Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirus yurak kasalliklarini avj oldirishining sababi topildi

Koronavirus yurak kasalliklarini avj oldirishining sababi topildi

Kolumbiya universiteti (AQSh) tadqiqotchilari COVID-19 yurak hujayralarining kalsiy kanallarida o‘zgarishlarni yuzaga keltirib, ularni ishdan chiqarishi mumkinligini aniqladi.

Ma’lum bo‘lishicha, koronavirusga chalingan bemorlarda infarkt va insultga chalinish ko‘rsatkichi 55 foiz yuqori. Shuningdek, ularda boshqa yurak xastaliklari, xususan, aritmiya (yurak ritmi tartibi buzilishi) va miokardit (yurak mushaklari yallig‘lanishi) ko‘proq kuzatilmoqda.

Shu sababli tadqiqotchilar COVID-19 ni yuqtirgan kishilarning yurak to‘qimalarini tahlil qilib, yallig‘lanish jarayoni kuchayishi, tromblar shakllanishi, hujayralar nobud bo‘lishi va kalsiy miqdori o‘zgarishi kabi belgilarni kuzatdilar.

Yakunda bunga yurakdagi kalsiy ionlari darajasini nazorat qiluvchi RyR2 oqsili faoliyati buzilishi sabab bo‘lgani xulosa qilindi.

Negaki, tana va yurak mushaklarining qisqarishi uchun kalsiy ionlari zarur. Bu modda darajasi nazorati izdan chiqishi aritmiya yoki yurak yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin.

Mutaxassislar mazkur tadqiqot koronavirusga chalingan bemorlarda kuzatiladigan yurak simptomlarini aniqlash va davolashda katta natija berishiga ishonch bildirishmoqda. O‘z navbatida, kasallikka qarshi to‘liq bosqichda va buster dozada emlanish bunday og‘ir asoratlarning oldini olishi aytilyapti.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring