Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Yosh bolalar nega uyqusida tishlarini g‘ichirlatadi? Mutaxassis ogohlantirdi

Yosh bolalar nega uyqusida tishlarini g‘ichirlatadi? Mutaxassis ogohlantirdi

Ba’zi bolalar tungi uyquda tez-tez tishlarini g‘ichirlatadi. Xo‘sh, bu qanchalik xavfli? Ushbu holatga qanday omillar sabab bo‘ladi?

Mazkur savollarga Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bo‘lim boshlig‘i Dinara Do‘stmuhammedova javob berdi.

— Tishlarni beixtiyor g‘ichirlatish tibbiyotda bruksizm deb ataladi, — deydi mutaxassis. — Kichik yoshdagi bolalarda ushbu holat asosan tunda, uxlayotgan paytda kuzatiladi. Odatda u juda qisqa vaqt, ya’ni 10-15 soniya davom etadi. Bola o‘smir yoshga yetgach, bu holat o‘z-o‘zidan yo‘qoladi. O‘smirlar va kattalarda esa tish g‘ichirlatish deyarli uchramaydi.

Bruksizm bola organizmida sodir bo‘ladigan ayrim jarayonlar sababli yuzaga kelishi mumkin. Xususan, chaqaloqlarda tish chiqishi, kuchli asabiylik, burun bitishi, tepa va pastki tishlar bir-biriga noto‘g‘ri birikishi, mavsumiy allergik xastaliklar, O‘RVI, gripp kabi nafas olish yo‘llari infeksiyalari, vitamin va minerallar yetishmasligi, maktab yoshidagi bolalarda dars yuklamalari va baholar haqida tashvishlanish bruksizmga sabab bo‘lishi mumkin.

Ko‘pchilik ota-onalar farzandi organizmidagi turli parazitlarni tish g‘ichirlatish sababi deb o‘ylaydi. Biroq o‘tkazilgan tadqiqotlarga ko‘ra, ularning bir-biriga bog‘liqligi aniqlanmagan.

Tunda tishlarini g‘ichirlatadigan bolalarda ko‘pincha bosh og‘rig‘i, lohaslik, uyquchanlik, injiqlik va yig‘loqilik, notinch uyqu, quloqlar bitishi kabi salbiy alomatlar kuzatiladi. Agar bu holat o‘z vaqtida bartaraf etilmasa, tishlar yemirilishi, tezda chirishi, nutqiy buzilishlar paydo bo‘lishi mumkin.

Shu sababli bolani kechiktirmay pediatr yoki stomatolog shifokor ko‘rigidan o‘tkazish lozim. Agar bruksizm stress yoki yuqori asabiy qo‘zg‘aluvchanlik natijasida kelib chiqayotgan bo‘lsa, psixolog yoki nevropatolog maslahati zarur bo‘ladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring