Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Ayol qalbi» — Kinematografiya agentligi ayollar bayramiga tuhfa hozirladi

«Ayol qalbi» — Kinematografiya agentligi ayollar bayramiga tuhfa hozirladi

Kuni kecha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yangi bosqichga ko‘tarish va ayollarning jamiyatdagi o‘rnini yanada yuksaltirish va mustahkamlash, shuningdek, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, oilaviy zo‘ravonlikning oldini olish, gender tenglikni qaror toptirishga qaratilgan muhim chora-tadbirlar yuzasidan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Mazkur yig‘ilishda ayollarimiz uchun ko‘plab imtiyozlar, yangi imkoniyatlar berildi.

Kinematografiya agentligi ham bayram munosabati bilan ayollarimiz uchun bayram tuhfasini taqdim etdi.

4-mart kuni Kinochilar uyida soat 18:00 da Kinematografiya agentligi buyurtmasiga binoan suratga olingan rejissyor Jamila Po‘latovaning «Ayol qalbi» kinokartinasining katta premerasi bo‘lib o‘tdi. Premeradan avval kinoijodkorlar uchun an’anaviy qizil yo‘lak tashkil etildi. Mehmonlar bilan intervyular, fotosessiyalar, suhbatlar uyushtirildi.

«Ayol qalbi» kinokartinasi ssenariy mualliflari Jamilaxon Po‘latova va Zulfiya Yo‘ldosheva, postanovkachi rejissyor Jamilaxon Po‘latova, postanovkachi operatorlar Dilmurod Turdiboyev va Diyor Ismatov, postanovkachi rassom Erkin Xushmatov, kompozitorlar Shuhrat Zokirov va Sardor Ergashev. Rollarda: Ra’no Shodiyeva, Dildora Umarova, Ulug‘bek Yunusov, Gulchehra Jamilova, Ulug‘bek Rustamov, Zuhra Ashurova, Ra’no Yarasheva va boshqalar.

Shuningdek, «Matonat maktabi» qisqa metrajli filmi ham premera qilindi. Mazkur kinokartina Tokio shahrida o‘tkazilgan «Paralimpiyada 2020»da matonat ko‘rsatib, O‘zbekiston bayrog‘ini yuqoriga ko‘targan sportchi Safiya Burxanova faoliyati va hayotiga bag‘ishlagan.

Shu bilan birga, davlat va nodavlat telekanallarida «Yangi O‘zbekiston ayoli» rukni ostida o‘tkaziladigan kinoaksiya doirasida milliy filmlar namoyish etiladi.

Oldinda Kinematografiya agentligi tomonidan Rustam Sa’diyevning «Baron 2», Qamara Kamalovaning «Kim deyay seni?», Akrom Shohnazarovning «101-reys», Dilmurod Masaidovning «Ayol qismati» kinokartinalari premera qilinadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring