Vertolyot, kortej va boshqalar haqida mulohazalar
Oqqo‘rg‘on tumanida kelin-kuyovni olib ketayotgan vertolyot va yettita Kaptiva ishtirokida to‘y kortejining uyushtirilgani haqidagi xabar shov-shuvga aylanib ketdi. Shu kecha-kunduzda ijtimoiy tarmoqlarda obdon muhokama etilayotgan bu mavzu yuzasidan foydalanuvchilar ham o‘z munosabatlarini bildirishmoqda.
«Kortejni yo‘l harakati qoidalarini buzgan holda boshqa harakat ishtirokchilariga xalaqit bergan, deb chiqishdi. Ammo, bir tarafi bor: O‘zbekistondagi to‘ylarda ham vertolyot xizmat ko‘rsata boshlasa, nimasi yomon?! Boshqa davlatlardan qayerimiz kam? Manimcha, buni to‘g‘ri qabul qilish kerak edi...»
«Dabdababozlik ham evi bilan-da! Ko‘r-ko‘rona boshqa davlat an’analariga ergashish, hatto, to‘ylarimizning ham madaniy-ma’naviy ko‘rinishini izdan chiqarib yubordi. Axir to‘ylarimiz kishilarni tarbiyalovchi bir vosita bo‘lib xizmat qilib kelgan...»
Qarama-qarshi fikrlarni tinglar ekanmiz, beixtiyor to‘ylar haqida qog‘oz qoralagimiz keldi. To‘g‘ri, to‘ylar mavzusi eskirgan. Lekin, aynan to‘ylar sabab jamiyatda turli voqea-hodisalarning yangilanib borayotgani mulohazaga chorlaydi.
Mavzu faqat to‘ylardagi kortej emas
Bir paytlar to‘ylarda laparlaru yor-yorlar, milliy raqs san’ati, qo‘shiq san’ati yuksak darajada kamol topgan ekan. Eng mashhur polvonlar ham, eng zo‘r xushovoz hofizlar ham xokisor elimizning to‘y-tomoshalaridan yetishib chiqqan. Keksalar so‘ziga quloq tutsangiz, bundan 50-60 yil ilgarigi to‘ylar haqida o‘zgacha fikrlarni tinglaysiz.
«Burungi to‘ylar butun mahallaga ibrat, o‘rnak marosimi bo‘la olardi. Qizlar iffatu hayo pardasi ostida musiqa chalib, qo‘shiq aytishar, izzatu-odob ila o‘yin-kulgi qilishardi. Shariat qoidalariga rioya etgan holda yigitlar bilan she’rxonlik, chiroyli aytishuvlar bilan bazmu-jamshidni obod etishardi. Afsuski, XX asr o‘rtalaridagi ijtimoiy-siyosiy o‘zgarish xalqimizning muqaddas an’analariga, to‘ylariga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qo‘ymadi. Spirtli ichimliklar to‘y dasturxonining shohiga aylandi. Ayollaru erkaklar bir dasturxon ustida aroq cho‘qishtirishadi. Yetmaganiga, yosh ham, qari ham odamlar oldida allambalo harakatlar bilan opichlashib, o‘yinga tushishadi. Va tap tortmay, ijtimoiy tarmoqlarga ham tarqatib yuborishadi. To‘y bahona fahshu zinodan ham qaytmaydigan bo‘lib ketishdi odamlar. Ayrimlar to‘qlikka sho‘xlik qilib, to‘ylarda «Men sendan kammi?» deya isrofgarchiligu, kimo‘zarchilikning avj olishiga ham sababchi bo‘lishdi. Aytsam tilim, aytmasam dilim kuyadi, qizim. Aslida, ana shunday dabdabalar O‘zbekning asl to‘ylarini yemirdi. Isrofgarchilik illatga aylandi. Diqqat bilan kuzatsangiz, to‘yxonada qancha mahsulot isrof bo‘ladi. Issig‘u yaxna taomlar tortiladi. O‘ylab ko‘ring, odam shuncha ovqatni ikki-uch soat ichida yeb tugata olishi mumkinmi? Aslida, bu butun umr yiqqan-tergan mablag‘ni havoga sovirish, isrof qilishdir. Achinarlisi, bu yemaklar axlat qutilarga uloqtirilmoqda. To‘y rasm-rusumlari izdan chiqdi. Qancha-qancha yosh oilalar ham ana shunday dabdababozliklar sabab parokanda bo‘lib ketdi»,-deydi Romitan tumanidagi Musicha qishlog‘ida yashovchi 79 yoshli Safar bobo Ahmedov.
Safar boboning kuyinib gapirishida jon bor. Ijtimoiy hayotdagi iqtisodiy taqchillikka qaramay, to‘ylarni dabdabali o‘tkazish, sarpolar olishu, maishatga mukkasidan ketish kuchaygan. Mehmonlarga xil-xil taomlar tortishlaru, tog‘orabozliklardagi manmanliklar, ortiqcha xarajat va isrofgarchiliklar juda ko‘pchilikning joniga tekkan. Shunga qaramasdan, to‘ylarni tartibli, ixcham o‘tkazish uchun hech kimda iroda, qat’iyat yetishmayapti. Boz ustiga, zamonabozlikka berilib, to‘y stollari ustida akariumda baliqlarning ham suzib yurishi lozimligi urfga aylanib ulgurdi.
Dodu-bedod...
Bugun to‘yxonalarning sanog‘i yo‘q. Hatto, eng chekka qishloqlargacha to‘yxonalar qad rostlagan. Bu bir jihatdan qulay, ammo, to‘yxonalar to‘ylardagi fayzu ziynatni, ko‘rinishni yo‘qotdi. To‘yxona faqat yeb-ichib, mast-alast bo‘ladigan, shovqin-suron maydoniga aylandi-qoldi. Karnay-surnayu, kuy-qo‘shiqlarning dodu-bedodidan odamlar yonginasidagi oshnasi bilan gaplasha olmaydi. Musiqa karnayi maxsus baqirtirgichlarga ulangan: quloqlar tom bitib qoladi. Kelin-kuyov - o‘zbek. Musiqalar xorijona.
«Madaniyatli» quda-andalar o‘zaro kelishgan holda 3-4 million so‘m ortiqcha xarajat qilishib, baletmeystrni ham taklif qilishyapti. Yarim-yalong‘och kabutarlar go‘yoki kelin-kuyov obrazini yaratarmish. Uyat-da, endi! To‘rt tomonga sakrab-aylanayotgan baletmeystr to‘y to‘rida emas, davraning boshidan-oxirigacha inglizcha kuyda valsga tushayotgan kelin-kuyovlar tez-tez «qistirib» qo‘yadigan pullarni olib qo‘yishni ham unutmaydi. Bundan tashqari, sozandasiz to‘y o‘tkazish urfga kirdiyu, davrani raqqos yigitlar egalladi. Ularning to‘y maydonida almoyi-aljoyi raqslari beixtiyor ko‘z o‘ngingizda «masxaraboz o‘yini» musobaqasi namoyon qiladi»,-deydi Kogon tumanilik Salim Nabiyev bugungi to‘ylar haqida gapirar ekan.
San’atkorlar ham ustasi farang bo‘lib ketishgan. Matni buzilgan kuy-qo‘shiqlarga shunchaki lab qimirlatib turishdan charchashmaydi. O‘zbekcha kuy-navolar ostida talaffuzi nomunosib xorijona qo‘shiqlar yangraydi. Har kim o‘z-o‘zi bilan band. Birov bilan birovning ishi yo‘q. Muhimi, odamlarning qorni to‘q, kayfi taroq... qalbi och. To‘ylarning, nafaqat, mazmuni, balki shaklining ham o‘zgarib borayotganidan, o‘zbek madaniyati to‘xtovsiz xorij madaniyati xuruji ostida qolib borayotganidan yurak achishadi.
«Bir paytlar to‘y, deganda diydor, suhbat, kamtarlilik, tejamlilik uyg‘un bo‘lardi. Bugun esa to‘y, deganda elu-yurtni ovqatu aroqqa to‘ydirish tushunilgandek, go‘yo. «Falonchi aka zo‘r to‘y berdi, «Pismadonchi ajoyib osh qipti», «To‘y sohibi bazmda aroqni chelaklab quydi-da, ofarin!»-deb kekirib qo‘yamiz. Keraksiz dabdaba, ota-onalarning hashamati, yoshlarning ortiqcha sho‘xligi oqibatida to‘ylarning mazmuni-shakli o‘zgardi. Ammo, biz xohlaymizmi-yo‘qmi, bugun emas, ertaga, albatta, to‘y o‘tkazish tartiblari ixchamlashib, soddalashib boraveradi. Negaki, narxlarning o‘sishi, kundalik iste’mol mollarga bo‘lgan ehtiyojning oshib borishi kishini ko‘proq ishlashga, mehnat qilishga undaydi. Odamlar ijtimoiy hayotning mazmun-mohiyatini anglashlari uchun imkon tug‘iladi. Mashaqqatlar bilan topgan pullarini to‘y-tomoshalarda huda-behuda sovurishdan saqlanishadi. To‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishni tartibga solish to‘g‘risida»gi Farmonning e’lon qilinganiga bir necha yil bo‘ldi. Farmon ijrosini ta’minlash amallari ancha-muncha o‘z natijasini ko‘rsatgan. «Yoshlar bazmi», «ZAGS to‘yi», «Fotiha to‘ylari» qisqartilgan. Milliy urf-odatlarimiz sirasiga kiruvchi «Chimildiqosar» marosimidagi ortiqcha dabdabalaru, keraksiz xarajatlar kamaytirilgan»,-dedi Buxoro shahridagi Shodlik mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Nodira Ergasheva.
Sarpo-suruq sovuqchilik solar
Sepli qiz bo‘lguncha, epli qiz bo‘l, degan gap bor. Kelinlik ostonasida turgan qiz «Sarpo xarid» chog‘ida xarxasha qiladigan yosh bolaga aylanishadi-qolishadi. Bozor rastalari oralab borayotgan kelin bo‘lmish qizlarning savdo chog‘idagi holatini ko‘rib, ham kulasiz, ham ta’bingiz xira bo‘ladi. Bo‘lg‘usi qaynona-qaynotadan tap tortishmay, «Unisini emas, bunisini olaman!» deb oyoq tirab olishadi. Qimmatbaho buyumlaru, oltin-kumush do‘konlarida mash-mashasini boshlagan kelinchak-qizning beo‘xshov qiliqlaridan bo‘lg‘usi qaynonaning yuragi zirqirraydi.
- Bunisiga qo‘limiz sal kaltalik qiladi-ya, qizim...
- Yo‘qsa, keragi yo‘q, qo‘yavering! - tumshayadi kelin-qiz.
Qaynona noiloj qoladi. To‘yni qaytarish shashtida yonadiyu, yana shaytonga «hay» beradi. Kelin bo‘lmish shu mahallaning qizi. Ertaga mahallaga har xil gap-so‘zlar tarqalishi mumkin. Harna bo‘lgandayam, o‘sha qimmatbaho toshni sotib olishga majbur... Boz ustiga, keyingi paytlarda yigitlar ham «kuyovchak»likda kelinlardan o‘zishmoqda. Bozorlarda va mebel jihozlari savdo markazlarida arzonroq yotoq mebellarni xarid qilishda kelin tomonni qarzga botirayotganlarni ko‘rib, yoqa ushlaysiz.
Qaysarlik va o‘jarlik bilan ikkinchi tarafni qaqshatib, o‘zi istagandek mato-mebellarni olgan bunday yosh oilaning shodu-xurram, xushnud onlari bir necha oy davom etadi, xolos. To‘ydan oldin bozorda o‘z fe’lini «ko‘rsatib qo‘yishgan»i uchun qaynonalar ham to‘ydan keyin «tomosha»sini ko‘rsatib qo‘yish payiga tushadi. Yangi kelin tushirgan xonadon turli vitaminlarga boy taomlar, meva-chevalar iste’mol qilishi lozim bo‘lgan davrda qaynona-qaynota to‘y qarzlarini to‘lash bilan band bo‘ladi. Natija esa ayon. Kamqon va nosog‘lom farzand dunyoga keladi. Oila o‘z-o‘zidan parokanda bo‘ladi.
«Sarpo xarid» chog‘idagi yana bir tomoshani kuzatib, ayrim ota-onalarning kimo‘zarchilikka berilib, yoshlarning orzu-havaslariga qarshi chiqayotganlariga ham guvoh bo‘lasiz.
Bo‘lg‘usi kelin-kuyov o‘qimishli. Yangilikka o‘ch. Kitobu ilmga berilishgan. Ularga oltin-kumush, qimmatbaho kiyim-kechaklarning qizig‘i yo‘q. Bozorga ikkkalasiniyam sudragudek olib chiqishgan.
- Bizga qarz-qavola qilib, sarpo-suruq qilmanglar, iltimos.
- Odamlar nima deydi?! Nima, birovdan kamimiz bormi? Hech kimdan orqada qoladigan joyimiz yo‘q. Kerak emas, kerak emas, deysanlar, senlarga osmondagi oy kerakmi?
- Yo‘q,- deyishadi bo‘lg‘usi oila sohiblari iymanishib,-bizga, yaxshisi, arzonroq bo‘lsayam, kompyuter olib beringlar.
- Bu sarpolar puli o‘nta kompyuteringdan qimmat turadi. Bo‘lmag‘ur gaplaringni qo‘y!
Yoshlarning orzu-havasi havoda qoldi.
- Sarpolarimizga hech bo‘lmasa, kitob qo‘sharsizlar,-deyishdi yoshlar xunob bo‘lishib.
Kitobga, ilmga muhabbati ziyoda yoshlarni kuzatib turganlar «Telba kelin-kuyov» deya ularning ustidan kulishdi. To‘g‘ri, ayrimlar fikricha, ular ilmu kitob bilan band bo‘lishsa, tirikchiligu bozorni kim qiladi? Ammo, inson dunyoga shu ikki maqsad: Tirikchilik va Bozor uchun kelmagan. Yoshlar istagandek sarpoga kitob qo‘yilishi, shubhasiz, oilaning mustahkamligini ta’minlaydi.
Mashinalar «o‘yini»
Bugun yosh quda-andalar kelin-kuyovga obro‘, deya to‘y dabdabasi oldi ularning turnaqator mashinalarda shahar aylanishlarini ta’minlab qo‘yishgan. Yoshlar ham shovqin-suron, quloq pardalarini yirtib yuborgudek musiqa sadolari ostida kimo‘zarga yetib-olar qilishib, mashinalar «o‘yini» bilan shahar kezishadi. Ko‘chani to‘ldirib, qiyqirib-quvalashib borayotgan mashina haydovchilari ana shu vaziyatlarda insonlar hayotini, umuman, o‘ylashmaydi. Dabdaba, hoyu-havasga hirs avjining oxiri ko‘pincha fojia yoki ko‘ngil xiraliklari bilan yakun topadi.
«2019 yilning sentyabr oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashi va Qonunchilik palatasi Kengashining majlisi bo‘lib o‘tgandi. Unda to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlarni o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga oid o‘zgarishlar ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, to‘ylarda to‘y korteji 3 ta mashinadan oshmasligi belgilangan edi. Biroq, mahallalar tomonidan olib borilayotgan ishlarga qaramay, ko‘pchilik fuqarolar amal qilishmaydi. O‘rni kelganda, har doim ham ortiqcha avtomashinalar xizmati uchun ichki ishlar bo‘limlari tomonidan chora ko‘rish nari tursin, e’tibor ham qaratishmaydi. Qachonki, shov-shuvli yoxud fojiali holat sodir bo‘lsa, o‘sha yerda hoziru-nozir bo‘lishadi. Birgina mahalla raisini jon kuydirishi bilan hech narsaga erishib bo‘lmaydi»,-deydi o‘zini tanishtirishni istamagan mahalla raislaridan biri.
«Yaqinda qo‘shnimiz qiz chiqardi. 7-8 ta mashina kelinposhsha oyog‘i ostida «poyondoz». Kelin esa go‘zallik salonida. Kuyovto‘ra ikki soatcha kutdi. Bir payt kelinchak «Zagsga bormayman»lab qoldi. Nima emishki, u dugonalariga «Menga mingta shaloq mashinasi kerak emas, men Trekerda boraman!»- deb tashqarida qo‘lida gul bilan kutib turgan kuyovga «ishqnoma» jo‘natibdi. Kuyov yigit bo‘lg‘usi umr yo‘ldoshining bunday diydiyosi ertaga turmushimizni qay ko‘yga soladi»,-deya jahl bilan to‘yni qaytardi. Qiziga munosib tarbiya berolmagan ota-ona esa uyatdan nima qilishni bilmay qolishdi. Ko‘ksimizda og‘riq sanchadi. Quruq hoyu-havas, soxta obro‘ kelin bo‘lmishning bir og‘iz erkatoyligi bilan oyog‘i ostidagi baxtni qulatdi-qo‘ydi. To‘y kortejlari tartibsizligi nazoratini ichki ishlar olib borishi va joy-joyiga qo‘yishi kerak»
Gulshoda Hamidova,
o‘qituvchi.
«To‘y-hashamlarni-ku, qo‘ya turaylik, dafn marosimlarida ham sarfu-xarajatlarning osmon qadar bo‘ylashi ta’bni xira qilmay qo‘ymaydi. Vafot etganning ruhi shod bo‘lsin, deya dasturxonlarning shohona yozilayotgani, hatto, jasadning yuvilib, tobutga olishini, qo‘yingki, tuproqqa qo‘yilgunicha bo‘lgan holatlarning-da, videotasmalarga olinishi juda noxush manzara. «Otam o‘ladi-yu, mozorgacha o‘nta mashina qilolmaymanmi?»-deya tobutni yelkalab borish o‘rnida bir qadam nariga ham so‘nggi rusumdagi mashinalar xizmatini yo‘lga qo‘yuvchi boyvuchchalar ko‘paydi. Tirigida otasini o‘z mashinasida bozorgacha olib bormagan o‘g‘ilning ota jasadini mozorgacha yelkalab borish o‘rnida dimog‘dorlik qilganiga nima deysiz? Aslida, kimo‘zarchilik kimbuzarchilikka xizmat qiladi. To‘g‘ri, marhumning xotirasi doimo muqaddas. Lekin qirq kun ehson qilib, go‘yo uning bilib-bilmay qilgan gunohlarini yengillashtirishga harakat qilish nimasi?! Hadislarda aytilishicha, agar birovning yaqini qazo qilsa, uch kun motam qilishi mumkinligi, bexabarlar yetti, yigirma va qirq kungacha Qur’on o‘qib, savobini azadorga yetkazishi mumkin ekan. O‘zbeklarga xos urf-odat, rasm-rusum va tartib-qoidalarni imom, otinoyi va dasturxonchilar mulohaza qilib ko‘rsak, bugungi qaror va talablar asnosida islomiy qadriyatlarga rioya qilgan holda belgilasak, maqsadga muvofiqdir».
Saidburhon Qodirov,
jurnalist.
Laylo Hayitova
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter