Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tanasiga armatura bo‘lagi kirib ketib, murakkab operatsiyalar natijasida hayoti saqlab qolingan bemor uyiga qaytdi

Tanasiga armatura bo‘lagi kirib ketib, murakkab operatsiyalar natijasida hayoti saqlab qolingan bemor uyiga qaytdi

Foto: SSV matbuot xizmati

Tanasiga armatura bo‘lagi kirib ketib, murakkab operatsiyalar natijasida hayoti saqlab qolingan bemor uyiga qaytdi, deb xabar berdi SSV matbuot xizmati.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan murakkab operatsiya jarayoni haqida xabar bergandik.

2005-yilda tug‘ilgan R.S. o‘tgan yilning 20-dekabrida og‘ir ahvolda va hushsiz holatda shifoxonaga olib kelingan.

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Qabul bo‘limida mutaxassislar ko‘rigidan so‘ng bemorning bosh miya, bo‘yin, ko‘krak va bel-umurtqa sohalari, ko‘krak qafasi, qorin bo‘shlig‘i a’zolari MSKT qilingan. Shuningdek, qorin bo‘shlig‘i va ko‘krak qafasi ultratovush tekshiruvidan o‘tkazilgan.

Aniqlanishicha, metall parchasi bemor ko‘krak qafasining o‘ng orqa yuzasi, 7 va 9-qovurg‘alari orasidan kirib, 6-ko‘krak umurtqasini teshib o‘tgan va orqa miya ezilishiga sabab bo‘lgan. So‘ngra o‘ng o‘mrovosti arteriyasi tagidan o‘tib, bosh suyagi miya asosining o‘rta chuqurchasini teshib kirgan. Bosh miya o‘rta darajada lat yegan.

Bundan tashqari, o‘ng chakka suyagi va orqa miyaning ochiq, teshib o‘tgan jarohati, 6-ko‘krak umurtqasining maydalanib sinishi kabi o‘ta og‘ir shikastlanishlar bemor hayotiga xavf solib turgan edi.

Markazning kardioxirurg, neyroxirurg, torokal va umumiy jarroh, travmatolog, anesteziolog va reanimatolog kabi 10 dan ortiq eng malakali mutaxassislari tomonidan 5 soatdan ziyod davom etgan amaliyotda kam uchraydigan murakkab jarrohlik operatsiyasi muvaffaqiyatli o‘tkazilib, natijada bemorning hayoti saqlab qolingan.

O‘tkazilgan davo choralari natijasida bemorning umumiy ahvoli yaxshilandi. Salomatligidagi ijobiy o‘zgarishlar, tibbiy tekshiruvlar natijalari qoniqarli bo‘lgani inobatga olinib, bugun unga uyiga ruxsat berildi. R.S. tibbiy ko‘rsatmaga muvofiq, reabilitatsiya muolajalarini davom ettiradi, deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring