Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Saida Rametova og‘ir dardga chalingan turmush o‘rtog‘i haqida gapirib berdi

Saida Rametova og‘ir dardga chalingan turmush o‘rtog‘i haqida gapirib berdi

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, teatr va kino aktyori Jumadulla Rametovning alsgeymer xastaligiga chalingani haqida video va gap-so‘zlar tarqalgan edi. Xo‘sh, bugun uning sog‘lig‘i qanday?

– Hozir ahvollari juda yaxshi, – deydi aktyorning turmush o‘rtog‘i, aktrisa Saida Rametova. – Men erta-indin u kishini videoga olib, muxlislarga tarqatishni niyat qilib turgandim. Muxlislarning duosi bilan ancha yaxshi, Xudoga shukr.

Jumadulla Rametovning alsgeymer kasaliga uchrashiga, asosan, kovid sabab bo‘lgan. Aktyor ikki yil muqaddam shu xastalik tufayli 15 kun yotib qoldi. O‘shanda uning singlisi, uchta kuyovi, qaynopasi vafot etdi. Ana shu sabablar, hammasi ta’sir qilib, aktyor depressiyaga tushdi. Xotira susayishi endigina boshlanayotgan edi, kovid kuchaytirib yubordi.

– Sanatoriy, shifoxona, do‘xtir bormi, tabib bormi, ikki yildan buyon hammasiga olib bordik, – deydi Saida opa. – Xudoga shukr, hozir ancha o‘zgarish bor. Tunov kuni do‘xtirga ko‘rsatgan edik. «Natija juda yaxshi», deyishdi.

Ma’lumot uchun: Alsgeymer ilk bor 1907 yilda nemis psixiatri Alois Alsgeymer tomonidan ilmiy tavsiflangan. Odatda, 65 yoshdan kattalarda uchraydi, biroq unga erta duchor bo‘lganlar ham bor. Alsgeymer – kasallikning kam uchraydigan shakli. 2006 yilda u bilan og‘riganlar soni 26,6 million nafar edi, 2050 yilda bunday bemorlar soni to‘rt baravar o‘sishi mumkin.

Alsgeymer kasali bilan og‘rigan bemorning yonida doimiy ravishda qarovchisi bo‘lishi kerak.

– Men ikkita qarovchi qo‘yganman, – deydi Saida Rametova. – Shu gal do‘xtir tayinlaganida xolam bilan qizini olib keldim. O‘zimiz ham qaraymiz. Bizni qo‘llaganlarga rahmat. Teatrdagilar, direktor, o‘rinbosar, hammalari kelib ketishdi. Yordam berishadi, pensiya, oylik maoshlarini o‘tkazishadi. Jumadulla aka, yo‘q, olmayman, mening vijdonim qiynaladi, deb ko‘nmasalar ham topshirishdi. Hali ishga qaytasiz, deb dalda berishadi.

Jumadulla Rametov san’atda 45 yil faoliyat ko‘rsatdi, ishiga xiyonat qilmadi. San’at – uning hayoti mazmuni.

Xo‘sh, Rametov alsgeymerdan qanchalik davo topdi o‘zi?

– Ellik-oltmish foiz o‘zgarish bor, deyishdi. Natija judayam zo‘r, – deydi Saida Rametova.

Aktyor uchun xotira yo‘qolishi juda ayanchli hol. U sahnaga chiqishdan qo‘rqadi, matn esidan chiqadi. Bu ham kovid asorati. Buyog‘i Xudodan, qolganini vaqt ko‘rsatadi.

– Afsuski, bitta opamdan, qaynsinglim va juda ko‘p do‘stlarimizdan ayrildik, kovid tufayli, – davom etdi Saida opa. – Joylari jannatda bo‘lsin. O‘zimning sog‘lig‘imga kelsak, to‘liq tuzalib ketdim. Tibbiy tekshiruvdan o‘tdim, vrachlar rosa maqtashdi. Shunday davom ettiring, deyishdi. Xudoga shukr, deyman. Sog‘lig‘ig‘ingizni asranglar, tinchlikning qadriga yetinglar. Men kasal bo‘lganimda ham shukr qildim. Allohim, shu dardni berdingmi, shifosini ham O‘zing bergin. Sinovlaringdan O‘zing eson-omon o‘tkazgin, dedim. Xudoga shukr, hamma sinovlardan o‘tkazdi. Jumadulla aka ham ancha yaxshi. Bu ko‘pchilikning duosi bilan. Muxlislarimizga, xalqimizga rahmat.

Akbar Fathullayev

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring