Shavkat Mirziyoyev Yaponiya xalqaro hamkorlik banki boshqaruvchisini qabul qildi
Mazkur yetakchi moliyaviy institut bilan strategik sheriklikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Keyingi yillarda bank bilan hamkorlikdagi ijobiy sur’at mamnuniyat bilan qayd etildi. Loyihalarning umumiy portfeli 5 milliard dollardan oshgan hamda neft-kimyo, energetika, telekommunikatsiyalar, infratuzilma, yengil sanoat va boshqa sohalarni qamrab olgan.
Energetika, transport, AT infratuzilmasini rivojlantirish, sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish va boshqa ustuvor yo‘nalishlarda umumiy qiymati 10 milliard dollardan ziyod yangi loyihalarni sifatli tayyorlash hamda boshlanganlarining natijadorligini oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Ijtimoiy sohada davlat-xususiy sheriklik loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga hamda xususiy sektorni rivojlantirishga investitsiyalarni kengaytirish muhim ekani ta’kidlandi.
O‘z navbatida, boshqaruvchi Nobumitsu Xayasi sheriklik natijalarini yuqori baholadi va Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar dasturini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter