Foydalanuvchilar huquqlariga oid qonunga qanday o‘zgarishlar kiritildi? Bu nima beradi?

Internet rivojlanayotgani sayin unda yangidan yangi munosabatlar paydo bo‘layotganini kuzatmoqdamiz. Albatta, bu yangi imkoniyatlar, yengilliklar taqdim etishi bilan e’tiborga loyiq. Ammo, bu jarayon, o‘z navbatida, davlat oldiga jamiyatda axborot xavfsizligini kuchaytirish bilan bog‘liq vazifalarni ham dolzarblashtirmoqda. Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasida raqamli texnologiyalar rivojlanishi bilan fuqarolarning onlayn platformadagi huquqlarini ta’minlash borasida muhim qonunchilik tashabbuslari amalga oshirilayotganligini olqishlash kerak.
“Onlayn platformalar va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi yangi qonun loyihasi onlayn media makonda iste’molchilar huquqlarini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan.
Raqamli muloqot rivoji xalq tilida ham yangi atamalarni, yangi tushuncha va yangi sub’yektlar paydo bo‘lishini yuzaga keltiradi. Ammo normativ-huquqiy hujjatlarda ularning huquq va majburiyatlari belgilanmaganligi qonunbuzilishi holatlariga zamin yaratishini ham unutmaslik kerak. Qonun to‘g‘risida fikr yuritishdan avval, unda keltirilgan asosiy tushunchalar mohiyatini anglab olish foydali.
Qonun loyihasida “Onlayn-platforma” tushunchasiga atroflicha tushuntirish berilgan. Qisqacha aytganda, “onlayn-platforma” – foydalanuvchilar tomonidan kontentni qabul qilish, ishlab chiqarish, joylashtirish va tarqatish uchun mo‘ljallangan hamda Internet tarmog‘ida ishlaydigan axborot tizimi yoki tezkor xabarlar almashish servisi hisoblanadi.
Onlayn-platforma tizimida “onlayn-platformaning mulkdori” muhim o‘rin tutib, bu platformaga nisbatan mulk huquqiga ega bo‘lgan shaxs hisoblanadi. Mulkdor sifatida u o‘z platformasining faoliyati va xavfsizligi uchun javobgar hisoblanadi.
Shuningdek, qonun loyihasida “onlayn-platformaning foydalanuvchisi” tushunchasi ham kiritilgan - bu platformada o‘zi haqidagi ma’lumotlarni ro‘yxatdan o‘tkazgan va identifikatsiyadan o‘tgan jismoniy yoki yuridik shaxsdir. Foydalanuvchi platformada kontent yaratish va uni boshqarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Qonunda “kontent” tushunchasi ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu onlayn-platforma foydalanuvchisi yoki veb-sayt egasi tomonidan joylashtirilgan, ishlab chiqarilgan va tarqatilgan turli ko‘rinishdagi ma’lumotlar hisoblanadi. Kontent o‘z ichiga matnlar, tasvirlar, audio va video materiallarni oladi. Kontentning huquqiy maqomini belgilash orqali, qonun uning tarqatilishi va iste’mol qilinishi jarayonlarini tartibga solishga harakat qiladi.
Kontentni boshqaruvida “ommaviy hamjamiyatning moderatori” tushunchasi ham kiritilmoqda. Bu onlayn-platforma mulkdori yoki foydalanuvchisi bo‘lib, ommaviy hamjamiyatda joylashtiriladigan kontentni joylash, o‘chirish yoki tahrirlash huquqiga ega shaxs. Moderatorlar kontentning sifati va qonuniy me’yorlarga mosligini ta’minlashi nazarda tutilmoqda.
Qonunda “inflyuencyer” tushunchasi alohida ajratib ko‘rsatilgan. Bu onlayn-platformadagi o‘z akkauntida yoki ommaviy hamjamiyatda yigirma mingdan ortiq obunachiga ega bo‘lgan bloger hisoblanadi. Inflyuencyerlarni alohida toifaga ajratish ularning jamoatchilik fikrini shakllantirishdagi ta’sirini tan olish va shu bilan birga, ularga ma’lum mas’uliyat yuklashga qaratilgan. Inflyuencyerlar uchun maxsus huquqiy talablar belgilanishi kutilmoqda, chunki ular ko‘p sonli auditoriyaga ta’sir ko‘rsata olishi barchaga ma’lum.
Qonunda xavfsizlik tahdidlariga alohida e’tibor qaratilgan bo‘lib, mamlakatimiz qonunchiligida “Spam resurs” atamasiga ta’rif berilmoqda. “Spam resurs” – oluvchining roziligisiz reklama, aldov yo‘li bilan moliyaviy operatsiyalarga majbur qiladigan havolalar, zararli dasturlar yoki boshqa nomaqbul materiallarni tarqatuvchi axborot resursidir. Spam resurslarga qarshi kurashish foydalanuvchilarning noxush kontentdan himoyalanish huquqini ta’minlashga qaratilgan.
So‘nggi paytlarda onlayn platformalarda keng tarqalayotgan harakatlarga ham ta’rif berilgan. Jumladan, loyihada “Fishing resursi” tushunchasi ham kiritilgan bo‘lib, – bu rasmiy veb-sayt, ilova yoki platformalar shaklini takrorlash orqali foydalanuvchilarni chalg‘itadigan va ularning shaxsiy ma’lumotlari, to‘lov rekvizitlari va boshqa ma’lumotlarini noqonuniy olish uchun yaratilgan resursdir.
“Onlayn platformalar va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi Internet tarmog‘ida foydalanuvchilarning huquqlarini ta’minlashga qaratilgan. Mazkur qonun orqali foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari himoyasi, spam va fishingdan himoyalanish hamda insofli mazmundagi axborotni olish huquqlarining amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. Bu qonun fuqarolarning raqamli huquqlarini ta’minlash borasida muhim qadam bo‘ladi.
Qonun loyihasi onlayn-platformalarga nisbatan ham ma’lum talablarni belgilaydi. Ushbu talablar platforma mulkdorlarining o‘z foydalanuvchilari oldida mas’uliyatini oshirishga, kontentni moderatsiya qilish jarayonini tartibga solishga va foydalanuvchilar huquqlarining buzilishi holatlarida himoya mexanizmlarini ta’minlashga qaratilgan. Bu esa onlayn fazoda tartibni saqlash va foydalanuvchilar huquqlarining samarali himoyasiga imkon yaratadi.
Qonun raqamli platformalar o‘rtasida adolatli raqobatni ham tartibga soladi. O‘zbekiston Respublikasining “Raqobat to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq ravishda, raqamli platforma operatorining ustun mavqeini aniqlash va e’tirof etish mexanizmlarini belgilash orqali raqamli bozorda raqobatni saqlash imkonini beradi. Bu esa foydalanuvchilarga ko‘proq xizmat va kontent tanlash imkoniyatini yaratadi.
“Onlayn platformalar va veb-saytlar foydalanuvchilarining huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi mamlakatimizda raqamli texnologiyalar sohasidagi huquqiy tartibga solishning muhim bosqichi hisoblanadi. Taklif etilayotgan yangi tushunchalar zamonaviy texnologik voqelik va tendensiyalarni aks ettiradi. Bu qonun orqali foydalanuvchilarning xavfsizligini ta’minlash, ularning huquqlarini himoya qilish va raqamli fazoda adolatli munosabatlarni shakllantirish ko‘zda tutilgan.
Qonun loyihasida kiritilayotgan tushunchalar raqamli platformalar tizimida operatorlar va foydalanuvchilarning roli va javobgarligini aniq belgilab beradi. Bu esa, o‘z navbatida, raqamli muhitda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan muammolarni hal qilish uchun huquqiy asos yaratadi. Xususan, spam va fishing kabi tahdidlarga qarshi kurashish, inflyuenserlarning javobgarligini belgilash, shuningdek, foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari himoyasini ta’minlash mexanizmlari shakllantiriladi.
Qonun loyihasining bugungi kunda joriy etilishi kelgusi yillarda raqamli sohaning huquqiy asoslarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Kelajakda chet el tajribasini o‘rganish va ichki tajribalarni umumlashtirish orqali qonunchilikni yanada takomillashtirish mumkin bo‘ladi. Bunda foydalanuvchilar va platforma egalarining manfaatlari o‘rtasida muvozanatni saqlash, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va shu bilan birga xavfsizlikni ta’minlash muhim o‘rin tutadi.
Eng muhimi esa, qonun loyihasi qabul qilingach, uning amaliyotga tatbiq etilishi hisoblanadi. Zero, qonun ijrosi bilangina chinakam ahamiyat kasb etadi. Bu masalada davlat mas’ul tashkilotlari bilan bir qatorda jamoatchilik ham o‘z faolligini ko‘rsatishi maqsadga muvofiq.
Ulug‘bek Kurbanbayev,
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi
bo‘lim boshlig‘i
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter