“Mounjaro“ olib yurganlar eshiting!
Hozirgi kunda ayollar orasida ozish uchun turli dori vositalarini, hatto osma ukollarni ham o‘zboshimchalik bilan qabul qilayotganlar juda ko‘p. Eng achinarlisi, bunday preparatlarni shifokor nazoratisiz, o‘zboshimchalik bilan qabul qilish organizmning barcha hayotiy tizimlarini ishdan chiqarishi va hayot uchun xavfli oqibatlarga olib kelishini ular yaxshi bilishadi.
Ayniqsa uchta guruhga mansub dorilar shunchaki oddiy dori emas, balki hujayra, gormon va bakteriyalar darajasida ishlaydigan kuchli kimyoviy moddalardir.
Masalan, hozir ayollar orasida urfga aylangan, kosmetologlarning sehrli quroli bo‘lishga ulgurgan “mounjaro“ preparati noto‘g‘ri qo‘llanilganda gipoglikemiya (qonda qand miqdorining keskin tushib ketishi, o‘tkir pankreatit, buyrak yetishmovchiligi va hatto oshqozon pareziga olib kelishi mumkin.
Bilasizmi, antibiotiklar faqat bakterial infeksiyalarni davolash uchun mo‘ljallangan. Ularni shamollash, gripp yoki har qanday isitmada ichish esa bir qator salbiy oqibatlarga olib keladi.
Jumladan, antibiotikka chidamlilik (rezistentlik) — bakteriyalar doriga moslashib, kuchliroq bo‘lib oladi. Kelajakda haqiqiy og‘ir infeksiyaga chalinganingizda hech qaysi antibiotik ta’sir qilmay qoladi va natijada oddiy yiringli yara ham o‘limga olib kelishi mumkin.
Ichakdagi barcha foydali bakteriyalar o‘lib, og‘ir disbakterioz, surunkali ich ketishi va immunitetning keskin tushishi kuzatiladi. Toksik gepatit yuzaga kelib, jigar va buyraklarga haddan tashqari og‘ir yuklama tushib, ularning hujayralari zaharlanadi.
Gormonal preparatlar (masalan, deksametazon, prednizolon, kontratseptivlar) esa inson endokrin tizimiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aralashadi. Ularni ham shifokor nazoratisiz ichish yoki keskin to‘xtatish og‘ir oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Buyrak usti bezi atrofiyasi — organizm tayyor gormon kelayotgani sababli o‘zining shaxsiy gormonlarini ishlab chiqarishni to‘xtatadi. Dorini toshqari to‘xtatganda bemor shok holatiga tushishi mumkin.
Agar ushbu dori vositalari bir vaqtning o‘zida shifokor nazoratisiz ichilsa, ular bir-birining ta’sirini o‘zgartirib yuboradi. Masalan, mounjaro oshqozon so‘rilishini sekinlashtirgani sababli antibiotik mutloq ta’sir qilmay qolishi yoki gormonlar oshqozon yarasini keltirib chiqarib, mounjaro ta’sirida bu yara qonashga olib kelishi mumkin.
Har qanday dori qabul qilishdan avval mutaxassis bilan maslahatlashing. O‘z vaqtida qilingan shifokor ko‘rigi sizni umrbod nogiron bo‘lib qolishdan yoki hayotiy xavflardan himoya qiladi.


Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter