Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yonib ketgan «Uch qahramon» bozori taqdirini «Toshkent metropoliteni» DUK hal qiladi – rasmiy munosabat

Yonib ketgan «Uch qahramon» bozori taqdirini «Toshkent metropoliteni» DUK hal qiladi – rasmiy munosabat

2025-yil 11-avgust kuni Toshkent tumani hududida joylashgan «Uch qahramon ixtisoslashgan savdo majmuasi» MChJda yong‘in sodir bo‘lgan va taxminan 8 ming kv.m maydondagi jami 137 nafar tadbirkorning do‘konlari (181 ta tadbirkor do‘koni va 76 ta bo‘sh do‘kon) yong‘indan zarar ko‘rgani aytilgan edi. 

Dastlabki ma’lumotnomaga ko‘ra, jamiyat va fuqarolarga jami 74 mlrd so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan. Mazkur holat yuzasidan Toshkent tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan JKning 259-moddasi, 2-qismi «b» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bugun 2025-yil 14-avgust kuni Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev mazkur bozorda bo‘lib, uning hududida tadbirkorlik qilib kelayotgan fuqarolar, shuningdek, majmua ishchi-xodimlari bilan muloqot qildi.

Tadbirda ma’lum qilinishicha, bozor ma’muriyati yong‘in oqibatida jabrlangan 165 ta tadbirkorlik sub’yektlariga faoliyatini davom ettirishlari uchun bozor hududida 63 ta bo‘sh turgan do‘konlar, 125 nafar tadbirkorlik sub’yektlariga 2 oy muddatga ijara to‘lovisiz ajratib bergan. Shundan 8 nafar tadbirkor rad javobini berib, faoliyatini davom ettirmasligini ma’lum qilgan.

Muloqotda viloyat hokimi Zoyir Mirzayev, jumladan, bozorning kelgusi faoliyati xususida Toshkent metropoliteni qaror qabul qilishini ma’lum qilgan.

Qayd etilishicha, Toshkent viloyati hokimining 1993-yil 19-maydagi 107-sonli qaroriga asosan Toshkent metropoliteniga Yunusobod liniyasining vagon deposini qurish uchun 6,5 ga sug‘oriladigan yer maydoni ajratib berilgan.

Toshkent tumani hokimining 2009-yil 17-apreldagi 12-sonli qaroriga asosan esa «Metropoliten kapital qurilish» UKga qarashli maydonda «Uch qahramon ixtisoslashgan savdo majmuasi» MChJ tomonidan uzoq muddatli ijara asosida qurilgan savdo pavilonlari va rastalari vaqtinchalik foydalanishga qabul qilingan va bozor faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Bugungi muloqotda ma’lum qilinishicha, 2026-yil 1-martdan boshlab bu yerda metropoliten uchun zarur infrastruktura ob’yekti qurilishi boshlanadi. Bu haqdagi metropoliten rahbari Rahmonbek Usmonovning telefon orqali bergan izohi ham Zoyir Mirzayev tomonidan tadbirkorlarga yetkazildi.

O‘z navbatida, Toshkent viloyati hokimligi tadbirkorlarning kelgusi faoliyatlari uchun savdo-sanoat palatasi va boshqa tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda har tomonlama yordam ko‘rsatishga tayyorligini, ochiq muloqotga har doim tayyorligini bildirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring