Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ulug‘bek Oripov

Ba’zan sukut haqiqatdan afzal bo‘lishi mumkin.

Takliflar, takliflar…nega jamiyat ularni salbiy qarshi olmoqda?

Takliflar, takliflar…nega jamiyat ularni salbiy qarshi olmoqda?

Foto:«Xabar.uz»

Dunyoning ishlari  qiziq. Bitta taklif aytib, internet segmentida «yulduz»ga aylansa bo‘ladigan davrga ham yetib keldik. Avval jurnalistlardan biri oylarning nomini o‘zbekchalashtirishni taklif etdi, keyin bir chetiga poytaxtni ko‘chirish masalasi «qistirilgan» ijod namunasi chop etildi. Chet elda ta’lim olayotgan yigitlardan biri esa yurt nomini almashtirish masalasini o‘rtaga tashladi. Tuman kengashi deputatining voyaga yetmagan farzandi bor ayollarning xorijga chiqishini cheklash borasidagi mulohazasi esa «fikriy jangchilar»ni ikki frontga bo‘lib yubordi.  Shu-shu bo‘ldi-yu, tarmoq foydalanuvchilariga  bir necha kunlik gap topildi, mazkur fikrlar ortidan achchiq-tiziq so‘zlar aytildi.

Xo‘sh, bugungi jamiyat nega takliflarning aksariyatini qahr-g‘azab va istehzo bilan qarshi olmoqda?

Bir foydalanuvchi tili bilan aytganda «oy nomlarini o‘zgartirsak, kunlarimiz boshqacha o‘tadimi, yoxud mamlakat nomini o‘zgartirsak, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar barham topadimi?»

E’tibor bergan bo‘lsangiz, yuqoridagi takliflarning aksariyatiga oddiy xalq tugul ziyolilar, jamiyatning ilg‘or qatlami ham qo‘llab-quvvatlamadi. Chunki takliflar oddiy hayotimiz asliyatidan uzoq, bugungi davrimizga hamohang emas.

Ayrim maktab o‘quvchilari haliyam yarim avariya holatidagi maktablarda o‘qiyapti, dehqon-fermerlar, tadbirkorlar o‘z ishlarini rivojlantirishda byukoratik to‘siqlarga duch kelmoqda, minglab qishloqda aholi gazsiz, elektrsiz, qisqasi, qulayliklarsiz yashamoqda, narx-navoning oshishi davom etmoqda, ta’lim qoloq, boshqalar internet orqali bor yumushini bitirib olayotganda biz «ma’naviyat soati» o‘tib yoshlarni unga qarshi qayramoqdamiz… Shuncha muammo turganda yuqoridagi takliflar albatta yoqmaydi-da!

Ingliz yozuvchisi Jonatan Sviftning «Gulliverning sayohatlari» asarining uchinchi qismida bosh qahramon  olimlar mamlakati Laputaga sayohat qiladi. U bu yerda vaqtini behuda ixtirolar va g‘oyalarga sarflayotgan kishilarni ko‘radi. Masalan, bittasi uyni poydevor qismidan emas, tomdan boshlab qurishni, yana bir olim bodringdan quyosh energiyasini olish va qish sovuqroq kelganda undan foydalanishni taklif etadi. Svift shu o‘rinda badiiy to‘qima orqali umrini behuda ishlarga sarflayotganlarni tanqid ostiga oladi.

Bizning holatimiz ham shunga yaqinroq. Jamiyat o‘tish davrining murakkab bosqichlarini boshdan kechirmoqda va kunora tomdan tarasha tushgandek, «takliflar» chiqib turibdi.

Aslida, bizda muammolar va ular yuzasidan bersa bo‘ladigan takliflar juda ko‘p. Masalan, ta’limdagi muammolarni yechish va bir joyda depsinib turgan tizimni rivoji uchun ozgina bo‘lsa ham hissa qo‘shish. Esimda, bir tashkilotchi internet saytlarida «keling, ta’lim rivoji uchun taklif beraylik» qabilida fikrlar yozdi. Ammo firk ommalashmadi. Qo‘polroq aytganda, omma bu masala yuzasidan «pinagini ham buzmadi».

Mazkur masala oxirida qanday yakun topdi, bilmadim-u, jamoatchilik orasida ta’lim borasidan biror jo‘yali taklif chiqqaniga ko‘zimiz tushmadi. Demak, ichi bo‘sh, trendda bo‘lib, bir oyda yoddan ko‘tariladigan taklif va mulohazalar uchun o‘zimiz ham aybdor ekanmiz-da. Ularni shunchaki e’tiborsiz qoldirib, muhokamaga sabab bo‘lishini oldini olish mumkin edi-ku.

Yaxshi takliflar ham yo‘q emas: o‘tgan yili mashhur blogerlardan biri o‘z maqolasida yoshlarning boshini birlashtirishga bosh-qosh bo‘lgan tashkilot yakkahokimligini tanqid qilib, bu sohada xilma-xillik, turfa g‘oyalar afzalligini aytib yoshlar tashkilotlarini ko‘paytirishni taklif qilgandi. Shundan beri bu g‘oyani rivojlantiradigan, to‘ldiradigan chiqish bo‘lmadi. 

Eng yomoni shu takliflar mualliflarining «shoir, jurnalist, akademik, deputat» ekanligi kishini o‘ylantirib qo‘ymoqda. Ushbu «qovun tushirish»lar bu soha odamlariga nisbatan ishonchsizlikni keltirib chiqarmaydimi?

Xullas, gapirsa gap ko‘p, vaqt esa o‘tib bormoqda. Biz esa bo‘lgan-bo‘lmagan mulohazalar bilan takliflarni muhokama qilib bormoqdamiz. Aksariyat munosabatimiz istehzo va kulgidan nariga o‘tmayapti.

Xo‘sh siz-chi, o‘quvchi? Nima taklif berasiz?

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring