Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Pandemiya sharoitida maktablarda o‘quv yilini boshlash bo‘yicha tavsiyalar

Pandemiya sharoitida maktablarda o‘quv yilini boshlash bo‘yicha tavsiyalar

Sog‘liqni saqlash vazirligi Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda pandemiya sharoitida ta’lim muassasalarida 2020-2021-o‘quv yilini tashkil etishda amalga oshiriladigan tadbirlar to‘g‘risida qo‘shma qaror loyihasini ishlab chiqdi.

BMTning bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) tavsiyalari asosida yaratilgan ushbu qaror loyihasida COVID-19 pandemiyasi davrida xalq ta’limi tizimidagi muassasalar ma’muriyati, tibbiyot xodimlari, pedagoglar, texnik xodimlar, o‘quvchilar va ularning ota-onalari uchun alohida tavsiyalar aks etgan. Unga ko‘ra:

Maktab rahbarlariga:

— maktablarda sanitariya qoidalariga rioya qilish, jumladan, qo‘llarni muntazam ravishda yuvish jadvalini tuzish, qo‘l yuvish joylarini hozirlash hamda ularni sovun va suv, shuningdek, ichimlik suvi bilan ta’minlash;

— maktab tasarrufidagi o‘quv va maishiy binolarga kirib-chiqishda dezinfeksiya vositalarini joylashtirish, sinfxonalar sharoitini o‘quvchilar orasida masofa saqlanishiga moslab qayta ko‘rib chiqish;

— maktablarda «ertalabki filtrlar» va «izolyasiya» xonalari tashkil etish va boshqa vazifalar;

Pedagoglarga:

— maktablarda gigiyena ko‘nikmalarini va sog‘lom turmush tarzi qoidalarini doimo targ‘ib qilish;

— sinf xonalari, suv va sanitariya inshootlarini muntazam tozalash va dezinfeksiyalash, o‘quvchilarning doimiy ravishda qo‘llarni yuvib turishi, masofa saqlashi va shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishini nazorat qilish;

 — xonalarni shamollatish va dezinfeksiyalash kabi choralar hamma uchun foyda ekanligini o‘quvchilarga va ularning ota-onalariga qaratilgan qisqa-qisqa suhbatlar orqali tushuntirish va boshqa vazifalar;

Tibbiyot xodimlariga:

— «ertalabki filtrlar» ishlarini va kasallik aniqlanganda bemorni zudlik bilan izolyasiyalashni tashkillashtirishda ko‘mak berish;

— dezinfeksiya vositalarini tayyorlashda maktab xodimlariga ko‘rsatmalar berish;

— ma’muriyat ko‘magi bilan o‘quvchilar va maktab xodimlarining tibbiy bilim va madaniyatini oshirishda ishtirok etish kabi vazifalar;

Texnik xodimlarga:

— suv, sovun va yuvish vositalaridan foydalangan holda har kuni 3 marta nam tozalashni va Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan dezinfeksiyalash vositalaridan foydalangan holda kuniga 1 marta va haftada kamida 1 marta umumiy tozalashni amalga oshirish;

— dezinfeksiyalash vositalari va yuvish vositalarini hamda ularning ishchi eritmalarini o‘quvchilar qo‘li yetmaydigan joyda saqlash va ularni infeksion xavfsizligiga javobgar bo‘lish va boshqa vazifalar;

Ota-onalarga:

— farzandlariga gigiyena qoidalarini o‘rgatish;

— ta’lim muassasasi ma’muriyati va pedagoglari bilan ma’lumot almashish maqsadida doimiy muloqotda bo‘lib, maktab xavfsizligini ta’minlashga ko‘maklashish va boshqa vazifalar yuklatitishi ko‘zda tutilmoqda.

Qo‘shma qaror loyihasi bilan Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy veb-sayti —  minzdrav.uz da batafsil tanishish mumkin.

Loyiha yuzasidan fikr va mulohazalar Shtab@minzdrav.uz elektron manzilida qabul qilinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring