Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Senat tomonidan turli yo‘nalishlarda 50 dan ortiq senator so‘rovlari yuborilgan

Senat tomonidan turli yo‘nalishlarda 50 dan ortiq senator so‘rovlari yuborilgan

Foto: Oliy Majlis Senati

Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasining joriy yil birinchi yarim yilligidagi faoliyati yakunlariga va kelgusidagi ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, birinchi yarim yillikda Qo‘mita tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati to‘g‘risida»gi va «Ekstremizmga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunlar Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqish uchun tayyorlandi. Mazkur qonunlar O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy tuzumini, hududiy yaxlitligini himoya qilish, shaxs, jamiyat va davlatning ekstremizmdan xavfsizligini ta’minlash, fuqarolar tinchligini, millatlar va dinlararo totuvlikni saqlashga qaratilgan.

Qo‘mitaning ish rejasiga muvofiq «Umumiy harbiy majburiyat va harbiy xizmat to‘g‘risida»gi Qonunning safarbarlik chaqiruvi rezervidagi harbiy xizmatga oid qismi ijrosi hamda yoshlarning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarligi holati o‘rganib chiqildi. O‘rganish yakunlari bo‘yicha safarbarlik chaqiruvi rezervidagi xizmatga oid qonun hujjatlarining ijro etilishi hamda yoshlarning chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarligi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziriga parlament so‘rovi yuborildi.

Qabul qilinayotgan qonunlar mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga keng tushuntirish, fuqarolarni davlat dasturlarini ijro etish doirasida olib borilayotgan tadbirlardan televideniye, radio va davriy matbuot oqrali xabardor qilish maqsadida senatorlarning 860 dan ortiq chiqishi uyushtirildi, Senatda va joylarda 7224 nafar fuqaro qabul qilindi.

Saylovchilarni tashvishga solayotgan muammolarni chuqur o‘rganish va ularni hal etish yuzasidan zarur choralar ko‘rish maqsadida Qo‘mita a’zolari saylovchilar bilan 238 ta uchrashuv o‘tkazdilar.

Qo‘mitaga yuridik va jismoniy shaxslardan 4030 ta murojaat kelib tushdi hamda aniqlangan masalalarni hal etish maqsadida davlat hokimiyati va boshqaruvi organlariga 50 dan ortiq senator so‘rovi yuborildi. Masalan, Toshkent metropolitenida foto- va videotasvirga tushirish masalasiga aniqlik kiritilmagan edi. «O‘zbekturizm» vakillari ommaviy axborot vositalariga bergan intervyularida metroda foto- va videotasvirga olish mumkinligini bildirgan bo‘lsalar, fuqarolar va jurnalistlar bunga e’tiroz bildirib, o‘z noroziligi va tanqidini yashirmadilar. Shu munosabat bilan Qo‘mita tomonidan joriy yilning 28 may kuni «Toshkent metropoliteni» davlat unitar korxonasiga bu masalaga oydinlik kiritish maqsadida senator so‘rovi yuborildi. Natijada Toshkent metropoliteni rahbariyati Metropolitendan foydalanish qoidalariga o‘zgartirish kiritilishi va metroda foto- va videotasvirga olishga rasman ruxsat berilishi haqida buyruq chiqardi.

Yoki boshqa misol. Ishga joylashishda yoki o‘quv yurtiga kirishda, pensiya tayinlashda, pasport berishda va boshqa vaziyatlarda davlat organlari fuqarolardan harbiy guvohnoma yoki chaqiruv uchastkasida qayd etilganlik to‘g‘risidagi guvohnomadan tashqari harbiy majburiyatga taalluqli boshqa hujjatlarni talab qilishi bilan bog‘liq huquqni qo‘llash amaliyoti Qo‘mita tomonidan o‘rganildi.

Qo‘mita tomonidan ushbu masalani o‘rganish natijasida bu borada bir qator muammolar borligi, jumladan qonun hujjatlarida tafovutlar mavjudligi va me’yoriy hujjat normalari turlicha talqin qilinishi, fuqarolardan qonunchilikda nazarda tutilmagan hujjatlar va ma’lumotnomalar talab qilinishi aniqlandi. Bularning barchasi fuqarolarning noroziligiga sabab bo‘lmoqda, ko‘p sonli sansalarlik to‘siqlar paydo bo‘lishiga, behuda vaqt sarflanishiga, щz mansaini suiiste’mol qilishga va turli yo‘llar bilan qonun buzilishiga sharoit yaratmoqda.

Shu tufayli Qo‘mita harbiy guvohnoma yoki chaqiruv guvohnomasi mavjud bo‘lsa, fuqarolardan harbiy xizmatga taalluqli boshqa hujjat va ma’lumotlarni taqdim etish talabini bekor qilish hamda bunday xizmatni Davlat xizmatlari agentligi tomonidan ko‘rsatish masalasi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga senator so‘rovi yubordi. Vazirlar Mahkamasi Qo‘mitaning bu tashabbusini qo‘llab-quvvatladi va 2019-yil 1-yanvardan e’tiboran bu ma’lumotlar Davlat xizmatlari agentligi tomonidan taqdim etilishini rejalashtirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring