Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Taniqli shoirning ahvoli og‘ir. Ayoli yordam so‘ramoqda...

Taniqli shoirning ahvoli og‘ir. Ayoli yordam so‘ramoqda...

Shamsiddin Sadoiy va Ozodbek Nazarbekov.

Ko‘plab she’rlari taniqli xonandalar tomonidan kuyga solinib aytilayotgan taniqli shoir Shamsiddin Sadoiyning ahvoli og‘ir. Pnevmoniya bilan xastalangan ijodkor Zangiotadagi shifoxonaning jonlantirish bo‘limida yotibdi. Bu haqda Sadoiyning ayoliga tayanib, «Fikrat.uz» xabar bermoqda. Shoir uch kun avval komadan chiqqani aytiladi.

Shoirning ayoliga ko‘ra, oila iqtisodiy jihatdan tang ahvolda qolgan. Sadoiyning she’rlarini ko‘ylab, tanilgan bugunning mashhurlariga shoirning ayoli sim qoqqan, biroq «ular parvo ham qilishmagan».

Ayolning davom etishicha, Shamsiddin Sadoiyning «...yozuvchilar uyushmasiga a’zo bo‘lganiga 1-1,5 yilcha vaqt bo‘ldi. U uyushmaga a’zo bo‘laman, deb qatnayverib, uyushmaning yo‘llari chuqur bo‘lib ketdi. Yiliga 4-5 marta (Navoiydan) kelib ketardi, lekin oldingi rais uni a’zo qilmasdi. Sirojiddin Sayyid rais bo‘lgach, uni a’zolikka qabul qildi. Oldingi rais kimsan, demasdi. Kvartirama-kvartira yurardik, oyiga 200-250 dollar to‘lab. Uyushmaga a’zo bo‘lgach, Do‘rmondagi Yozuvchilar uyushmasining mehmonxonasidan bir xona joy ajratib berishdi. Imkonimiz bo‘lmagandan keyin o‘g‘ilchamni onamga berib yubordik.

...Hozir bir o‘zim qolib ketganman. Har kuni Zangiotaga boraman, buyam o‘zi bo‘lmayapti».

«...Hozir reanimatsiyada yotibdi, aholini ham aniq bilolmayapman. Ba’zida do‘xtirlar telefon qilishadi. Ichadigan suvi ham yo‘q ekan, suv keltirib beryapman. U yerdagi suv ichish uchun yaroqsiz ekan. Ba’zida ovqat aytishadi, lekin ovqat keltirib berolmayapman, qo‘limda pulim yo‘q. U-bu tashkilotlarga ayting, iltimos, holidan xabar olishsin. Ozodbek akaga (Nazarbekov) ham aytdim, gapirmadi u kishi», deydi shoirning ayoli.

Ma’lumot uchun: Shamsiddin Sadoiy 1958 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan. «Meni kutgan edingiz», «Davlating borida», «Dunyoni muhabbat oladi», «Seni menga yaratgan» singari she’riy to‘plamlari nashr etilgan.  Uning she’rlari Ozodbek Nazarbekov, Yulduz Usmonova, G‘ulomjon Yoqubov, Sardor Mamadaliyev, Ravshan Komilov, G‘iyos Boytoyev va boshqalar tomonidan kuyga solingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring