Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yarim yil yakuni bo‘yicha «g‘alvir suvdan ko‘tarilib», so‘rov qattiq bo‘ladi

Yarim yil yakuni bo‘yicha «g‘alvir suvdan ko‘tarilib», so‘rov qattiq bo‘ladi

Foto: Prezident matbuot xizmati

Endilikda tumanlarda ish ham, yondashuv ham, boshqaruv tizimi ham o‘zgarishi belgilandi.

Bu tizim yil yakunigacha Surxondaryoda to‘liq, qolgan hududlarda jadal rivojlantirish belgilangan 15 ta tuman va shahar — Qo‘ng‘irot, Chimboy, Asaka, G‘ijduvon, G‘allaorol, Yakkabog‘, Xatirchi, Chortoq, Bulung‘ur, Sirdaryo, Quva, Shovot, Hazorasp tumanlari, Marg‘ilon va Yangiyo‘l shaharlarida, Toshkent shahrida esa Bektemir tumanida joriy qilinadi.

Prezident Administratsiyasi va Hukumat vakillari hamda viloyat hokimlari bunga mas’ul bo‘ladi.

Prezident yangi tizimni Sirdaryo tumani misolida tushuntirib berdi.

Jumladan, kompleks rivojlantirishga mas’ul 9 ta vazirlikning tuman bo‘limi hokimlik tizimiga o‘tadi. Bular — iqtisodiyot va moliya, investitsiya, qishloq xo‘jaligi, bandlik, qurilish, ekologiya, madaniyat, oila va xotin-qizlar, yoshlar bo‘limlari.

Tuman hokimi hokimlik va ushbu 9 ta idoradagi shtatlarni o‘zi taqsimlab, qaysi bo‘limda nechta odam ishlashini, ishga olish-bo‘shatishni o‘zi hal qiladi.

Sirdaryo tumani ixtiyorida qoladigan mablag‘lar manbasi ko‘paytiriladi. Masalan, ma’muriy va moliyaviy jarimalar, soliq tekshiruvlari bo‘yicha penya, toifasi o‘zgargan qishloq yerlari uchun nobudgarchilik kompensatsiyasi, o‘rmon yerlari hududlarini ijara tushumlari, ko‘rsatilgan davlat xizmatlaridan tushgan mablag‘larning bir qismi tumanda qoladi.

Bundan tumanga yiliga qo‘shimcha 12 milliard so‘m tushadi.

Endilikda hokimda 4 nafar o‘rinbosar bo‘ladi. Rivojlanish rejasiga qarab, qaysi masalada o‘rinbosari bo‘lishini hokimning o‘zi belgilaydi.

Misol uchun, Sirdaryo tumani hokimi kelgusi uch yilda turizm, servis va logistikani tumanni asosiy drayveri sifatida ko‘ryapti. Shu bois, uning iqtisodiyot bo‘yicha 1-o‘rinbosari bir vaqtni o‘zida turizm, servis va logistikaga mas’ul bo‘ladi. Unga 10 ta aniq vazifa yuklatilib, har bir vazifa va funksiyasi mablag‘i bilan mustahkamlanadi.

Xuddi shunday, hokim va qolgan 3 nafar o‘rinbosariga ham aniq vazifalar moliyaviy ta’minoti bilan belgilab beriladi.

Hokim, uning o‘rinbosarlari KPIni to‘liq bajarsa, keyingi yil hududga beriladigan mablag‘ 10-15 foiz ko‘paytiriladi. Aksincha bo‘lsa, mablag‘ oshirilmaydi va mas’ul rahbar ishdan ketadi.

Sirdaryo tumani hokimi 9 ta idora xodimlari, Savdo-sanoat palatasi, bank, soliq, kadastr vakili va yetakchi tadbirkorlardan iborat «Islohotlar shtabi»ni tuzadi.

«Islohotlar shtabi» uch oyda tumanning 38 ta mahallasi kesimida loyiha, infratuzilma, moliyaviy manba, kadrlar masalasini qamrab olgan uch yillik dastur tayyorlaydi. Kelgusi yil uchun budjet, infratuzilma, ishlab chiqarish, xizmat, investitsiya va bandlik dasturlari shu asosda tasdiqlanadi.

Natijasiga qarab, bu yangi tajriba kelasi yildan butun respublikada yo‘lga qo‘yiladi.

Yana bir muhim yangilik — ishchan va jozibador muhit yaratish uchun 1-avgustdan barcha viloyat va tuman hokimliklarida ish haqi oshiriladi, xodimlarga ishiga qarab oylik ustama va qo‘shimcha bonus beriladi.

«Lekin, qars ikki qo‘ldan chiqadi. O‘ziga yuklatilgan vazifani bajara olmagan xodimlarga chora ko‘riladi. Ana shunda hamma intizom va reja bilan ishlashga o‘rganadi.

Viloyat, tuman hokimlari, ularning o‘rinbosarlari, vazirlar, bank rahbarlari yaxshilab eshitib olsin: yarim yil yakuni bilan «g‘alvirni suvdan ko‘tarib», kim nima ish qilgani bo‘yicha qattiq so‘rov qilaman», — dedi Shavkat Mirziyoyev ma’ruzasi yakunida.

Ayni paytda Prezident maslahatchilari, Hukumat a’zolari, vazirlar va hokimlarning hisobotlari tinglanmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring