Mulk huquqi hammaga ham emas. Umumdavlat aksiyasi yo‘lidagi g‘ovlar haqida (raqam va faktlar)
Davlat xizmatlari agentligining Jamoatchilik va OAV bilan ishlash bo‘limi «Xabar.uz»ga ma’lum qilishicha, hozirgacha (08.04.2019) mamlakatimiz bo‘yicha o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlarga nisbatan mulk huquqini olish uchun Davlat xizmatlari markazlariga jami 610 mingdan ortiq yurtdoshlarimiz murojaat qilishgan.
Mavzuga oid: O‘zboshimchalik bilan qurilgan turar joylarga mulk huquqi berish haqida Hukumat qarori qabul qilindi
Murojaatlar oz
Eng past ko‘rsatkich Qashqadaryo viloyatida — atigi 38 foiz, ya’ni jami 86 mingdan ortiq o‘zboshimchalik bilan qurilgan turarjoylardan 33 mingdan ortig‘iga mulk huquqini e’tirof etish bo‘yicha arizalar kelib tushgan.
Shuningdek Toshkent shahri — 55 foiz (jami 45 029 tadan 24 999 ta ariza kelib tushgan) va Samarqand viloyati — 71 foiz (72 409 tadan 51 516 ta) ham «ilg‘orlar» safida.
Mulk huquqi hammaga ham emas
Aksiya boshlanganidan beri O‘zbekiston bo‘yicha 201 mingdan ortiq fuqarolarning o‘zboshimchalik bilan qurilgan turarjoylariga nisbatan mulk huquqi (murojaatlarning 32 foizi) e’tirof etildi.
Eng past ko‘rsatkichlar: Toshkent viloyati (16 foiz), Qashqadaryo (18 foiz), Andijon (24 foiz), Surxondaryo (26 foiz) va Samarqand (27 foiz) viloyatlari.
Kelib tushgan 76 mingdan ortiq murojaat rad qilinib, 332 mingdan ortiq murojaat komissiya a’zolari tomonidan ko‘rib chiqilmoqda va 88 mingdan ortiq murojaat bo‘yicha fuqarolar tomonidan bir martalik yig‘im to‘lanishi kutilmoqda.
Mavzuga oid: O‘zbekistonda 1 millionga yaqin o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratlar bor
Eng qonunbuzar idoralar
Ushbu aksiya doirasida Ko‘chmas mulkka nisbatan huquqni e’tirof etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha tuman (shahar) komissiyalari a’zolari tomonidan 115 mingdan ortiq qonun buzilishi holatlariga (murojaatni ko‘rib chiqish muddyoati va tartibini buzish, asossiz rad etish holatlari) yo‘l qo‘yilganligi aniqlandi.
Mazkur qonun buzilishi holatlarining 46 mingdan ortig‘i — kadastr xizmati; 15 mingdan ortig‘i — ichki ishlar; 14 mingdan ortig‘i — hokimliklar; 13 mingdan ortig‘i — soliq; 12 mingdan ortig‘i — qurilish; 6 mingdan ortig‘i — ekologiya; 4 mingdan ortig‘i — DSENM organlari hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Ushbu holatlar yuzasidan 1211 nafar shaxs ma’muriy, 385 nafar shaxs intizomiy javobgarlikka tortildi (shulardan 35 nafari vazifasidan ozod etildi).
Aksiya doirasida yechimini kutayotgan tizimli muammolar
Birinchidan, bugungi kunga qadar 23 mingdan ortiq murojaat bo‘yicha komissiya tomonidan ijobiy xulosa berilgan bo‘lsada, mulk huquqini e’tirof etish haqida tuman (shahar) hokimlari tomonidan asossiz ravishda qaror qabul qilinmayapti. Masalan, Buxoro viloyatida 5216 ta, Surxondaryoda 3875 ta, Toshkent viloyatida 3198 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasida 2528 ta, Qashqadaryoda 1839 ta, Xorazmda 1737 ta, Toshkent shahrida 1659 ta, Namanganda 1155 ta, Samarqandda 1038 ta holat bo‘yicha komissiyaning ijobiy xulosasi chiqqan bo‘lsada, tuman (shahar) hokimlarining qarorlari qabul qilinmagan.
Ikkinchidan, aksiya doirasida davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi komissiya a’zolarining tuzilmasida davlat xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha aniq tarkibiy bo‘linma mavjud emas yoki bu yo‘nalishdagi davlat xizmatini ko‘rsatish bo‘yicha aniq mas’ul xodimlar biriktirilmagan. Jumladan, komissiya a’zosi — tuman (shahar) qurilish bo‘limlarida 1-2 nafar xodim bo‘lgani holda, ularga ushbu aksiya doirasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan boshqa ishlar ham qo‘shimcha vazifa sifatida yuklatilgan. Bu kabi holatlarni komissiya a’zolari hisoblanuvchi barcha davlat organlari faoliyatida ham kuzatish mumkin.
Ta’kidlash joizki, birgina 2019-yilning o‘tgan davri mobaynida har hafta davomida qariyb 33 mingtadan ortiq murojaat kelib tushmoqda va komissiya a’zolaridan hafta davomida o‘rtacha 160-170 tadan murojaatni ko‘rib chiqib, hal etishi talab qilinmoqda.
Oqibatda, ushbu ish davlat xizmatini ko‘rsatuvchi davlat organlarining mas’ul xodimlariga qo‘shimcha vazifa sifatida yuklatilganligi sababli aksiya doirasidagi vazifalarning o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishiga imkon bermayapti.
Uchinchidan, tuman (shahar) komissiyasining qaroridan norozi bo‘lib, fuqarolar tomonidan yuqori turuvchi komissiyaga yuborilgan murojaatlar yana tuman (shahar) komissiyasining o‘ziga o‘rganish uchun yuborilmoqda. Vaholanki, yuqori turuvchi komissiyaning vazifalaridan biri tuman (shahar) komissiyasi qarorining qonuniyligini o‘rganish va baho berish hisoblanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter