Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

JCh-2026: Ispaniya Belgiyani yengib yarim finalga chiqdi

JCh-2026: Ispaniya Belgiyani yengib yarim finalga chiqdi

Mikel Merino g‘alaba golini kirityapti.

Foto: Getty Images

2026-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempionatining ikkinchi chorak finalida Ispaniya Belgiyani 2:1 hisobida mag‘lub etdi. Uchrashuv 10-iyul, juma kuni kechqurun Los-Anjeles yaqinidagi Inglvud shahri stadionida bo‘lib o‘tdi.

«Qizil furiya»ning o‘yindagi ustunligi uchrashuvning 30-daqiqasida samara berdi. Dani Olmoning zarbasini Belgiya posboni Tibo Kurtua qaytarganidan keyin birinchi bo‘lib yetib kelgan Fabian Ruis to‘pni darvozaga yo‘lladi. Oradan 11 daqiqa o‘tib, belgiyaliklar hisobni tenglashtirishdi. Sharl de Ketelare kiritgan gol Ispaniyaning ushbu chempionatda o‘tkazib yuborgan ilk goli bo‘ldi.

Ikkinchi bo‘lim boshlanishi bilan o‘yin sur’ati sezilarli darajada oshdi. Har ikki jamoa ham hujumkor o‘yinga tayanib, o‘zaro qarshi hujumlar uyushtirdi. Uchrashuvning 71-daqiqasida Belgiya asosiy darvozaboni jarohat olib, maydonni tark etishi o‘yinda burilish yasadi. Zaxiradan tushgan Lammensning to‘pni qo‘ldan chiqarib yuborishi qimmatga tushdi: asosiy vaqt tugashiga ikki daqiqa qolganda Mikel Merino uning darvozasiga hal qiluvchi golni kiritdi. Merino 1/8 finalda Portugaliyaga qarshi bahsda ham Ispaniyaning hal qiluvchi va yagona goliga mualliflik qilgan edi.

JCh-2026 yarim finalida Ispaniya Fransiyaga qarshi maydonga tushadi. Fransuzlar chorak finalda Marokash ustidan ishochli g‘alaba qozonib, keyingi bosqichga yo‘l olgan edi. Ushbu bahs 14-iyul kuni Arlingtonda (Texas shtati, Dallas) bo‘lib o‘tadi.

Chorak final va pley-offning keyingi bosqichlaridagi barcha uchrashuvlar AQSh stadionlarida o‘tkazilmoqda. 11-iyul kuni kechqurun (bizning vaqt bilan 12-iyul tungi soat 02:00 da boshlanadi) Mayami shahridagi stadionda Norvegiya va Angliya terma jamoalari yarim final yo‘llanmasi uchun maydonga tushadi. 12-iyul tonggi soat 06:00 da esa Kanzas-Siti shahrida Argentina va Shveysariya terma jamoalari o‘yini boshlanadi. Ushbu juftliklar g‘oliblari 15-iyul kuni Atlanta shahrida bo‘lib o‘tadigan ikkinchi yarim finalda to‘qnash keladi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring