Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shavkat Mirziyoyev yangi qaror loyihasi tayyorlanayotgani haqida gapirdi

Shavkat Mirziyoyev yangi qaror loyihasi tayyorlanayotgani haqida gapirdi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezidentlikka nomzod Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyati ahli bilan uchrashuv vaqtida buyuk shoir Usmon Nosir shaxsiga to‘xtaldi.

— Namangandan yetishib chiqqan yorqin iste’dod egalari haqida gapirganda, adabiyotimizga chaqmoqdek kirib kelgan otashin shoir Usmon  Nosir siymosi ham ko‘z o‘ngimizda namoyon bo‘ladi.

G‘oyat qisqa – bor-yo‘g‘i o‘n yillik ijodiy faoliyati davomida shoirning  5 ta she’riy kitobi, 2 ta dostoni va bir qator dramatik asarlari nashr etilgani, dramalari sahnaga qo‘yilgani, uning Pushkin, Lermontovning  mashhur dostonlarini o‘zbek tiliga ulkan mahorat bilan tarjima qilgani sizlarga ma’lum albatta.

Usmon Nosir ayni ijodiy kuch-quvvatga to‘lgan 25 yoshida qamalib, qatag‘on qilindi. Chunki mustabid tuzum bunday millatparvar, vatanparvar insonlarni o‘zining eng ashaddiy dushmani, deb hisoblar edi.

Shuning uchun ham, shoir umrini qamoqxonalarda azob-uqubatda o‘tkazib, 1944 yili 32 yoshida vafot etadi.

Usmon Nosir bir she’rida: «Bargdek uzilib ketsam, unutmas meni bog‘im», deb yozgan edi. 

Albatta, u «bog‘» deganda, jonajon Vatanini, bag‘rikeng xalqimizni nazarda tutganini anglash qiyin emas.

Kelgusi yili yurtimizda Usmon Nosir tavalludining 110 yilligini munosib nishonlash maqsadida, Prezident qarori loyihasi tayyorlanmoqda.

Shu munosabat bilan Usmon Nosirning hayoti va ijodini yanada  kengroq o‘rganish, asarlarini nashr qilish, jumladan, poytaxtimizdagi  Adiblar xiyobonida haykalini hamda Rossiyaning Kemerovo o‘lkasidagi shoir dafn etilgan maskanda yodgorlik o‘rnatish ko‘zda tutilmoqda, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring