Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yaponiya O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga navbatdagi grantni ajratdi

Yaponiya O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga navbatdagi grantni ajratdi

Yaponiya hukumati «Kichik miqyosli ijtimoiy loyihalarga beg‘araz yordam» dasturi doirasida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimiga 270630 AQSh dollariga teng grant ajratdi. Grant mablag‘i uchta loyihaga yo‘naltirilishi kutilmoqda.

20 oktyabr kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan grant shartnomalarini imzolash marosimida O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari Otabek Fozilkarimov hamda Yaponiyaning mamlakatimizdagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama ishtirok etdi.

«Dunyo yangi turdagi koronavirusning misli ko‘rilmagan inqirozini bosqichma-bosqich yengib kelmoqda. Biroq yuqori sifatli tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash tobora dolzarb masalaga aylanmoqda. Yaponiya bundan keyin ham O‘zbekistondagi yordamga muhtoj insonlarga ko‘maklashishga salmoqli hissa qo‘shishda davom etadi. Bugun imzolangan uchta shartnoma ham Markaziy Osiyoning yuragida joylashgan O‘zbekiston bilan yapon xalqining do‘stligi ifodasidir», – dedi Yoshinori Fujiyama.

Diplomat grant bitimlarini imzolash ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligiga to‘g‘ri kelganiga e’tibor qaratgan.

Yaponiya elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, grant mablag‘i Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus tumani tibbiyot birlashmasi (90650 dollar), Buxoro viloyati Peshku tumani tibbiyot birlashmasi (90000 dollar) hamda Toshkent shahri Olmazor tumanidagi 17-sonli oilaviy poliklinikani (89980 dollar) tibbiyot uskunalari bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi.

Yurtimizda Kunchiqar o‘lka ko‘magida sog‘liqni saqlash, ta’lim va qishloq xo‘jaligi sohalarida yuzlab loyihalar amalga oshirilgan.

Joriy yil avgust oyida Yaponiya hukumati iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyotga beg‘araz ko‘mak ko‘rsatish dasturi doirasida O‘zbekistonga  umumiy qiymati 500 mln iyenani (qariyb 4,6 mln dollar) tashkil etuvchi tibbiy-diagnostika uskunalari taqdim qildi.

Joriy yil fevral oyida esa Yaponiya elchisi Yoshinori Fujiyama hamda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti qoshidagi klinikada xizmat sifatini oshirishga qaratilgan loyiha bo‘yicha Almashuv notasini imzoladi. Loyiha doirasida muassasaga 794 million iyena (7,35 million dollar) miqdorida tibbiy uskuna va o‘quv materiallari yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring