Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Savol bormi? Bemalol

Savol bormi? Bemalol

Foto: «Pharmedu.ru»

Savol: Navoiy shahrida yashayman. Rossiyada tahsil olganman, ma’lumotim oliy. Diplomimni nostrifikatsiya qilish uchun davlat xizmatlari markazi orqali murojaat qilish kerakligini bilaman. Ammo, bu xizmat faqat Zarafshon DXMda amalga oshirilar ekan. Qanday hujjatlar kerak. Qancha vaqt mobaynida murojaatimga javob olaman?

Elmira G‘aniyeva

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 11-apreldagi «Davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini jadal rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PQ-3662-sonli qaroriga asosan 2018 yilning 1-iyunidan respublikaning 14 ta tuman (shahar)larida, ya’ni Navoiy viloyati bo‘yicha Zarafshon shahrida tajriba tariqasida 70-100 turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilishi belgilangan. Tajriba tariqasida ko‘rsatilayotgan davlat xizmatlari orasida «Xorijiy davlatlarda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjatlarni nostrifikatsiyalash (ekvivalentligini qayd etish)» xizmat turi ham mavjud. Sizga markaz orqali ushbu xizmatdan foydalanish uchun quyidagi hujjatlar talab etiladi. 

  • xorijiy davlatda ta’lim olganlik to‘g‘risidagi hujjat va uning ilovasi nusxasi hamda ularning O‘zbekiston Respublikasi davlat tiliga notarial tasdiqlangan to‘liq tarjimasi.
  • arizani ko‘rib chiqish uchun eng kam oylik ish xaqining 2 barobari miqdorida yig‘im.

Talabgorning anketasi Davlat xizmatlari markazi xodimi tomonidan to‘ldirilib, 20 daqiqa ichida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasiga yuboriladi. Davlat inspeksiyasi anketa tushgan kundan boshlab, 15 kun ichida ekspert xulosasini rasmiylashtiradi va yuboradi.

Alisher Ishanqulov,
Zarafshon shahar davlat xizmatlari markazi direktori

***

Savol: YaTTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun qancha vaqt ketadi? Deylik 10-odam bo‘lib navbatda turibman. Yakka tadbirkorga mehnat daftarchasi, jamg‘arilib boriladigan pensiya daftarchasi ochiladimi?

Abdunabi Rahimov

Javob: YaTTni Davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-sonli qaroriga asosan Davlat ro‘yxatdan o‘tkazish 30 daqiqa, ya’ni yarim soat qilib belgilab qo‘yilgan. Lekin bugungi kundagi imkoniyatlardan kelib chiqqan holda YaTTni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish jarayonini 15-20 daqiqaga qolmasdan bajarish imkoniyatiga egamiz. Eng yaxshi taklifimiz esa, mabodo, vaqtingiz tig‘iz bo‘lsa, markazda yo‘lga qo‘yilgan navbatsiz ko‘rsatiladigan xizmatdan foydalanishingiz mumkin. Faqat bu xizmat pullik. Navbatsiz davlat xizmatlari ko‘rsatilishi eng kam oylik ish haqining 30 foizi (60819 so‘m) miqdorida belgilangan. To‘lovdan so‘ng sizga alohida xodim navbatsiz xizmat ko‘rsatadi. Agar pullik xizmatdan foydalanish imkoniyati bo‘lmasa, deylik, o‘ninchi bo‘lib navbatda turgan bo‘lsangiz, taxminan 1 soatlardan sal ko‘proq vaqtda navbatingiz keladi.

Abduxolis Rasulov,
Nurota tuman davlat xizmatlari markazi mutaxassisi

***

Savol: Navbahor tumanida yashayman. Navoiy shahrida taksichilik qilaman. Farzandimni Navoiy shahridagi bog‘chalarga joylashtirish uchun navbatga qo‘ydim. Bunga ham 9 oy bo‘lib qoldi. Ammo hali beri navbati kelmayapti. Bilishimcha, ro‘yxat navbati juda uzun. Tumanda-ku bog‘cha kam, tushunsa bo‘ladi. Endi shaharda ham shu ahvol bo‘lsa, bu muammoga yechim bormi?

Qurbonali Navro‘zov

Javob: Navoiy shahrida jami 34 ta maktabgacha ta’lim muassasasi mavjud bo‘lib, har biri o‘rtacha 250 o‘ringa mo‘ljallangan. Tahlillarimiz natijasida ma’lum bo‘ldiki, mazkur murojaatlar Navoiy shahar aholisidan tashqari 30 foizi tumanlar va qo‘shni viloyatlarga to‘g‘ri keladi. Boisi, ko‘p ota-onalar Navoiy shahrida ishlaydi. Jumladan siz ham. Joriy yilning 27-mart sanasi bilan Navoiy shahar DXMga 9294 ta murojaat bo‘lgan. Navoiy shahrida esa MTMlarda taxminan 8300 dan ortiq bolalarni bog‘chaga qabul qilish imkoniyati bor.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Bolalarni davlat maktabgacha ta’lim muassasalariga qabul qilish bo‘yicha davlat xizmatlari ko‘rsatishning ma’muriy reglamentini tasdiqlash to‘g‘risida»gi 244-son qarori bilan tasdiqlangan ma’muriy reglamentning 18-bandiga muvofiq imtiyozga ega bo‘lgan murojaatchilarning farzandlari birinchi navbatda joylashtiriladi.

Sobir Kamolov,
Navoiy shahar davlat xizmatlari markazi bosh mutaxassisi

***

Savol: Navoiy shahridagi buyum bozorida savdo qilaman. Yakka tadbirkor sifatida bundan 7 oy muqaddam ro‘yxatdan o‘tganman. Ammo, hujjatimda faoliyatimni nooziq-ovqat savdo turi bilan shug‘ullanish uchun deb ko‘rsatilgan. Menga DXM xodimlari qaytadan ro‘yxatdan o‘tishni maslahat berishmoqda. Oziq va nooziq ovqat turlari uchun deb oling deyishayapti. Nega?

G‘olib Umrzoqov

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida» gi 2011-yil 7-yanvardagi 6-son qaroriga kiritilgan o‘zgarishlarga ko‘ra, nooziq-ovqat tovarlari bilan chakana savdo qilish faoliyat turi bekor qilingan. Shu boisdan, Sizga DXM xodimlari to‘g‘ri maslahat berishgan. Yo‘qsa, faoliyatingiz noqonuniy bo‘lib, guvohnomasiz faoliyat yuritgan hisoblanasiz.

Anvar Safarov,
Navoiy shahar davlat xizmatlari markazi direktori

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring