Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Samarqanddagi mahallada biryo‘la o‘nta «Oltin to‘y» nishonlandi

Samarqanddagi mahallada biryo‘la o‘nta «Oltin to‘y» nishonlandi

Foto: Xabar.uz

Samarqand shahridagi Bog‘imaydon mahallasida 50-65 yil davomida birga baxtli hayot kechirayotgan 10 ta juftlikning oltin to‘ylari o‘tkazildi.

Mahalla markazi bezatilgan hovlisiga kirib borar ekansiz, o‘ziga xos shukuhni his qilasiz. To‘rda tadbir sababchilari – nuroniy qariyalar o‘tirishibdi. Ularni qutlash uchun uzoq-yaqindan kelgan mehmonlar, mahallaning yoshu kayvonisi hurmat-ehtirom bilan kutib olinayapti.   

Odatda, oilaning 55 yilligini – «zumrad to‘y», 60 yilligini – «olmos yoki brilliant to‘y», 65 yilligini esa – «temir to‘y» deb nomlashadi. Mahalla faollarining aytishlaricha, oltin to‘yni nishonlayotgan otaxon-onaxonlarning ko‘pchiligi vaqtida ana shu sanani nishonlamagan. «Shu sababli tadbirimizni umumiylashtirgan holda «oltin to‘y» deb atadik» deyishdi.

Lekin, tadbirning mohiyati bundan kengroq.

– Hozirda oilaviy ajrimlar ko‘payib ketayotgan bir vaqtda og‘ir sharoitga qaramasdan kamida yarim asr davomida birga hamjihatlikda yashab kelayotgan nuroniy otaxon va onaxonlar hayotini ibrat bo‘lishini inobatga oldik. Bunday tadbirlar yoshlar uchun tarbiya maktabi bo‘lishiga umid bog‘ladik, – deydi «Bog‘imaydon» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, jurnalist Toshpo‘lat Rahmatullayev.

Tashabbus viloyat va shahar hokimliklari tomonidan quvvatlangan. Juftliklarni qutlaganlar orasida hokimliklar, Nuroniylar kengashi, Respublika Ma’naviyat va Ma’rifat markazi shahar bo‘linmasi va qator boshqa tashkilotlar vakillari bor edi. Shuningdek, Samarqand shahar FXDYo bo‘limidan berilgan ramziy guvohnoma, mahalladagi 60-umumta’lim maktabi o‘quvchilarining tabrigi o‘ziga xos bo‘ldi. «Oltin to‘y»da xonanda Erkin Qaytarov boshchiligidagi san’atkorlar guruhi davraga fayz bag‘ishladi.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring