola: «Men Vatanni onam kabi sevaman!» sarlavhasi ostida jurnalist surishtiruvi o‘tkazilgan edi.
Maqola e’lon qilingach, tahririyat muxbiri Romitan tumani hokimi Umedjon Barnoyev bilan bog‘lanib, Romitan tumanining Qoqishtuvon mahallasida yashovchi, bolaligida chalingan dard tufayli nogironligi bor 17 yoshli Nozimjon Ro‘zimamatovni qo‘llab-quvvatlash, 2021 yilda «Obod mahalla» dasturiga kiritilgan, biroq, asfaltlanmagan ko‘cha qismlari qolib ketgani, toza ichimlik suvi esa mahallaning ko‘plab xonadonlariga yetkazib berilmagani xususida bildirgan.
Tuman hokimi Umedjon Barnoyev topshirig‘i bilan ushbu muammoni bartaraf etish uchun choralar belgilangan. 3-4 yildan buyon yechimini kutib yotgan qishloq aholisi muammosi bir necha kun ichida yechim topgan.
«Ayrim mas’ullarning e’tiborsizligi sabab «Obod mahalla» dasturidan «qolib» ketgan ushbu muammoni o‘rtaga olib chiqqan jurnalistlarimizga ham minnatdorlik bildiramiz. Kamchilik va og‘riqli masalalar dadil olib chiqilgan. Romitan tuman yo‘llardan foydalanish unitar korxonasi tomonidan qishloq ko‘chalarining qolgan qismlari to‘liq asfaltlandi. «Buxoro suv ta’minoti» MChJ Romitan tumani filiali tomonidan esa toza ichimlik suvi olib kirish uchun 120 metrli masofada qazish ishlari olib borilib, suv quvurlari yotqizildi. Ayni paytda quvurlarni sozlash, ulash va ta’mirlash ishlari davom etmoqda. Ushbu ishlar yakunlangach, qoqishtuvonliklar toza ichimlik suvidan bahramand bo‘lishadi», — dedi Romitan tumani hokimi axborot xizmati rahbari Islom Sattorov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter