Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

SSV changli havodan ogohlantirdi

SSV changli havodan ogohlantirdi

Foto: «Xabar.uz»

Bugun mamlakatimizning ayrim hududlarida shamol tezligi kuchayib, chang-to‘zon hodisasi kuzatilmoqda.

Bu holat, ayniqsa, nafas yo‘llari xastaliklariga chalingan bemorlar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin.

Xo‘sh, bunday ob-havo sharoitida qanday tibbiy tavsiyalarga amal qilish lozim?

SSV matbuot xizmati shu savol bilan Respublika ilmiy ixtisoslashtirilgan allergologiya markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Razikovaga murojaat qildi.

— Bunday vaziyatda imkon qadar ochiq havoda yurmaslik zarur, — deydi mutaxassis. — Ayniqsa, bronxial astma, allergik rinit, allergik kon’yuktivit, tomoq qichishishi bilan kuzatiladigan yo‘tal, bronxit, bronxlar giperreaktivligi va boshqa nafas yo‘li surunkali kasalliklari bor insonlar tashqariga chiqmasliklari kerak.

Chunki to‘zonli havo tarkibida o‘simlik changlari, zamburug‘ sporalari juda katta konsentratsiyada bo‘ladi. Shu bois xastaliklari bor kishilar shifokor maslahati bilan allergiyaga qarshi dori vositalari dozalarini oshirishlari lozim.

Xona yoki inshootlarni nam latta bilan tozalab turish, uy yoki bino ichiga, atrofiga suv solingan idishlar qo‘yish chang darajasini pasaytirishga xizmat qiladi. Qolaversa, bunday vaziyatda nam sochiqlarni osib qo‘yish, konditsioner va havoni tozalash tizimlari ham asqatadi.

Derazalarni yopiq holda saqlash, ko‘proq suv ichish, tez-tez dush qabul qilish nafas olishni yengillashtiradi. Og‘iz va burun bo‘shlig‘ini tuzli eritma bilan yuvib turish ham katta samara beradi.

Ochiq havoda yurganda, albatta, tibbiy niqob taqib yurish va ularni har ikki soatda almashtirish shart. Yosh bolalar, homilador ayollar va yoshi katta insonlar ham bunday vaziyatda ehtiyotkor bo‘lishlari tavsiya etiladi.

Agar yurtdoshlarimizda tashqi muhitdagi changlar tufayli nafas qisishi, burun bitishi, aksirish, burun oqishi, ko‘zlarda va tomoqda qichishish va qizarish, yo‘tal belgilari yuzaga kelsa, tezda oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinikalarga murojaat qilishlari lozim.

 Eslatib o‘tamiz, yurtimiz aholisi bunday ob-havo sharoitida zarurat sezganda, «103» xizmatiga murojaat qilib, tunu kun sifatli tibbiy yordam olishlari mumkin.

Bundan tashqari, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududlardagi 13 ta filiali hamda tuman va shahar bo‘limlarida  zarur dori-darmonlar bilan yetarli miqdorda to‘liq ta’minlangan.

Qolaversa, Sog‘liqni saqlash vazirligining «1003» qisqa raqamli  Sall-markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring