Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Tramp Turkiyadagi NATO sammitidan so‘ng samolyotini maxfiy ravishda almashtirgan

Tramp Turkiyadagi NATO sammitidan so‘ng samolyotini maxfiy ravishda almashtirgan

AQSh prezidenti Donald Tramp 8 iyul kuni Turkiyadagi NATO sammitidan so‘ng mamlakatni tark etayotganida samolyotini maxfiy ravishda almashtirgan. Ushbu ma’lumotni Trampning o‘zi tasdiqladi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, qaror AQSh maxsus xizmati tomonidan Eron bilan bog‘liq suiqasd xavfi sababli qabul qilingan.

Maxfiy operatsiya haqida avvalroq The Washington Post nashri xabar bergan. Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Tramp dastlab omma oldida Air Force One prezident samolyotiga chiqqan. Biroq bir necha daqiqadan so‘ng u boshqa eshik orqali aeroportdagi oziq-ovqat tashuvchi yuk mashinasi yordamida samolyotni tark etgan.

Shundan so‘ng prezident yaqin atrofda turgan C-32A harbiy samolyotiga olib borilgan. Ushbu samolyot yuqori martabali AQSh amaldorlarini tashish uchun foydalaniladigan Boeing 757 rusumining modifikatsiyasi hisoblanadi.

Shu bilan birga, prezidentga hamrohlik qilayotgan jurnalistlar va Oq uy xodimlarining bir qismi samolyot almashtirilganidan bexabar bo‘lgan. Ular Air Force One bortida qolgan.

Anqarada nima bo‘lgan?

Tramp Turkiyaga Qatar tomonidan sovg‘a qilingan va prezident samolyoti sifatida foydalanish uchun qayta jihozlangan yangi Boeing 747-8 samolyotida kelgan.

Biroq Buyuk Britaniyaga qaytishidan oldin «eski xotiralar sabab» avvalgi Air Force One samolyotidan foydalanishga qaror qilganini aytgan. Yangi samolyot Turkiyadan birinchi bo‘lib uchib ketgan, Tramp esa kameralar qarshisida eski samolyotga chiqqan.

Shundan keyin prezident bir necha yordamchisi bilan yashirin ravishda C-32A samolyotiga olib o‘tilgan. AQSh mudofaa vaziri Pit Xegset ham ushbu samolyot bortiga chiqqan.

Samolyot Buyuk Britaniyaga Reach 18 chaqiruv belgisi ostida yo‘l olgan. Jurnalistlar va Oq uy xodimlari bo‘lgan eski Air Force One esa keyinroq xuddi shu yo‘nalishda uchgan.

Eron tomonidan tahdid

Operatsiyadan xabardor AQSh rasmiysi bunga Eron bilan bog‘liq ehtimoliy tahdid sabab bo‘lganini aytgan.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh razvedkasi avvalroq prezident yoki u foydalanadigan samolyotga hujum qilish xavfi haqida aniq ma’lumot olgan. Shundan so‘ng xavfsizlik choralarini kuchaytirish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Tramp esa tahdidning tafsilotlarini so‘rab o‘tirmaganini va Maxfiy xizmat hamda harbiylar ko‘rsatmalariga amal qilganini bildirgan.

Shu bilan birga, prezident o‘zi uchib ketgan samolyot hatto kattaroq xavf ostida bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini aytgan.

«Menimcha, men uchgan samolyot ko‘proq xavf ostida edi», — degan Tramp jurnalistlarga.

Uning fikricha, dushman aynan shu samolyotni nishon sifatida tanlash ehtimoli yuqoriroq bo‘lgan.

Nega Air Force One chalg‘ituvchi samolyot sifatida ishlatilgan?

Eski Boeing 747 samolyoti Qatar tomonidan taqdim etilgan yangi samolyotga qaraganda kengroq himoya tizimlariga ega.

The Washington Post qayd etishicha, yangi Boeing 747-8 safar vaqtida prezidentlik missiyalarida foydalanish uchun qayta jihozlangan bo‘lsa-da, an’anaviy prezident samolyotlarida mavjud bo‘lgan ayrim mudofaa tizimlari unda yo‘q.

Prezidentning yo‘nalishini yashirish uchun chalg‘ituvchi samolyotdan foydalanish AQShda avval ham qo‘llangan. Masalan, 2000 yilda Bill Klinton Pokistonga safari vaqtida boshqa samolyotdan foydalangan, Air Force One esa chalg‘ituvchi samolyot vazifasini bajargan.

Biroq hozirgi holatning o‘ziga xos tomoni shundaki, prezidentga xorijiy safarlarda odatda hamrohlik qiladigan jurnalistlar guruhi prezident bo‘lmagan samolyot bortida qolgan va maxfiy operatsiyadan bexabar bo‘lgan.

Birgina Trampning xavfsizligi uchun samolyotda tahdiddan bexabar odamlarning qoldirilishi jamoatchilik tomonidan keskin tanqidga uchramoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring