Bosh prokuratura Surxondaryodagi xavotirli holat haqida ma’lum qildi
Viloyatning Sherobod tumanidagi arxeologiya yodgorliklari o‘rnida uy joy, yo‘l, molxona va hojatxona qurilgani aniqlandi. Bebaho meroslar xavf ostida, deyiladi Bosh prokuratura xabarida.
Qayd etilishicha, prokuratura organlari tomonidan Madaniy meros agentligi bilan hamkorlikda tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilishga qaratilgan tizimli nazorat tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda.
Mazkur tadbirlarda Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida 4 ta arxeologiya yodgorligiga 7 mlrd. so‘mlik zarar yetkazilganligi aniqlandi.
Xususan:
- mil. avv. V–I asrlarga oid «Tallagan tepa» yodgorligining 40 m2 qismi kesib olinib, avtomobil yo‘li o‘tkazilishi oqibatida 888 mln. so‘mlik;
- V–VIII asrlarga oid «G‘o‘rintepa» yodgorligining 200 m2 qismi buzilib, uy joylar qurib yuborilishi oqibatida 4,7 mlrd. so‘mlik;
- I–IV asrlarga oid «Xushvaqtepa» yodgorligining 12 m2 qismi kesib olinib, hojatxona qurilganligi oqibatida 266 mln. so‘mlik;
- V–VII asrlarga oid «Toshtepa» yodgorligining 56 m2 tuproqlari kesib olinib, molxona qurilganligi oqibatida 1,2 mlrd. so‘mlik zarar yetkazilgan.
Aniqlangan holat yuzasidan tuman hokimligi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter