Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Xavotir

Xavotir

Uch nafar qalin dugonam bor. Hammamiz har yerdanmiz. Bitta kollejga bir vaqtda ishga kelib do‘stlashib qoldik, vaqt o‘tib munosabatlarimiz mustahlanib bordi. Hozir bizdan inoq dugonalarni topolmaysiz. Quvonchu tashvishimiz, dardu hasratimiz bir. Bugun bizni ko‘pdan beri qiynayotgan narsa haqida yozishga qaror qildim.

Xo‘jayinlarimiz turli sohada ishlashadi. Oramizdan uchtamizning erimiz davlat organida ishlasa, bittamizniki biznes bilan shug‘ullanadi. Eri biznesmen bo‘lgan dugonamizga hamisha havasimiz keladi. Chunki uning umr yo‘ldoshi hamisha yonida, ko‘pincha oilaviy kechki sayrlarga chiqishadi, parklarga borishadi, bolalar ham ota-ona mehriga qoniqib o‘sayapti. Xo‘sh, biz-chi?

Yuqorida erlarimiz qayerda ishlashini aytib o‘tdim. Ertalab vaqtli ishga ketishsa, yarim kechaga yaqin yoki tun yarmidan oqqanda ishdan qaytishadi. Ishga ketishayotgandayam, ishdan qaytganlaridayam ko‘pincha bolalar uxlayotgan bo‘ladi. Uyg‘oq bo‘lsalar ham «Otangni bezovta qilmanglar, charchab kelgan» deb o‘rgatganimiz tufayli otalarining oldiga borishavermaydi. Erkaklarimiz ham uyga kelib zo‘rg‘a ovqatlarini yeyishga yaraydilar, gohida ovqatlanmasdan ham uxlab qoladilar.

Men o‘z oilam misolida gapirishim mumkin edi, ammo qolgan dugonalarimning oilasidayam xuddi shu muammo bor. Bu savdo ko‘plab oilalarning boshida bo‘lsa ajab emas va bunga tezda yechim topilishi kerak. Aks holda buning badali og‘ir va achchiq bo‘lishi mumkin.

Maktablarda erkak o‘qituvchilar kamayib ketganidan shikoyat qilishni qoyillatamiz. Chindan erkak o‘qituvchilar kam. Men ishlaydigan kollejda ham o‘qituvchilarning asosiy qismi ayollar. Ayol pedagogning tarbiyasini olgan o‘quvchilar bilan erkak o‘qituvchining tarbiyasini olganlarniki farq qilishi, ayniqsa, o‘g‘il bolalarning qizmijoz bo‘lib o‘smasligi uchun erkakcha tarbiya muhimligi, erkaklarni maktabga qaytarish uchun o‘qituvchilarning oyliklarini oshirish kerakligi haqida keyingi paytda ko‘p gapirilayapti. Bu fikrga qo‘shilmay ilojimiz yo‘q. Zotan, ayol boshimiz bilan o‘quvchilarimizni eplolmay qolishimiz, ayniqsa o‘smir yoshdagi bolalar ayol ustozlaridan unma-munchaga hayiqmasligi, buning oqibatida ta’lim-tarbiyada sustlashish kuzatilayotgani o‘zimizgagina ayon. Biroq...

Biroq xuddi shu muammo oilalarimizga kirib kelayotganidan tashvishdamiz. Ayniqsa, erlari davlat organlarida, turli vazirlik va idoralarda ishlaydigan ayollarning dardiga quloq tutilsa muammoning ko‘lami yaqqol namoyon bo‘ladi.

Bugun vazirliklarda oddiy xodim bo‘lib ishlovchi erkaklar soat o‘n ikkidan oldin uyga qaytishi mumkin emas. Yozilmagan qoidalarga ko‘ra, deylik, soat to‘qqizlarda vazir ishdan chiqsa, yarim soat farqi bilan o‘rinbosarlar, ularning ortidan 15-20 minut farq bilan boshqarma boshliqlari, so‘ngra yana shuncha vaqt o‘tkazib bo‘lim boshliqlari qaytganidan so‘nggina oddiy xodim bechora uyga qaytoladi. Bu nima degan gap axir?!

Keyingi paytda majburiy mehnat haqida ko‘p gapirilmoqda, uning qonunga zid ekani tez-tez takrorlanayapti. Ammo men yuqorida tasvirlagan holat ham majburiy mehnatning o‘zginasi-ku. Vazirliklarda belgilangan ish vaqti degan tushuncha yo‘qolib ketganiga ancha bo‘lgan. Ishonmasangiz davlat organlarida ishlovchilardan so‘rab ko‘ring. «Nima u?» deb javob qilishlari aniq. Biroq bu holat bo‘yicha ular hech qayerga shikoyat qilisholmaydi. Biz ham erkaklarimiz vaqtida ishga borib, vaqtida uyga qaytsin, odamga o‘xshab kechki ovqatni oila davrasida yesin, farzandlari bilan hech bo‘lmasa kechki paytlari suhbatlashsin, o‘qishini, yurish-turishini so‘rab-surishtirsin, ularning tarbiyasini nazorat qilsin deb hech qayerga bosh urib borolmaymiz.

Davlat organida ishlashi ularning aybimi? Belgilangan sakkiz soat o‘rniga 10-12 soat ishlashsa, nimanidir qoyil qilisharmikan? Bu turgan-bitgani qonunsizlik-ku? Balki shuning uchun ko‘plab kallalilar davlat organlarida ishlashdan ko‘ra shaxsiy biznesini yo‘lga qo‘yishni yoki chet elga ketishni ustun qo‘yishar? Savollar ko‘p, javob esa...

Har bir tashkilotda, o‘sha vazirliklaru qo‘mitalarda ham kasaba uyushmalari degan tashkilot bor. Lekin shu paytgacha ularning ish beruvchiga kirib nega xodimlarni me’yoridan ortiq ishlatayapsan, sakkiz soatdan ziyodiga uning roziligini olishing va buning uchun ikki barobar haq to‘lashing kerakligini bilasanmi deganini eshitmadim. Eshitmasam ham kerak.

Meni bir narsa qiynaydi. Maktab-kollejlar misolida ayolning bergan tarbiyasi erkaknikining o‘rnini bosa olmasligi tan olinib va bu ta’lim sohasida yillar davomida yo‘l qo‘yilgan xatolar mahsuli ekani e’tirof etilib turgan paytda oilalarda ro‘y berayotgan xuddi shunday muammolarga teskari munosabatda bo‘linmoqda. Bir ona sifatida ota tarbiyasini ko‘rmay, mehridan mosuvo bo‘lib voyaga yetayotgan farzandlarimning kelajagidan xavotirdaman. Bu so‘zlarim o‘quvchilarga shaxsiy dardimni dasturxon qilgandek tuyulishi mumkin, ularga mana bu maqolalarni o‘qishni tavsiya qilaman, zora meni tushunishsa...

Birinchi maqola.

Ikkinchi maqola.

Uchinchi maqola

To‘rtinchi maqola

Farida Xayrulla qizi

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring