Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yil boshidan buyon O‘zbekiston samolyotlarida 5 ta o‘lim holati qayd etilgan

Yil boshidan buyon O‘zbekiston samolyotlarida 5 ta o‘lim holati qayd etilgan

«Uzbekistan Airports» samolyotda uchishga qarshi tibbiy ko‘rsatmalar borasida yo‘lovchilar bilish kerak bo‘lgan ayrim ma’lumotlar bilan bo‘lishdi.

Qayd etilishicha, agar yo‘lovchida o‘tkir yoki surunkali kasalliklar mavjud bo‘lsa, parvozlar salomatlik uchun potensial xavf tug‘dirishi mumkin. Bosimning o‘zgarishi, harakatning cheklanganligi va boshqa parvoz xususiyatlari yo‘lovchi holatini og‘irlashtirishi mumkin, shuning uchun ba’zi tibbiy ko‘rsatmalar bilan parvoz xavfli bo‘lishi va ayrim hollarda yo‘lovchi reysdan olinishi mumkin.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2024 yilda O‘zbekiston aeroportlarida 46 nafar yo‘lovchi sog‘lig‘i sababli parvozga qo‘yilmadi. Joriy yilning olti oyida esa 61 yo‘lovchiga parvoz qilishga ruxsat berilmagan.

«Noxush holatlarning aksariyati parvoz vaqtida ro‘y beradi, shu bois yo‘lovchilar yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflarni oldindan bilishlari va havo qatnoviga qarshi ko‘rsatmalarni inobatga olishlari zarur.

Shunday qilib, 2024 yilda 14 ta o‘lim holati qayd etilgan bo‘lib, ulardan 11 tasi samolyot bortida, 3 tasi Toshkent xalqaro aeroportining uchib kelish zalida sodir bo‘lgan. 2025 yilning hozirgi kuniga qadar esa 5 ta o‘lim holati qayd etilgan va ularning barchasi manzilga yetib borgunga qadar samolyot bortida ro‘y bergan», – deydi «Uzbekistan Airports» tibbiy xizmatni rivojlantirish bo‘limi boshlig‘i Sevara Salixova.

Uchishga qarshi asosiy tibbiy ko‘rsatmalar:

  • yaqin orada o‘tkazilgan jarrohlik operatsiyalari;
  • o‘tkir yurak-qon tomir kasalliklari (masalan, yurak xuruji, beqaror stenokardiya);
  • insult va boshqa o‘tkir nevrologik holatlar;
  • Pnevmotoraks, og‘ir bronxial astma, pnevmoniya;
  • tromboyemboliya, faol qon ketish, og‘ir anemiya;
  • quloq, burun bo‘shliqlari va ko‘zlarning barotravmasi;
  • homiladorlikning so‘ngi bosqichlari, ayniqsa og‘ir asoratlar bo‘lsa.

Shuningdek, uchish mumkin bo‘lmagan holatlarning to‘liq ro‘yxati bilan bu yerda tanishish mumkin.

Tibbiy qarshi ko‘rsatmalar bo‘yicha qo‘yiladigan talablar turli xil aviakompaniyalarda bir-biridan farq qilishi mumkin. Ba’zi hollarda, aviatashuvchi shifokor ma’lumotnomasini talab qilish huquqiga ega - masalan, beqaror tashxislar, kislorod bilan qo‘llab-quvvatlash zarurati, tibbiy nazorat yoki homiladorlikning so‘ngi bosqichlarida.

Parvoz oldidan tavsiyalar:

  • muayyan aviakompaniya qoidalarini o‘qing;
  • agar sizda biron bir kasallik bo‘lsa, shifokoringizga murojaat qiling va maslahatlashing;
  • agar kerak bo‘lsa, oldindan tibbiy ma’lumotnoma oling.
Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring