Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Koronavirusni antibiotik davolaydimi? Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori javob berdi

Koronavirusni antibiotik davolaydimi? Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori javob berdi

Koronavirusga qarshi Xitoy tajribasida ba’zi hollarda antibiotiklardan foydalanilgani aytilmoqda. Ammo ko‘plab mutaxassislar ularni koronavirusni davolashda foydasiz ekanini ta’kidlayapti, deb yozadi SSV.

Bu masalaga Toshkent tibbiyot akademiyasi rektori, tibbiyot fanlari doktori Laziz To‘ychiyev o‘z munosabatini bildirdi.

— Antibiotik qabul qilish darajasi MDHning qator davlatlari hududida haddan ortiq yuqori. Ko‘plab rivojlangan davlatlarda esa antibiotiklar retseptsiz umuman berilmaydi. Bizda ham aslida retseptsiz berilmasligi kerak. Bu qonunchilikda ham o‘z aksini topgan. Lekin dorixonachilar va aholi orasida bunga biz kutganchalik amal qilinmayapti. Butun dunyoda tan olingan me’yorlar bor. Unda qaysi kasallikda qanday dori vositasi ta’sir qilishi aniq belgilab qo‘yilgan. Antibiotikni virus uchun qo‘llash-ku mumkin emas, ammo antibakterial vosita sifatida qo‘llanganda shifokor retseptiga qat’iy amal qilinishi kerak. Eng achinarlisi, aholi orasida antibiotik koronavirusni davolashda foyda berishi haqida hali ham yanglish fikr bor. Buning asossiz ekanini tinmay takrorlayapmiz.

Xitoy tajribasida ham pnevmoniyaning oldini olish uchungina ba’zi hollarda antibiotik qo‘llanilgan bo‘lishi mumkin. Koronavirus nafas yo‘llarini ishdan chiqarib, pnevmoniyaga olib keladi. Lekin pnevmoniyaning paydo bo‘lishida bakteriyalarning ham ta’siri aniqlansa, shundagina antibiotik tavsiya etiladi. Ammo antibiotikning turlari juda ko‘p. Ularning ta’sir mexanizmi ham har xil.

Odamlar profilaktika nuqtai nazaridan qaysi antibiotikni qabul qilsa bo‘ladi, deb so‘rashadi. Antibiotiklarni profilaktika uchun qabul qilish mumkin emas. Ular organizmning individual xususiyatlaridan kelib chiqib berilishi kerak. Shifokor antibiotikning aniq turi va optimal dozasini belgilab berishi lozim. Lekin odamlar, masalan, uch kun antibiotik buyurilsa, «to‘rt kun icha qolay, yanada yaxshi bo‘lib qolaman», deb o‘ylab, organizmida antibiotikka chidamlilik paydo qilib qo‘yishadi. Buning xavfliligi shundaki, organizmga odatiy darajada berilgan doza ta’sir qilmay qoladi va yanada kuchliroq antibiotik berish kerak bo‘ladi. Bora-bora antibiotiklarning hech bir turi organizmga umuman ta’sir qilmay qo‘yadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring