Yoshlar akademiyasi iqtidorlarni bir maqsad yo‘lida birlashtiradi
2019 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev qarori bilan yosh iqtidorlarni innovatsion tadbirkorlik sohasiga tizimli jalb qilish, iqtidorli yoshlarning tashabbuslarini innovatsion loyihalarini qo‘llab-quvvatlash, mamlakat ilm-fanining xalqaro miqyosdagi raqobatbardoshliligini ta’minlash maqsadida Yoshlar akademiyasi tashkil etilgandi.
Akademiya qanday ishlaydi va uning kelgusi rejalari qanday? Shu savollarga javob topish maqsadida Yoshlar akademiyasi rahbari Akbarxon Sobirxonov bilan suhbatlashdik.
«Yoshlar akademiyasi 2019 yilda shaxsan davlatimiz rahbari tashabbuslari bilan tashkil etilgan. Akademiya O‘zbekistondagi 40 yoshgacha bo‘lgan iqtidorli yoshlar, ixtirochilar, olimlar va innovatorlarni qo‘llab-quvvatlovchi tuzilma sanaladi.
Akademiya o‘z qamrovini kengaytirish maqsadida, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tarkibiga o‘tkazildi. Buning ijobiy tarafi, ilgari biz uncha katta bo‘lmagan iqtidorli yoshlar auditoriyasini qamrab olgan bo‘lsak, endi oliy ta’lim tizimidagi barcha oliygoh yoshlarini ham jalb qilish imkoniyatiga ega bo‘ldik. Endilikda yoshlar akademiyasi o‘zida bir milliondan ortiq yoshlarni qamrab olish imkoniyatiga ega», – deydi Sobirxonov.
Akbarxon Sobirxonov Oliy ta’lim muassasalari bilan yoshlar akademiyasi faoliyati tizimli tashkil qilish masalasiga tushuntirish berarkan:
«Vazirlik birlashgach, endi Yoshlar akademiyasida ishlarni tizimli tashkil qilish uchun oliygohlarning Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori va iqtidorli yoshlarning innovatsion g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash bo‘limlari bilan hamkorlikda ish olib borish imkoniyatimiz paydo bo‘ldi. Shuningdek, vazirimiz tashabbuslari bilan har bitta universitetda Yoshlar akademiyasi lideri joriy etiladi. Bu jamoatchilik asosida ish olib boradigan, talabalar ichidan tanlab olingan, yetakchilik qobiliyatiga ega, innovatorlik qobiliyati bor talaba bo‘ladi», – deya takidladi.
Akademiyaga a’zo bo‘lish uchun hech qanday hujjat talab qilinmaydi
«Bizga a’zo bo‘lish uchun qandaydir hujjat, guvohnoma yoki diplomnig keragi yo‘q. G‘oyasi bo‘lsa yetarli».
«Hammasini yoshlarning o‘ziga qo‘yib bermoqchimiz»
Akbarxon Sobirxonov tuzilma faoliyati haqida gapirarkan, unda ko‘riladigan masalalarni asosan yoshlarning o‘z ixtiyoriga qo‘yib berish ko‘zlanganini, bu borada ularning assambleyalari tashkil etilishini ma’lum qildi.
«Yoshlar akademiyasi Assambleyasi tuziladi. Assambleya Toshkent shahridagi 8ta oliygohdagi akademiya liderlari, har bitta viloyat hududidagi Yoshlar akademiyasi liderlari va bizning tizimda mavjud to‘rtta «G‘oyalar generatori», «Startaplar» «Biznes vakillari» va «Bo‘lajak akademiklar» platformasiga mas’ul bo‘lgan ikki nafardan, jami 8 nafar liderlardan iborat bo‘ladi.
Bir oyda bir yig‘iladigan Assambleya o‘z g‘oyalarini, loyihalarini amalga oshirayotgan yoshlarga ko‘mak beradi. Masalan yosh ixtirochi startap qilishi uchun grant yutib olmoqchi. U bankka borishi, hujjatlarni rasmiylashtirishi, tenderda qatnashishi kerak. Lekin bunday yugur-yugur ishlarni qilaman deguncha, ixtirochi sinib qolishi va hammasiga qo‘l siltab ketishi mumkin. Assambleya yig‘ilishida mana shu kabi muammolarni ko‘taradi va yechimi bo‘yicha takliflar beradi. Asosiysi hammasini yoshlar, shu tizimning ichidagilar amalga oshirishadi. Assambleyaning a’zolari ham jamoatchilik asosida bo‘ladi. Ular birinchi navbatda katta jamoa lideri sifatida ishlab davlatga kerakli kadr sifatida shakllanadi. Bizda ilm-fan, innovatsiya sohasida bizda kadrlar juda kam. Yoshlar akademiyasi shu bo‘shliqni to‘ldirishga ham xizmat qiladi», deya so‘zini yakunladi Yoshlar akademiyasi rahbari.
O‘zbekiston kelajakni o‘zgartira oladigan g‘oyalari bor yoshlarga, noyob iqtidorlarga boy mamlakat. Yoshlar akademiyasi ularni butun dunyoga chiqishida qo‘llab-quvvatlash va keng imkoniyat yaratib berishni maqsad qilgan.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter