Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tegma, bolam, pish-sh!

Tegma, bolam, pish-sh!

Foto: «Ncuxolog.ru»

1 iyun — Butunjahon bolalarni himoya qilish kuni

«Cho‘milgani borma, bolam, suvning devi tortib ketadi», deb ko‘p tayinlardi, enam rahmatli.

Devning qanaqa bo‘lishini bilmasam ham undan qo‘rqib, daryolarga yaqin bormadim. Suzishni bilmay katta bo‘ldim.

«Tokka yaqin borma, o‘ldiradi», derdi otam rahmatli.

Bir quloch uzuq simni ko‘rsam ham uni aylanib o‘tib, elektr toki qanday paydo bo‘lishini tushunmasdan, uning odamni qanday urib o‘ldirishining sirini bilmasdan katta bo‘ldim.

«Kechasi tashqariga chiqma, bo‘ri yeb ketadi».

Bo‘riga yem bo‘lishdan tagimni ho‘l qilib qo‘yishni afzal bilib, kechalari tashqariga chiqmay katta bo‘ldim. Bo‘ri meni yemay katta bo‘ldim. Men bo‘rini ko‘rmay katta bo‘ldim.

«Qorong‘uda yurma, bobov urib ketadi!»

Meni «Bobov» urmay katta bo‘ldim, qorong‘udan qo‘rqib katta bo‘ldim.

«Qabristonga borma, ajinalar Hamroqulga o‘xshatib, og‘zingni qiyshaytirib qo‘yadi!»

Hamroqulni mulla Safar bobo ko‘p o‘qidi, qiyshaygan og‘zi to‘g‘rilanmay o‘lib ketdi.

Mening og‘zim qiyshaymay katta bo‘ldim. Men qabristonlarga yaqin yo‘lamay katta bo‘ldim.

Men ajinalardan, devlardan qo‘rqib katta bo‘ldim.

«Har xil gapni gapirma! Devorning ham qulog‘i bor!»

Men devordan qo‘rqib katta bo‘ldim.

Har xil gapni ham, bir xil gapni ham gapirmay katta bo‘ldim.

Haliyam bir gapni aytar bo‘lsam, avval devorlarga bir qarab olaman...

«Futbol o‘ynama, oyog‘ing sinadi, undan ko‘ra mollarni boq! Shu foydaliroq!»

Men foydaliroq ishni qilib, mol boqib katta bo‘ldim.

To‘p tepishga vaqtim bo‘lmadi. Oyog‘im sinmay katta bo‘ldim.

«Ho‘kizning oldidan o‘tma, shoxlaydi!»

«Eshakning orqasidan o‘tma, tepadi!»

Hayvonlarning na oldidan o‘tdim, na ortidan.

Meni ho‘kiz suzmay, eshak tepmay katta bo‘ldim.

«Tomga chiqma, yiqilib, mayib bo‘lasan!»

Tomga chiqmay, mayib bo‘lmay katta bo‘ldim.

Narvonga chiqolmayman, yuragimga vahima tushadi, ikkinchi pog‘onasiga oyoq qo‘yishim bilan boshim aylanadi.

«Televizorga tegma, buziladi!»

Bitta «peredoxranitel» degan lampochkachasi kuysa ham televizorni Muxtor ustaga olib borardik. «Shuni o‘zlaringiz almashtirib qo‘ysalaring bo‘lardi-ku?» deb to‘ng‘illardi u.

Men televizorning ovozini past yo baland qilishdan, boshqa yoqqa olishdan boshqasini bilmay katta bo‘ldim.

«Dazmolga tegma, pish-sh!»

«Pish-sh» bo‘lib qolishdan qo‘rqib, dazmolga tegmay katta bo‘ldim. Simi uzilib qolsa ham Umarqulga olib chiqaman, ulab beradi. O‘zim «pish-sh» bo‘lishdan qo‘rqaman.

Bugun o‘zim otaman. Bugun men bolamni himoya qilaman. Har xil balolardan, ofatlardan, «Bobov»lardan:

— Chiqma!

— Tegma!

— Pish-sh!

— Pix-x!

— U-fu! ...

Bolam ham nasib bo‘lsa, o‘zimday sog‘-salomat katta bo‘ladi, jin urmay, ajina chalmay, oyog‘i sinmay, eshak tepmay, bo‘riga yem bo‘lmay...

U yoqda esa, elektron jihozlarning ming xilini yaratgan yapon bolasi robotlar yasaydi, kompyuterning eng yangi avlodlarini yaratadi.

U yoqda esa, Kusto boboning avlodlari ummonlarning ostini ag‘dar-to‘ntar qilishib, olamshumul kashfiyotlar qilishadi.

U yoqda esa, boshqalarning bolalari yo‘lbarslarni minib, olovdan sakrab o‘tishadi, fillarni raqs tushirishadi.

U yoqda esa, boshqalarning bolalari osmonu falaklardan parashyutda sakrab, qoyalardan parashyutsiz sakrab, rekordlar o‘rnatishadi, o‘zlari yasagan qanotlar bilan parvoz qilib, qushlardan ham o‘zishadi.

U yoqda esa, boshqalarning bolalari uyni simsiz yoritadigan, olovsiz isitadigan moslamalarni ixtiro qilishadi.

U yoqda esa, boshqalarning bolalari qatorisiga «Oltin to‘p» va «Oltin butsi»larni olishadi.

U yoqda esa, boshqalarning bolalari «Ginnes»ning kitobini yangilashadi.

U yoqda esa, boshqalarning bolalari biz eplolmaydigan million xil ishni qilishadi.

Biz esa dunyoni lol qiladigan narsalar ixtiro qilishdan qo‘rqamiz: «Pish-sh!» «Pix-x!» «U-fu» ...

Azizlar! Bugun «Butunjahon bolalarni himoya qilish kuni».

Ana shu kunda barcha yurtdoshlarimizga murojaat qilmoqchiman:

Bolalarimizni o‘zimizdan himoya qilaylik!

Bolalarimizni o‘zimizning cheksiz ta’qiqlashlarimizdan himoya qilaylik!

Bolalarimizni «Chiqma!» «Tegma!» «Pish-sh!» «Pix-x!» «U-fu» ... lardan himoya qilaylik!

Mayli, ular «Pish-sh» bo‘lsin, «Pix-x» bo‘lsin, «U-fu» bo‘lsin, ammo hamma narsani qilib ko‘rsin!

Bizning bolalarimiz devorlarga alang-jalang qaramay gapiradigan bo‘lib katta bo‘lsin!

Bizning bolalarimiz ham narsalar, hodisalarning mohiyatini anglab katta bo‘lsin!

Bizning bolalarimiz ham ulug‘ ishlar qilsin! Buyuk kashfiyotlar qilsin!

Bizning bolalarimiz ham Messi, Zidanlardek to‘p urishni ham qoyil qilsin!

Biz ham bolalarimizning olamshumul muvaffaqiyatlaridan faxrlanaylik!

Mustaqil O‘zbekistonimizga hur fikrli, ilmli, shijoatli farzandlar kerak!

Farzandlarimiz ana shunday farzand bo‘lishiga imkon beraylik!

Aks holda o‘zimizga «Pix!»

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring