Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Sog‘liqni saqlash vaziri jamoatchilikka murojaat bilan chiqdi

Sog‘liqni saqlash vaziri jamoatchilikka murojaat bilan chiqdi

Sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudayarov jamoatchilikka murojaat bilan chiqdi. Vazir, jumladan, tibbiyotni korrupsiyadan xoli, to‘laqonli xalqchil tizimga aylantirish jamoatchilikning faol ishtiroki va ko‘magisiz mushkul ekanligini aytadi.

«Shu sababli bu yo‘nalishdagi sa’y-harakatlarimizni birlashtirish va o‘zaro hamkorlikda o‘z yechimini kutayotgan og‘riqli muammolarimizni yelkama-yelka turib, samarali hal etish yuzasidan Sizlarga murojaat qilmoqdaman.

Shu ma’noda, bugun sohadagi yutuqni – yutuq, kamchilikni – kamchilik, deb aytib, tizimdagi «kasalliklar»ga to‘g‘ri tashxis qo‘yib, ularning davosini topishga birgalikda harakat qilishimiz zarur», – deydi Xudayarov.

SSV rahbari hali ham sog‘liqni saqlash muassasalarida korrupsiya, byurokratiya, ta’magirlik, manfaatlar to‘qnashuvi kabi ayrim salbiy holatlar saqlanib qolayotganini afsus bilan tilga olib, bu tizimdagi islohotlar samaradorligiga putur yetkazishi, xalqning tibbiyotga, soha fidoyilariga bo‘lgan ishonchini zaiflashtirishini ta’kidlaydi.

«Tizimda korrupsiyaga qarshi kurashishning zamonaviy mexanizmlarini keng joriy etishga alohida e’tibor qaratyapmiz. Soha faoliyatida ochiqlikni ta’minlash, jamoatchilik oldida hisobdorlikni oshirish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.

Xususan, qisqa vaqt ichida qator elektron modullarni o‘zida jamlagan Yagona tibbiyot axborot tizimi (DMED) yaratilib, amaliyotga tatbiq etilmoqda. Shuningdek, “Situatsion markaz” tashkil qilinishi sohada budjet mablag‘larining maqsadsiz sarflanishi hamda korrupsiya risklarini barvaqt aniqlash va oldini olishga xizmat qilayotgani bilan ahamiyatlidir.

Binobarin, tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilishda raqamlashtirilgan yangi mexanizm ishga tushirilgani va Buxoro viloyatida tajriba-sinov loyihasi sifatida joriy etilgani muhim yangiliklar sirasidan.

O‘z navbatida, soha rahbar-kadrlari bugungi kun talablaridan kelib chiqib, zamonaviy menejment asoslari bo‘yicha o‘qitilmoqda. Tibbiyot muassasalari hisobchilarining moliyaviy bilim va ko‘nikmalarini oshirish bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil qilinyapti», – deydi Asilbek Xudayarov.

O‘z navbatida, fuqarolardan vazirlik markaziy apparati, hududiy boshqarmalari, tizim tashkilotlari va muassasalari xodimlarining korrupsiyaviy xatti-harakatlariga guvoh bo‘lganida yoki qonunchilikka zid boshqa huquqbuzarlik holatlariga aloqadorligi yuzasidan ma’lumotga ega bo‘lishganida, vazirlikning «1203» qisqa raqami hamda https://t.me/ssvantikor_bot rasmiy telegram boti yoxud info@ssv.uz elektron pochta manzili orqali o‘z murojaatlarini yo‘llashlari so‘ralgan.

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring