Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tanqid qilish mumkinmasligi haqidagi qarorni tanqid qilganim uchun uzr so‘rayman

Tanqid qilish mumkinmasligi haqidagi qarorni tanqid qilganim uchun uzr so‘rayman

Foto: Xushnudbek.uz

Hukumatning 2022-yil 14-oktyabrdagi qarori bilan Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari tasdiqlangandi.

Xushnudbek.uz telegram-kanali ushbu qoidalarga munosabat bildirdi:

«Bu (suratda — tahr.) Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalaridan parcha.

Ya’ni davlat fuqarolik xizmatchilari ijtimoiy tarmoqlarda davlat organlari va tashkilotlari hamda mansabdor shaxslar faoliyatini muhokama qilmasligi, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan odamlarda ishonchsizlik kayfiyatini yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan materiallarni joylashtirmasligi kerak ekan.

Juda antiqa qoida ekan. Masalan, xalq ta’limi vaziriga ijtimoiy tarmoqlarda «Nega maktablarda haligacha 3 smenada bolalar o‘qiyapti, nega ayrim joylarda bitta sinfda 40-45 nafar o‘quvchi bor, nega ayrim joylarda maktablar vayronaga aylangan, nima uchun sizlar bunga qaramaysizlar, maktab qurmaysizlar, ularni ta’mirlamaysizlar?» deb e’tiroz bildirishsa, vazir bunga javoban «E’tirozingiz o‘rinli, lekin maktablar qurish va ularni ta’mirlash bilan mahalliy hokimliklar shug‘ullanadi, afsuski joylarda hokimlar bu ishlarni ko‘ngildagidek bajarmayapti» deb javob bera olmaydi-da, shundaymi? Chunki u hokimliklar (davlat organi) hamda hokimlar (mansabdor shaxs) faoliyatini muhokama qilgan hamda mamlakatda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarga nisbatan odamlarda ishonchsizlik kayfiyatini yuzaga keltirgan bo‘ladi.

Ya’ni davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan bildirilgan deyarli 99,9% har qanday tanqidni endi shunaqa baholash mumkin bo‘ladi. Endi hamma bir-birini va islohotlarni maqtashi kerak shekilli. Xo‘p, shu bilan islohotlarimiz yaxshi bo‘lib qolarmikin yoki davlat tashkilotlari zo‘r ishlab ketarmikin, hayronman.

Tanqid qilish mumkinmasligi haqidagi qarorni tanqid qilganim uchun uzr so‘rayman».

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring