Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Oyiga 500 kg tayyor tilla mahsulot: «Fonon» zargarlik zavodiga press-tur uyushtirildi (foto)

Oyiga 500 kg tayyor tilla mahsulot: «Fonon» zargarlik zavodiga press-tur uyushtirildi (foto)

Foto:«Xabar.uz»

Bugun, 29-yanvar kuni Toshkent shahar hokimligi tomonidan «Fonon» zargarlik zavodiga press-tur uyushtirildi.

Xabaringiz bor, 2019-yil 18-may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida zargarlik tarmog‘ini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni qabul qilingan edi. Farmonga muvofiq, mamlakatimiz hududida sifatli va raqobatbardosh zargarlik buyumlarini ishlab chiqarish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash maqsadida Markaziy Osiyodagi eng yirik zargarlik zavodi tashkil etildi  hamda 2021-yilning 15-yanvar kuni zavodning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Foto:«Xabar.uz»

Qurilish ishlariga «Asaka bank» tomonidan 21 million dollar miqdorida investitsiya kiritilgan.

Zargarlik buyumlarini zamon talabiga mos ravishda sifatli va raqobatbardosh mahsulot sifatida ishlab chiqarish maqsadida barcha asbob-uskunalar Italiya, Germaniya va Turkiyaning zargarlik sohasidagi yetakchi ishlab chiqaruvchilaridan keltirilgan bo‘lib, 8 nafar italiyalik mutaxassis hozirda yoshlarga o‘zi bilimlarini o‘rgatib kelmoqda. Ular 6 yil mobaynida korxonada ishlab, yoshlarga o‘z bilimlarini o‘rgatadilar.

- Hozirda zavodda 250 dan ortiq ishchi-xodimlar ishlayotgan bo‘lsa, ularning asosiy qismini yoshlar tashkil qiladi,  - deydi zavod direktori Jasur Ruzayev. -  Shu bilan bir qatorda, yoshlarning asosiy qismi kasb-hunar kollejlarini bitirgan bo‘lib, ular zavod ichida tashkil qilingan o‘quv kurslarida qayta malakalari oshirildi. Kelgusida joylarda ham taklif asosida o‘quv-amaliy kurslarini tashkil etib, qobiliyatli yoshlarni ishga taklif etish niyatimiz bor.

Foto:«Xabar.uz»

Jasur Ruzayev, shuningdek, zargarlik zavodi Toshkent shahar hokimligiga tegishli ekani haqida to‘xtalib o‘tdi.

Bu yerda 300 turdan ziyod tayyor va yarim tayyor zargarlik buyumlari ishlab chiqarilmoqda. Har bir buyum chizmalari dizaynerlar tomonidan yaratilgan. Zargarlik buyumlarni tayyorlash bosqichma-bosqich amalga oshirilib, bitta mahsulot tayyor holga kelguncha kamida 11 bosqichdan o‘tadi. Ushbu buyumlarni tayyorlash o‘ta nozik ish bo‘lganligi sababli uning asosiy qismi qo‘l mehnatida bajariladi. Ishlab chiqilayotgan zargarlik buyumlari sof oltindan ishlangan bo‘lib, faqatgina qimmatbaho toshlar chet eldan keltirilmoqda.

Zavod  oyiga 500 kg tayyor zargarlik buyumlari ishlab chiqarish quvvatiga ega. Korxona kelgusida ishlab chiqarilgan mahsulotlarning asosiy qismini ichki bozorda, 15 foizini esa chet elga, asosan O‘rta Osiyo mintaqasiga savdoga chiqaradi. Bugungi kunda italiyalik mutaxassislar tavsiyasi bilan tayyor mahsulotlarga Amerika va Yaponiya bozorida qiziqish paydo bo‘lgan. Hozirda zavod qoshida sotuv do‘koni ochilgan bo‘lib, u yerda ulgurji va chakana savdo yo‘li bilan zavod mahsulotlarini sotib olish mumkin. Narxlar xalqaro birja kurslari bo‘yicha hisoblanadi.

Foto:«Xabar.uz»

Zavod yiliga mamlakatimizga 120-130 million dollar foyda keltirishi mumkin. Yaqin orada onlayn savdolarni yo‘lga qo‘yish maqsadida mutaxassislar tomonidan mahsus ilovalar ishlab chiqilmoqda.

Kelgusida zavod buyurtma asosida ham zargarlik buyumlari ishlab chiqarish imkoniyatiga ega.

Foto:«Xabar.uz»

 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring