O‘zbekistonda Yoshlar akademiyasi tashkil etilmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev «Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarorni imzoladi.
Unga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzurida Yoshlar akademiyasi yuridik shaxs maqomisiz tashkil etiladi.
Yoshlar akademiyasiga O‘zbekiston Respublikasi innovatsion rivojlanish vazirining birinchi o‘rinbosari rahbarlik qiladi.
Yoshlar akademiyasiga o‘zlarining innovatsion loyihalari va g‘oyalariga ega iqtidorli yoshlar va talabalar, 40 yoshgacha bo‘lgan olimlar va tadbirkorlardan tashkil topgan jamoalar tanlov asosida qabul qilinadi.
Yoshlar akademiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:
- davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda yoshlarning ijodiy, intellektual va tadbirkorlik salohiyatini oshirish;
- iqtidorli va tashabbuskor yoshlar bo‘yicha yagona ma’lumotlar bazasini shakllantirish va muntazam yangilab borish hamda ularning mamlakatning yetakchi olimlari va ishbilarmonlari bilan hamkorligini ta’minlash;
- ilmiy-tadqiqotlarni bajarish ishtiyoqiga ega iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, amaliy va innovatsion tadqiqotlarni olib borishlariga imkon yaratish, yangi avlod yosh olimlarini tayyorlash bo‘yicha tizimli ishlarni amalga oshirish;
- yosh olimlar tomonidan aniq vazifalarni hal etishga, ichki va tashqi bozorlarda talab yuqori bo‘lgan ilg‘or texnologik ishlanmalarni ishlab chiqishga qulay sharoitlar yaratish;
- ilmiy-innovatsion akselerator va biznes-inkubatorlarni tashkil etish asosida tashabbuskor yoshlarni tadbirkorlik faoliyatiga yo‘naltirish;
- yoshlarning startap loyihalarini xo‘jalik boshqaruvi organlari va davlat ulushi mavjud korxonalarni izchil rivojlantirish bo‘yicha zamon talablariga javob beradigan, tijoratlashtirish darajasi yuqori bo‘lgan mahsulotlar va xizmatlarni ishlab chiqarishga yo‘naltirish;
- iqtidorli yoshlarning rivojlangan xorijiy mamlakatlarning nufuzli ilmiy markazlari, universitetlari, texnoparklari va ishlab chiqarish korxonalarida malaka oshirishlariga ko‘maklashish;
- xalqaro va mahalliy darajada e’tirof etilgan tashkilotlar, universitetlar, ilmiy markazlar bilan yaqindan aloqalar o‘rnatish, ularning olimlari va mutaxassislari ishtirokida mahorat darslari, treninglar, shuningdek, dolzarb ilmiy-innovatsion yo‘nalishlar bo‘yicha konferensiyalar, seminarlar va tanlovlar o‘tkazish.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter