Uch mingga yaqin bomba va minalarni zararsizlantirgan o‘zbek sapyori
«Xizmatdoshlarimdan ikki nafari mina tozalash ishlarida halok bo‘ldi, – deb eslaydi bugungi qahramonimiz Shamsiddin Akbarxo‘jayev. – Komandirimiz Vladimir Menshixning, portlamay qolgan granatalar, mina, bomba bilan sira ham hazillashmang, deya ogohlantirishiga qat’iy amal qilardik, ammo amal qilganimiz bilan salgina qaltis harakat «uxlab» yotgan mina yoki bomani «uyg‘otib» yuborardi...
Toshkentlik 78 yoshli Shamsiddin Akbarxo‘jayev 2005 yildan beri Toshkent axborot texnologiyalari universitetining «Kompyuter tizimlari» kafedrasida dotsent lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda. Samimiy, kamtar, ohista so‘zlaydigan ustozning shogirdlari ham o‘zi kabi kamtar yoshlar.
«Domlamiz darsga kirganida xonada qanaqa vaziyat hukm surmasin ovozlari hamisha sokin, hech qachon qattiq gapirganini yoki baqirib urishganini eshitmaganmiz», deydi dotsent Shahnoza Pozilova.
«Ustozni ko‘rib ilm qilishga havas uyg‘ongan menda. Ustozdan punktuallikni, talabalarni darsga qiziqtira olish usullarini o‘rgandim», deydi katta o‘qituvchi Gulnoza Hamroyeva.
«Ustoz qayerda bo‘lsa o‘sha yerda ilmga yoshlarda qiziqish uyg‘onadi, yoshlarni olimlikka, ilmga qiziqtirish har kimning ham qo‘lidan kelmaydi», deydi dotsent Kamola Abdurashidova.
Bugun ustozini yoshlar ana shunday hurmatlab eslaydi va yaxshi ko‘rishadi.
Sakson yosh ostonasida turgan ustoz yoshligidagi xotiralarini kechagiday eslaydi.
– Otam, Najim Akbarxo‘jayev Politexnika universitetining «Matematika» kafedrasi mudiri bo‘lgan, dotsent lavozimida ishlagan. Otam 27 yoshida urushga ketgan. Bolaligimizda ko‘p bor uqtirardi: «Nimani niyat qilsang o‘sha bo‘ladi, faqat yaxshi niyat qilish kerak». Urushga poyezdda ketayotgan otamga kursdoshi nuqul: «Men baribir omon qaytmayman, tirik qolishimga ko‘zim yetmaydi», degan ekan. O‘shanda otam: «Yaxshi niyat qil, Xudo xoxlasa biz albatta omon qaytamiz», deyishiga qaramay o‘rtog‘i o‘z fikrida qolgan. Shu taxlit poyezd to‘xtagan payti hali urush bo‘layotgan joylarga yetib bormasdan hamma oyoq chigilini yozish maqsadida pastga tushishganida birdaniga bombardimon boshlanib qoladi va hammaga yotish buyrug‘i beriladi. Bombardimon tinchigach, askarlarni sanab poyezdga kirgizishayotganda haligi omon qaytmaymiz degan kursdoshining bomba ostida qolgani ayon bo‘ladi...
Shamsiddin akaning otasi esa yaxshi niyat qilganidek urushdan qaytib yana o‘sha sevimli ishini davom ettiradi. Buni qarangki, otasining hali urush xotiralari tugamasdan Shamsiddin Akbarxo‘jayev harbiy xizmatda sapyorlik qiladi – urush tugagach, 20 yildan so‘ng.
23 yoshli Shamsiddin Akbarxo‘jayev 1967 yilgacha harbiy xizmatni Ukrainaning Donetsk va Voroshilov viloyatlarida Ikkinchi jahon urushi yillarida jang maydonlarida portlamay qolib ketgan snaryad va minalarni topish, ularni zararsizlantirish ishlarida faol qatnashgan. Va ushbu xizmatlari uchun qahramonimizning ko‘ksini ko‘plab medallar bezab turibdi.
«Urush tugaganiga ancha bo‘lganiga qaramay uning asoratlari necha yuz yillarga tatishini harbiy xizmatdagi faoliyatim davomida yana bir bor guvohi bo‘ldim», deb eslaydi yana o‘sha kunlarni Shamsiddin aka. – Chunki 20 yil davomida sapyorlar qayerdaki urush bo‘lgan bo‘lsa o‘sha yerni portlovchi moddalardan tozalab kelishgan, men ikki yillik xizmat davrimda uch mingga yaqin ana shunday portlovchi moddalarni zararsizlantirdim, mendan keyin va hamon qanchadan-qancha sapyorlar ularni zararsizlantirmoqda.
– Urush tugagach odamlar albatta uy joylarini qaytadan qurishadi yoki o‘sha yerda shahar bunyod qilishadi, zararsizlantirilmagan mina yoki bombalar bir umrga qolib ketishi mumkinmi?
– Masalan bir uyga bomba tushdi, u 4-5 metr chuqurlikda, uy egasi nima qiladi, tomni ta’mirlaydi, polni teshigini tuproq bilan to‘ldirib polni ham ta’mirlab o‘sha bombani ustida yashayveradi. Lekin buni qanchalik tahlikali va qo‘rqinchli ekanini faqatgina o‘sha uy egasi biladi. Bizga juda ko‘p xatlar kelardi, uyidagi bombani yoki minani zararsizlantirib berish va kovlab olib tashlash haqida.
– Chuqurni kovlab bombani qidirayotganingizda xayolingizdan nimalar o‘tardi?
– Boshida juda qo‘rqardik, keyin o‘rganib ham ketdik. Ammo har safar miyangizni bir lahzalik portlash va sizning yo‘q bo‘lib qolishingiz haqidagi fikr tark etmaydi. Qo‘lga ushlab uni mashinaga ortish va ovloq joyga olib borishning o‘ziyam bir tahlika. Chunki salgina harakat uni portlashiga sabab bo‘lishi mumkin...
– Mana bu suratning g‘aroyib tarixi haqida gapirib bersangiz.
– Bu yerda men 50 kilolik portlamay qolgan bombani qazib olayotgan lahzalarim aks etgan. Ushbu suratni olgan fotograf 1967 yili «Urush sadosi» degan suratlar tanlovida g‘olib bo‘lgan. Va men g‘olib fotograf Boris Vitkovni tabriklab xat yozganman. O‘sha xatim asosida 1968 yil «Komsomolskaya pravda» gazetasida men haqimda maqola ham chop etilgan.
Shamsiddin aka bilan suhbat jarayonida bir narsani angladik, urush tugagach yillar o‘tib ham o‘z asoratini ko‘rsataveradi. Onalar umrining oxirigacha urushdan qaytmagan farzandlarini kutib o‘tib ketadilar. Qanchadan-qancha bolalar ota mehridan mosuvo bo‘ladi, urushning iqtisodiy zarari, shaharlarni vayron qilish va uni tiklash uchun bir necha yillar ketishi ham hech kimga sir emas. Lekin urushning yana bir katta asorati, bombardimon qilingan shaharu qishloqlarda portlamay «uxlab» yotgan, har lahzada uyg‘onishi mumkin bo‘lgan, bevosita kimningdir umriga zomin bo‘lishi ehtimoli katta bo‘lgan mina, bomba, granata kabi ajal urug‘ining yer qa’rida istalgan payti portlab ketishi mumkinligidir. Uni olib tashlamasangiz ham qachondir, masalan, qurilish bo‘layotganda, yerni kovlab nimadir ekilayotganda baribir portlashi mumkin ekan.
Shamsiddin Akbarxo‘jayev urushning asoratlarini bor bo‘yi bilan his qilgan inson. Shu uchun bu dunyoda eng qadrlaydigan narsasi tinchlik va shunday tinch zamonda tinmay mehnat qilish. Toshkent axborot texnologiyalari universitetida dars berish asnosida qanchadan-qancha talabaning o‘z kasbiga bo‘lgan mehrini oshirishga hissa qo‘shmadi, deysiz. Qanchadan-qancha yoshlarga ustozlik qilmadi, deysiz.
«Ba’zida komandirovkalarga viloyatlarga chiqsam, «Siz meni o‘qitgansiz domla, uyimda mehmon bo‘ling», deydiganlarni uchratib qolaman. Demak, umrim zoye o‘tmabdi, deya faxrlanadi ustoz.
Shamsiddin Akbarxo‘jayevning turmush o‘rtog‘i Nazira aya ximik, bir o‘g‘il va ikki nafar qizlari ham oliy ma’lumotli. 12 nafar nevarasi albatta ziyoli bobosining etagidan ushlagan. Ba’zilari hatto xorijning eng nufuzli oliygohlarida tahsil olishadi.
«O‘zi nevaram 10 nafar», deydi suhbatdoshim, Faxriddin ukam avtohalokatdan vafot etgach kelinim turmushga chiqib ketdi. O‘g‘lini o‘zim katta qildim, uyli-joyli qildim, ikki nafar bolasi hozir mening nevaralarim hisoblanadi».
– Demak farzandingiz uch emas, to‘rt nafar.
– Men doim bolalarimni to‘rt nafar deb kelaman.
Yunusobodning Bodomzor mavzesida ana shunday inson yashaydi. Kamtargina hayot yo‘li davomida juda katta sinovlarga qarshi tik turib kurasha olgan olijanob qalb egasi samimiy Shamsiddin Akbarxo‘jayev yana bir bor insonni mehnat, ilmga tashnalik yuksaklikka ko‘tarishini isbotlab umr kechirayotgandek. Biz ustoz bilan xayrlashib yo‘lga chiqdik. Qayerdadir bolalarning quvnoq kulgulari eshitiladi. Biz o‘tmishda qolgan va shu bilan birga bizga juda yaqin urush talafotlarini o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rgan odamlardek sukutga cho‘mgancha yo‘lda davom etdik...
Barno Sultonova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter