Sovetlar davrida vayron bo‘lgan madrasaning tarixiy ko‘rinishi tiklandi

«Qardoshimiz – Buxoro zamini yetti pirlaridan biri Bahouddin Naqshband ziyoratgohi bu sharif diyorning yuragi, desam adashmayman. Tarixiy yo‘laklar qurilib, muzey va tahoratxonalar barpo etilibdi. Ayniqsa, ziyoratgohda qadim Doniyolbiy madrasasining tiklangani hayratga sazovor. G‘oyatda fusunkor»,-deydi Buxoroga tashrif buyurgan Turkiya Buyuk Millat Majlisi raisi Numan Kurtulmush ziyorat chog‘ida.
Darhaqiqat, Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi besh yuz yil mobaynida shakllangan. Uning ilk tarixi to‘g‘risida ma’lumotlar oz bo‘lsa-da, Bahouddin Naqshband qabrlari oldidagi dastlabki binolar, taxminan hazrat vafotlaridan keyin qurilgan. Me’moriy-arxeologik tadqiqotlar davrida ilk binolarning qoldiqlari va asoslari topilgan. Bahouddin Naqshband vafotlaridan ko‘p o‘tmay, hazrat maqbaralarining g‘arbiy tomonida qabriston paydo bo‘lib, unda hazratning murid-muxlislari dafn qilina boshlagan. Keyinchalik bu yerda Buxoroning hukmron sulola vakillari dafn qilinadigan «Daxmai shohon» tashkil topgan. XV asr oxirida Bahouddin Naqshband qabrlari ustiga daxma qurilib, u marmar qoplama va o‘lchamlari bo‘yicha bir-biriga mos keladigan go‘zal naqshinkor marmar panjara bilan bezatilgan.
«XVI asr birinchi yarmida shayboniy Abdulazizxon (1540-1590) buyrug‘i bilan Bahouddin Naqshband qabrlari atrofi o‘rab olinadi, uning shimoliy-g‘arbiy burchagida esa 1545 yillarda xonaqoh barpo etiladi. Maqbaraning shimoliy tomonidagi hovuz ham shu paytda qurilgan bo‘lishi taxmin qilinadi. Majmuada XV asrda qurilgan «Amir Abdulazizxon” xonaqo masjidi, XIX asrda qurilgan «Amir Muzaffarxon” masjidi, XIX asrda qurilgan «Hakim Qushbegi” masjidi, Bahouddin Naqshband hazratlarining volidalari «Bibi Orifa» majmuasida yana bir masjid hamda Bibi Orifa dahmalari va ayvon mavjud. Majmua hududida 3 ta katta darvoza - Darvozai Toqi Miyona, Darvozai Dilovar, Darvozai Bobi Salom va Daxmai shohon (Bu yerda temuriylar, shayboniylar va ashtarxoniylarning avlodlari dafn qilingan). Ziyoratchilar uchun sharoitlar yaratish maqsadida 5 ta sharqona usulda ayvonlar qurildi. Majmua hududida yoritgichlar o‘rnatilib, masjidlar isitgich va sovutgichlar bilan jihozlandi. XVIII asrda qurilgan madrasada «Bahouddin Naqshband» tarixiy muzeyi xizmat ko‘rsatmoqda. Hududning 13 gektar maydonida bog‘ barpo etildi. O‘tgan yili boshlangan qurilish, ta’mirlash, restavratsiya ishlari hozirda ham ayni qizg‘in pallada davom etmoqda. Bu yerda Madaniy meros agentligi buyurtmachiligida Toqi Miyona va Dilovar darvozalari, Doniyol biy Otaliq madrasasining tarixiy ko‘rinishi tiklandi. Ziyoratchilarni hayratga solayotgani rost. Ziyoratgoh atrofi devorlari tubdan yangilandi, majmua ichkarisidagi yo‘laklar to‘liq ta’mirlanib, yangi ko‘rinish kasb etmoqda»,-deydi Bahouddin Naqshband yodgorlik majmuasi markazi raisi Farmon Aminov.
Bildirilishicha, qurilish jarayonida majmuaning eski chizmalari asos qilib olingan. XV asrda qurila boshlangan ob’yekt me’moriy jihatdan mukammal bo‘lgan. Ziyoratgoh hududiga g‘arb tomondan Toqi miyona darvozasidan kirilgan. Darvozadan chap qo‘lda kichkina bino bo‘lib, bu keyinchalik maktab vazifasini o‘tagan. Qadimda Buxoro shahrining 11 darvozalaridan biri Mozori Sharif darvozasidan to‘g‘ri yo‘l bo‘lib, Darvozai Toqi Miyona darvozasidan Mo‘’tabar Bahouddin Naqshband ziyoratgohlariga kirilgan.
Sovet davrida vayronaga aylangan madrasa
Ikkkinchi darvoza, Dilovar ya’ni «Dillar qulfini ochuvchi» darvozaning yonida Doniyolbiy madrasa va maqbarasi bo‘lib, u XVIII asrda qurilgan. Bu yerda o‘sha davrlarda ham talabalar o‘qitilgan. Talabalarning yashashi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Kasallarga bepul oziq-ovqat, kiyim-bosh, davolanish uchun dori-darmonlar berilib, kerakli muolajalar ko‘rsatilgan.
«Og‘riqlisi shuki, ushbu madrasa o‘tgan asrning 30-yillarida, aniqrog‘i, sovet davrida to‘liq vayron qilingan. Bugungi kunda madrasaning bizgacha yetib kelgan poydevori arxeologlar tomonidan aniqlanib, saqlanib qolgan eski fotosuratlar, chizmalar va mutaxassislar tomonidan o‘rganildi. Vaqf hujjatlariga asosan, yangidan barpo etilmoqda. Undan o‘tib, Doloni daroz, ya’ni Uzun yo‘lakka chiqiladi. Shohlar avlodlari daxmasiga borish yo‘lida qabrlar ham ziyorat qilinadi. Va undan so‘ng «Boboi salom» darvozasi bor. “Boboi salom”dan Hazira ya’ni Hazrat Naqshband daxmasiga chiqiladi. Qurilish ishlarini olib borishda aynan mana shu tartib saqlandi»,-so‘zida davom etdi markazi raisi.
Mazkur majmua qurilishda milliylik va tarixiylikni saqlab qolishga alog‘ida urg‘u berilgan. Bino tashqi ko‘rinishidan estetik go‘zallik va zamonaviy arxitekturaning mukammal namunasi bo‘lib, qulaylik va shinamlik jihatdan nomiga munosib.
Ma’lumotga o‘rnida: Darvozai Dilovar kompleksida Amir Doniyol biy (1758-1785 yillarda Buxoro amiri Muhammad Rahimxon vafotidan so‘ng Buxoroda podshohlik qilgan) 75 yoshida vafot etgan. Doniyolbiy Amir Muhammad Rahimxon davrida uning siyosiy va iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchisi bo‘lgan. Mamlakatda tinchlik va barqarorlikni ta’minlash, savdo-sotiqni, hunarmandchilikni rivojlantirishga muvaffaq bo‘lgan. So‘fiylik ta’limotnga katta ahamiyat qaratgan.
Bahouddin Naqshband me’moriy majmuasining hozirgi holatdagi ko‘rinishini tashkil etuvchi binolardan tashqari bizgacha saqlanmagan ayrim inshootlar mavjud bo‘lgani to‘g‘risida vaqf hujjatlari orqali ma’lumotga ega bo‘lish mumkin.
O‘limidan oldin o‘zi uchun daxma soldirgan amir
Buxoro hukmdori amir Doniyol-biy otaliqqa tegishli ma’lumotlar vaqf hujjati orqali buxorolik sharqshunos B.A.Qazoqov tomonidan chuqur tadqiq qilinib, rus tilida nashrga tayyorlangan.
«Amir Doniyol-biy vafotidan bir necha yil oldin Bahouddin Naqshband mozori yaqinida u o‘zi uchun daxma, shuningdek, madrasa va masjid soldiradi. Inshootlar bitgach, hukmdor ular uchun vaqf ta’sis qilgan. Buxoroning Sultonobod (hozirgi Shofirkon), Komot (hozirgi Vobkent), Poyirщd (hozirgi Buxoro) tumanlari hududidan 3 ming tilla ashrafi tangasiga 1292 tanob (320 gektar) yer sotib olib, ularni yuqoridagi binolar foydasiga vaqfga aylantiradi. Vaqf shartlariga ko‘ra, ta’sischi vaqf daromadining 1/10 qismini o‘z uchun sarflashi, qolgan qismini vaqfga aylantirilgan binolar ta’miroti, ularda xizmat qiluvchi shaxslar, madrasa talabalari, shuningdek, yetim-yesir, muhtojlarga sarflashi kerak bo‘lgan. Vaqf hujjatida kimga qancha mablag‘ ajratilishi to‘g‘risida aniq raqamlar keltirilgan. Vaqfga aylantirilgan bu binolar qoshida ojizlar va kasalmand kishilar, bir so‘z bilan aytganda, nogironlar uchun yana uch xona barpo etilgan. Nogironlarning har biriga yilida 5 mann (800 kg) bug‘doy berish ko‘zda tutilgan. Vaqf hujjatiga keyinroq qo‘shimcha ravishda kiritilgan yozuvga ko‘ra, madrasa o‘z kutubxonasiga ega bo‘lib, 51 dona qo‘lyozma asarning ro‘yxati keltiriladi. Bular orasida Abdurahmon Jomiy, qozi Bayvaziy, Burhoniddin Marg‘ig‘oniy, Abu Hafs Nasafiy, Xo‘ja Muhammad Porso kabi islom ulamolari asarlari mavjud. E’tiborga molik tomoni, kutubxonaga berilgan Xo‘ja Muhammad Porsoning tafsirga oid asari avtograf (dastxat) bo‘lib, u muallifning o‘zi tomonidan kitobat qilingan»,-deydi suhbatdosh.
Aytilishicha, vaqf hujjatida tilga olingan binolar bizgacha saqlanmagan ekan. Ular Bahouddin Naqshband mozoriga olib kiradigan eski g‘arbiy darvozadan o‘tgandan keyin chap tomonda, ya’ni «Daxmai shohon»ning g‘arbida joylashgan. Chunki, o‘sha davrda qabriston hududiga olib kiradigan asosiy darvoza g‘arb tomonda bo‘lgan. Darvozadan o‘tib, qabristonni g‘arbdan sharqqa qarab kesib o‘tadigan yo‘lak orqali Bahouddin Naqshband hazirasiga olib kiradigan darvozaga kelingan.
«Mantiqan hukm chiqaradigan bo‘lsak, ziyoratchilar Bahouddin Naqshband hazirasi tomon o‘tishdan oldin Buxoro hukmdorlari daxmalarini ziyorat qilishgan. Hujjatda tilga olingan madrasa – bu hozirda tasavvuf muzeyi joylashgan eski o‘rta asr binosimi, yoki bunda boshqa inshoot nazarda tutilganmi, aytish qiyin. Lekin, amir Doniyol-biy tarafidan qurilgan daxma va masjid saqlanmaganligi aniq. Uning qayta bunyod bo‘lib, ahli ziyoratchilarga topshirilgani sharif o‘lkaning yana bir karra nurga to‘lganidan dalolat»-dedi Farmon Aminov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter