Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh davlat kotibi yordamchisi bu safar Buxoroda lagan yasab ko‘rdi

AQSh davlat kotibi yordamchisi bu safar Buxoroda lagan yasab ko‘rdi

Foto: AQSh elchixonasi

Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Donald Lu Buxoroi sharifda tadbirkor ayollar faoliyati bilan tanishdi va mahalliy to‘qimachilik korxonasida bo‘ldi.

AQSh elchixonasi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, DonaldLu taniqli kulol Abdulvohid Buxoriyning ustaxonasiga ham tashrif buyurgan. Kulolchilik tarixi, an’analari haqida ma’lumot tinglagan yuqori martabali mehmon ushbu hunar bo‘yicha mahoratini sinab ko‘rishga qaror qilgan va usta bilan birgalikda lagan yasagan.

Avval xabar berganimizdek, AQSh davlat kotibining Janubiy va Markaziy Osiyo ishlari bo‘yicha yordamchisi Donald Luning joriy yil 6–11-noyabr kunlari davom etadigan safari Turkmaniston, O‘zbekiston va Qozog‘istonni qamraydi.

O‘zbekistonga tashrif davomida Donald Lu davlat hokimiyati, fuqarolik jamiyati vakillari va madaniyat namoyandalari bilan uchrashishi ko‘zda tutilgan. Tashrif mobaynida Markaziy Osiyoda iqtisodiy barqarorlik tashabbusini yo‘lga qo‘yish masalasi ham muhokama qilinadi. Ushbu tashabbus orqali AQSh mintaqaviy savdo yo‘llari va salohiyatini mustahkamlash, malakali ishchilarni o‘qitish va tayyorlash hamda xalqaro investitsiyalarni jalb qilish uchun 25 million dollar mablag‘ ajratadi.

Eslatib o‘tamiz, Donald Lu joriy yil may oyida yurtimizda mehmon bo‘lganda, guldasta yasash borasidagi mahoratini sinab ko‘rgan edi.

Yuqori martabali mulozim 2021-yil dekabr oyidagi tashrifi chog‘ida esa rasmiy muzokaralardan ortib, mashhur oshpaz Bahriddin Chustiy bilan birga osh damlagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring