Yangi farmoyish bilan «O‘zbekkino» uchun eng zamonaviy uskunalar xarid qilinadi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 7-avgustdagi «Milliy kinematografiyani yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ijrosini ta’minlash, shuningdek, «O‘zbekkino» milliy agentligi tizimi tashkilotlari bino va inshootlarini rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlarini jadallashtirishga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-dekabrdagi 1407-sonli farmoyishi e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, 2018-2021-yillarda «O‘zbekfilm» AJ va «O‘zbekiston Respublikasi ilmiy-ommabop va hujjatli filmlar kinostudiyasi» MChJ (ob’yektlar) bino va inshootlarini zamonaviy talablar asosida rekonstruksiya qilish ko‘zda tutilgan.
Ob’yektlar rekonstruksiyasi bo‘yicha ishlarning ko‘lami va ularni bajarish bosqichlari belgilab olingan. Markazlashgan kapital qo‘yilmalarni qayta taqsimlash yo‘li bilan ob’yektlar rekonstruksiyasi uchun 20,0 mlrd. so‘m ajratilgan.
Ob’yektlarning rekonstrutsiyasi uchun 58,0 mlrd. so‘m hajmidagi xayriya yordamlarini jalb qilish ko‘zda tutilgan, zarur bo‘lgan texnik va kino tasvirga olish usukunalarining ro‘yxati ishlab chiqilgan.
Vazirlar Mahkamasining ushbu farmoyishiga binoan, 2018-yilning 31-yanvarigacha ob’yektlar qurilish-montaj ishlarining birinchi bosqichini amalga oshirishga, zarur import tovarlarini olishni moliyalashtirishga, ob’yektlarni loyihalash, rekonstruksiya qilish va jihozlash sohasidagi yetakchi, shu jumladan, chet ellik ixtisoslashgan ekspert va maslahatchilarni jalb qilishga ruxsat berildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya davlat qo‘mitasi «O‘zbekkino» MA bilan birgalikda 2 oy muddatda ob’yektlarni zarur texnologik va kino tasvirga olish uskunalari bilan jihozlash uchun xalqaro moliya institutlarini jalb qilish bo‘yicha taklif ishlab chiqadi.
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi 2018-yil va undan keyingi yillarda ob’yektlarni rekonstruksiya qilish va jihozlash ishlari uchun ajratmalar bilan ta’minlaydi.
Qolaversa, «O‘zbekenergo» AJ va «O‘ztransgaz» AJ Toshkent shahar hokimligi bilan kelishilgan holda o‘z mablag‘lari hisobidan ob’yektlarning elektr va gaz ta’minoti tarmoqlarini loyihalash, qurish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirib, O‘zbekiston Respublikasi Arxitektura va qurilish davlat qo‘mitasi ob’yektlarning loyiha-smeta hujjatlarini davlat ekspertizasidan o‘tkazishi va qurilish-montaj ishlarining sifatini davlat arxitektura-qurilish nazoratiga olishi belgilangan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter