Soliq inspeksiyasining 13 nafar xodimi jarimaga tortildi

Tadbirkorlik sub’yekti faoliyati yuzasidan o‘tkaziladigan noqonuniy tekshiruv yoki tekshirishda belgilangan qat’iy talablarga amal qilmaslik holatlari tadbirkorning intilishi, emin-erkin ish olib borishi, ishbilarmonlik muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ana shunday holatlarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil devoni xodimlari soliq inspeksiyalari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarida o‘tkazilgan tekshirishlarning qonuniyligini o‘rgandi.
O‘rganishlar natijasida Andijon viloyatining shahar va tumanlar soliq inspeksiyalari inspektorlari tomonidan tadbirkorlik sub’yektlarida o‘tkazilgan tekshirishlarda qonun hujjatlarida belgilangan tartiblarga rioya qilinmaganlik holatlari aniqlandi.
O‘rganishlar natijasida 2023 yil yanvar-fevral oylari davomida soliq inspeksiyasining jami 13 nafar inspektori ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Birgina misol, Bo‘ston tumani soliq inspeksiyasi katta inspektori N.N.ga nisbatan o‘tkazilgan tekshirish jarayonida belgilangan tartiblarni buzganligi uchun Biznes-ombudsman devoni xodimlari tomonidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi. Ushbu ma’muriy ish sud tomonidan ko‘rib chiqilib, bazaviy hisoblash miqdorining 40 baravar miqdorida, ya’ni 12.000.000 so‘m jarima jazosi tayinlandi.
Soliq inspektori tomonidan 13 ta tadbirkorlik sub’yekti faoliyatida o‘tkazilgan sayyor soliq tekshiruvi bo‘yicha buyruq, asos sifatida ko‘rsatilgan jismoniy yoki yuridik shaxsning qonunbuzilish holatlari haqidagi murojaati nusxasi va tekshiruv tugaganidan so‘ng rasmiylashtirilgan yakuniy dalolatnoma, shuningdek tadbirkorlik sub’yektiga nisbatan qo‘llanilgan ta’sir choralari to‘g‘risidagi ma’lumotlar tekshiruv tugaganidan so‘ng oradan 3 oy o‘tib Yagona davlat nazorati tizimiga kiritilgan.
Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasining «Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida»gi Qonunining 39-moddasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyuldagi PF-5490-sonli Farmonining 5-bandida tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatining o‘tkazilgan tekshiruvlari natijalari nazorat qiluvchi organlar tomonidan tekshiruvlar tugatilgandan keyin uch kun ichida tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimiga kiritilishi belgilangan.
Ma’lumot o‘rnida, «Yagona davlat nazorati» axborot tizimi – tadbirkorlik sohasida davlat nazorati bilan bog‘liq katta hajmdagi ma’lumotlarni yig‘ish, tahlil qilish va qayta ishlash imkonini beruvchi hamda nazorat qiluvchi organlar tomonidan tadbirkorlik sub’yektlari faoliyatida tekshiruv o‘tkazish tashabbusini (kelishish yoki xabardor etish orqali), o‘tkaziladigan tekshiruvlarni va ular natijalarini ro‘yxatga olishni ta’minlovchi elektron axborot tizimi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter