Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Saxovat» va «Muruvvat» uylarida bir kun...

«Saxovat» va «Muruvvat» uylarida bir kun...

Bemor bilan muloqot qilish, parvarishlash har bir mutaxassisdan katta mas’uliyat talab qiladi. Agar bemor nogiron bo‘lsachi, agar bemorning xatti-harakatlari o‘ziga bo‘ysunmasachi, yurak xurujidan keyin tildan qolgan bo‘lsachi, u tug‘ma nogiron, hatto o‘zining harakatlari uchun javob berolmasachi?

Yaqinda «Tibbiy-ijtimoiy muassasalarda nogironligi bo‘lgan shaxslarga xizmat ko‘rsatishning holati va kelajakdagi rejalar» mavzuida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun Toshkent viloyatidagi tibbiy-ijtimoiy muassasalarga press-tur tashkil qilindi. Shu tashrif asnosida shifokorlarning jonkuyarligi va shart-sharoit nechog‘liq muhim ekanligini anglab yetdik.

«Bir so‘z va kichkina harakat biz uchun katta yutuq»

Toshkent viloyati «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni reabilitatsiya qilish va protezlash markazi» Angren shahriga kiraverishda shundoqqina yo‘l chetida joylashgan. Bu yerga ilk insultdan keyin «tuzalarmikanman», degan umidsiz o‘yda kelganlardan tortib o‘n yillab qatnab muolaja olayotganlar bor.

Ergash Haqnazarov, shifokor: – Dastlab kelganida aravachada, keyin qo‘liqtayoqda va nihoyat yurib ketgan bemorlarimiz bor.  Boshida ular juda asabiy yoki tushkun kayfiyatda bo‘ladi. Tasavvur qiling, kechagina yelib-yugurib yurgan odamning birdan oyoqlari, qo‘llari o‘ziga bo‘ysunmay qo‘yishini. Tasavvur qiling, hattoki, «ona» yoki «bolam» degan so‘zni aytishi uchun tillari aylanmasligini. Keyinchalik ular bu yerdagi tuzalayotganlarni ko‘rib umidlanishadi.  «Insultdan keyin reabilitayasiya» degan maqolamda yozganman, ya’ni bemor insultni boshidan o‘tkazgach, tezda reabilitatsiya qilinishi va muolaja olishi lozim. Masalan, Yevropada shunday, Amerikada shunday, bizda esa mana ijtimoiy markaz agentligi tashkil qilindi, ishonamizki, bundan keyin bemorlarimiz odatdagidan tezroq tuzaladilar. Bular uchun sharoit yaratilmasa bari bekor. Ular uchun ataylab hovliyu xonalarni gullar bilan bezaymiz, kayfiyati ko‘tarilsin, tezroq tuzalsin deymiz...

Massaj xonasida bemorlar qo‘l harakatlarini tiklash mashqlarini olib borishmoqda.

 – Chilla, ayni saratonda  ikki kishining ishini qilganman, tepaga og‘ir-og‘ir g‘ishtlarni otish natijasida boshim aylanib yiqilganman, – deydi bemorlardan biri, 58 yoshli Shahram Haydarov. – Sakkiz  yil bo‘ldi, shu yerga qatnayman. Qarang, mana atak-chechak qilib yura boshladim.

Shahram aka quvonib mayda qadamlar bilan yura olayotganidan faxrlanadi, quvonchiga biz ham sherik bo‘lishimizni istaydi.

Ha, bu yerda har bir bemorning kasallik tarixi mavjud. Anglashiladiki, ko‘pchilik og‘ir mehnat, vaqtida o‘z sog‘lig‘iga e’tibor bermaslik, vaqtida dam olmaslik tufayli insultni boshidan o‘tkazganlar.

– Men asli Toshkentda yashayman, – deydi Islom ota Hasanov. – 76 yoshdaman, uzoq yillar qurilishda ishlaganman. Ammo shaharga emas, mana shu markazga davolanishga kelaman. Chunki farqi bor. Bu yerda jamoa yaxshi, muomala, muolaja yaxshi, kelgan paytim yotoq holatda edim, keyin kolyaskaga o‘tdim, shifokorlarning, hamshiralarning xatti-harakatlari bilan davolanganimdan so‘ng hassasiz yura boshlayman. Charchab qolsam, davolanishga ehtiyoj sezsam yana hassaga tayanaman, bu yerda davolanib ketgach yana hassamni uloqtiraman... Aytgancha, bu yerda nafaqat biror kasallikdan keyin nogironlikni orttirgan, balki muhtoj fuqarolarni protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan ta’minlashda ham anchagina xayrli ishlar amalga oshirilgan.

Xabaringiz bor, bundan ropp-rosa bir yil oldin prezidentimizning bir qator qaror va farmonlari ijrosi o‘laroq Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligi negizida O‘zbekiston Respublikasi Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda – Agentlik) qayta tashkil etilgandi. Agentlik keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj boshqa toifalariga tibbiy-ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida vakolatli davlat boshqaruvi organi sifatida mana bir yildirki «Saxovat» va «Muruvvat»  internat uylarida sezilarli o‘zgarishlar ko‘zga tashlanmoqda. Ularning moddiy-texnika bazasi va moddiy ta’minoti darajasi ortdi, muassasalardagi ma’naviy muhit insonparvarlik, mehribonlik, hayotga shukronalik his-tuyg‘ulari bilan singdirildi. Muassasalardagi mavjud shart-sharoitlarni yanada yaxshilash, qo‘shimcha bino qurish, mukammal ta’mirlash, nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ko‘tarish platformalari bilan jihozlash, kutubxonalarni tashkil etish va ular fondini boyitish yuzasidan mahalliy budjetlar hisobidan 14,0 mlrd. so‘m mablag‘ sarflandi. Nogironligi bo‘lgan bolalar va kattalarda mustaqil yurish funksiyalarini qayta tiklash uchun zamonaviy ekzoskelet uskunalari xarid qilindi.

«Ko‘zi ojiz bolalar va kattalarga ovozli termometr, ovozli tonometr, Brayl alifbosi bo‘yicha yozuv moslamalarini hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarni og‘ir va favqulodda vaziyatlarga tushganda ularga tezkor yordam ko‘rsatish haqida xabar berish maxsus funksiyaga ega «Aqlli soat»larni xarid qilish va muhtoj shaxslarga yetkazib beriladi, – deydi Toshkent viloyat Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish boshqarmasi boshlig‘i Hotam  Mirzajonov...

Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, dunyoda 1,1 mlrd. nafar «katta avlod» vakillari hamda 1,0 mlrd. – nogironligi bo‘lgan shaxslar bor.  O‘zbekistonda esa «katta avlod» vakillarining soni 3,0 mln. dan ortiq, nogironligi bo‘lgan shaxslarning soni esa, qariyb 1,0 mln. nafarni tashkil qiladi.

 9,0 ming nafardan ortiq yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslar «Muruvvat» va «Saxovat»  uylarida davlat tomonidan to‘liq ta’minotga olinib, ularga statsionar sharoitda tibbiy-ijtimoiy, maishiy va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatilmoqda.

Ana shunday uylardan biri Ohangaron saxovat uyidamiz.

«Baribir o‘z uyim bo‘lgani yaxshi»

– Men Sirdaryodan kelib qolganman, besh oy bo‘ldi, – deydi 62 yoshli Furqat aka Tojiboyev. – Sharoitlar juda yaxshi, ammo bir xonaligina uyim bo‘lganida bu yerda yashamasdim.

Yaqinlaringiz-chi?

– Yaqinlarim ko‘o‘o‘o‘p. Oilam yo‘q. Pul ishlab topgan paytim oilamga kerak edim, oyoq-qo‘lim ishlamay yotib qolganimdan keyin ajrashdim. Hokimiyatga bir necha marta ariza yozdim uy masalasida, ammo menga uy berishmadi. Ishga yaroqliman, men hatto ishlay olaman. «Vatanparvar»da bir paytlar instruktor bo‘lib ishlaganman. Armiyada oyoqlarimni sovuq oldirganman, o‘shaning asorati endi chiqib kelayapti...

– Mana shu yerda men baxtimni topdim, – deydi ohangaronlik Petr Bugrov. – Sirdaryolik Naziraxon bilan turmush qurdim. Turmush o‘rtog‘im turolmaydi, men unga qarayman, u juda yaxshi she’rlar yozadi, juda ko‘p kitob o‘qiydi. Agar mabodo farzandimiz tug‘ilsa bizga uy berisharkan. Alohida uyimiz bo‘lsa, bir oila bo‘lsak undan ham yaxshi...

– Men o‘zim xohlab kelganman, – deydi 76 yoshli Roziya buvi. – Mana mening qizlarim, mana sizlar ko‘rishga keldilaringiz, sizlar mening bolalarimsiz. Bu yerda juda yaxshi qarashadi. Qarindoshlarim gap-so‘z qiladi, o‘zimiz qaraymiz, deyishdi, lekin o‘zimga o‘xshagan odamlar yoniga o‘zim xohlab keldim. Ularning vaqti yo‘q, men ularga og‘irligim tushishini xohlamayman. Men tug‘ruqxonada hamshira bo‘lib ishlganaman, ehhe qanchadan-qancha bolalarni dunyoga keltirganman. O‘zimning lekin farzandlarim yo‘q.

Hamshira Dilfuza Jo‘raxonova: – Bu yerdagi otaxonu onaxonlarning shukronaligi ko‘proq. Injiqlik ham qilaverishmaydi. Ularga nafaqat dori-darmon yoki muolaja, balki suhbatlashib o‘tiradigan odam ham kerak. Biz ularni eshitamiz, xotiralarini, baxtli damlarini biz bilan bo‘lishadi, hatto oila qurib baxtli bo‘lganlari ham bor.

Umrlarining so‘ngi bekati shu yer

Uchinchi tashrifimiz «Ohangaron nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun erkaklar muruvvat uyi». Ular hatto o‘z xatti-harakatlariga javob berolmaydi. Ular 397 nafar, muruvvat uyida bo‘sh joy yo‘q, navbatda turganlar ham bisyor ekan. Ular 18 yoshdan toki umrining oxirigacha shu yerda qolishadi. Agar qarindoshlari tomonidan o‘z xohishlariga binoan olib ketilmasa. Biz Bahrom Orolovdan bunday nogironligi bor shaxslar oldingiga nisbatan ko‘p yoki kamligiga qiziqdik.

«Avvalo ekologiya, keyin esa ota yoki onaning giyohvand moddalarga  ruju qo‘yishi va yaqin qarindoshlarning quda bo‘lishi tufayli ko‘paygani rost», deb javob berdi.

Ha, ular uchun shart-sharoitlar a’lo darajada, ayni paytda ta’mirlash ishlari ketmoqda ekan. Shu yerda ishlayotgan ustalarning aytishicha, ko‘p narsalar kompyuter orqali amalga oshirilarkan. Masalan, rozetkalar qo‘yilmagan. Chunki o‘z xatti-harakatiga javob berolmaydigan odamlar uchun elektrdan noo‘rin foydalanish xavfi yuqori ekan. 

Hamshiralardan bu yerdagilarga qarash qiyinmasmi, ishlay olmay ketib qolganlar ham bormi, degan savolimizga «ha ketib qolganlar ham bor, lekin biz ularga mas’ulmiz. Mana aynan shunday bemorlarga qaraydiganlarning oyligi ko‘tarildi, demak mehnatimizga yarasha haq olamiz va insoniylik yuzasidan biz bularga mas’ulmiz. To‘g‘ri, bular orasida o‘z xatti-harakatilariga javob bera olmaydigan bemorlar ham bor. Ularga muolaja tayinlanadi, shifokorlar ular bilan ishlaydi»...

Aytgancha, «Saxovat» va «Muruvvat» uylari hamda Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatining rahbar va shifokorlar oylik lavozim maoshi 1,5 barobarga, o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari oylik lavozim maoshi 2 barobarga oshirilgan.

Biz press-tur doirasida turli taqdir egalari bilan uchrashdik, kuchli odamlarni ko‘rdik, umidsizlikdan qayta dunyoga kelganlar bilan suhbatlashdik. Yaratilgan shart-sharoitlar, ko‘rsatilayotgan mehribonlikning guvohi bo‘ldik. Bunday saxovat va muruvvat uylarining kamayishini, sog‘lom va baxti butun odamlar ko‘payishini chin dildan istadik. Aslida shifokorlar – najot farishtalarining tilagi ham mana shu.

Barno Sultonova

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring