Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Til taraqqiyotning tarozisi

Til taraqqiyotning tarozisi

Dunyodagi barcha mustaqil davlatlarning mavjudlik mezonlari haqida gap ketsa, dastavval, uning rasmiy tili ko‘z oldimizda gavdalaadi. Darhaqiqat, millatning millat, xalqning xalq ekanini bildiruvchi eng muhim belgi uning davlat tilidir.

Mutaxassislarning fikricha, dunyoda 7000 til bo‘lsa, ularning aksariyati o‘lik tilga aylanib borayotgani ham rost. Tabiiyki, iste’molda bo‘lmagan til, istifoda etilmagan so‘z tanazzulga yuz tutadi.

O‘zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonuni qabul qilinganligining 31 yilligi hamda O‘zbek tili bayrami kuni munosabati bilan respublikamizning turli viloyat, tuman va shaharlarida xuddi shu sana munosabati bilan ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilayotgani ham quvonarlidir.

Ana shunday ma’rifiy tadbirlardan biri 20 oktyabr kuni Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari institutida onlayn tarzda tashkil etildi. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Davlat tilini rivojlantirish departamentining mudiri, professor Abdug‘affor Qirg‘izboyev ishtirok etdi. Shuningdek, tadbirda institut rahbariyati, professor o‘qituvchilar, talaba, magistrant va mehmonlar ishtirok etishdi. Jami 1000ga yaqin qatnashuvchilar ishtirokida o‘tkazilgan tadbirga institut yoshlar bilan ishlash bo‘yicha prorektori Ruzimurat Choriyev moderatorlik qildi.

Tadbir avvalida institut rektori, professor O‘ktam Umurzoqov barchani bayram bilan samimiy tabrikladi. So‘ngra A.Qirg‘izboyev departament tomonidan amalga oshirilgan bir qator ishlar borasida o‘z mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Davlatimiz rahbarining «Har birimiz davlat tiliga bo‘lgan e’tiborni mustaqillikka bo‘lgan e’tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirishimiz kerak», –  degan fikrlari hayot uchun yo‘llanma, taraqqiyot uchun qo‘llanma bo‘lishi aniq.

Bugungi kunda Davlat tilini rivojlantirish departamenti hamda Atamalar komissiyasining davlat tilining rivoji va uning targ‘iboti, ommalashtirish borasida bir qator amaliy, ijobiy ishlarni amalga oshirayotganini ta’kidlash o‘rinlidir.

«Til – taqdirimiz, tariximiz taqozosi, taraqqiyot tarozisi» deb nomlangan adabiy-ma’rifiy tadbirda talabalar o‘z ijodlaridan namunalar o‘qib berishdi, ba’zi talabalar esa tilga bag‘ishlangan videoroliklarini namoyish etishdi.             

Rahimboy Jumaniyozov,
institut matbuot xizmati rahbari

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring