Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda Ismoil Somoniy maqbarasining 3D nusxasi yaratiladi

Buxoroda Ismoil Somoniy maqbarasining 3D  nusxasi yaratiladi

Buxoroning eski shahar qismida 864-868-yillarda qurilgan va Somoniylar davri (IX-X asr) me’morchiligining nodir namunalaridan biri bo‘lgan Ismoil Somoniy maqbarasining 3D  nusxasi yaratiladi.

Bu haqda «Xabar.uz»ga Madaniy meros departamenti viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sherzod Mahmudov ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Ismoil Somoniy maqbarasining «Digital Twin», 3D-texnologiyalari va geografik ma’lumotlar yordamida birga-bir raqamli nusxasini (egizagini) yaratish va «Google maps» tizimiga biriktirish ishlari Koreya Respublikasi axborot texnolagiyalarini rivojlantirish milliy agentligining umumiy qiymati 150 ming AQSh dollari bo‘lgan grand loyihasi asosida amalga oshiriladi.

«Sharqning me’moriy durdonasi nomi bilan mashhur maqbaraning intereri uch pog‘onali, to‘rt lik – to‘rt qavat devor, sakkizlik – devordan tomga o‘tish qismi va tom ko‘rinishidagi gumbazdan iborat bo‘lib, bir xonali kvadrat shaklida qurilgan. Maqbaraning dizayni jimjima g‘ishtin bezaklari chiviqli to‘siq yoki qamish, bo‘yra to‘qimasini eslatadi. Usti gumbaz bilan qoplangan. To‘rtta burchagi ustunsimon shaklda ishlangan va gumbazi atrofiga 4 ta qubba o‘rnatilgan. Biroq, qurilishida oddiygina pishgan g‘isht, tosh va yog‘ochdan foydalanilgan maqbaraning kechalari o‘zidan nur taratib turishi  butun dunyoni hayratga solgan va qiziqishiga sabab bo‘lgan. Maqbaraning «egizagi»ni yaratish maqsadida Buxoroga Janubiy Koreyaning «New Layer Co., Ltd», «EGIS Co., Ltd», «J-TOD Co.,Ltd», kompaniyalari va «LX» korparatsiyasi vakillari Lee Kwang Se, Kang Seokchan, Park Choondong, Dongho Lee, Lim Seong Ha, Kim Jeungsoo, Jung Inhyelardan iborat delegatsiya vakillari kelishdi hamda loyihaning maqsad va mazmuni bilan yaqindan tanishtirishdi. O‘z o‘rnida viloyat mas’ullari tomonidan maqbaraning raqamli nusxasi yaratiladigan ob’yektlarda tungi yoritish tizimini ham yo‘lga qo‘yish takliflari bildirildi»,-deydi Sherzod Mahmudov.

Hozirgi kunda atrofi bog‘ga aylantirilgan inshoot so‘nggi yillarda shaharsozlik, madaniy meros, arxeologiya sohalarida keng qo‘llanilayotgan «Digital Twin», «D-Twin» (raqamli egizak) texnologiyasi yordamida maqbaraning «egizagi» modellashtiriladi hamda u 3D-platformasida o‘z ko‘rinishini yanada jozibali namoyon eta boshlaydi.

«Mutaxassislarning aytishicha, mazkur loyiha amalga oshirilgandan so‘ng, erishilgan tajriba asosida Xiva, Samarqand va Shahrisabz shaharlarining tarixiy qismlari, Qoraqolpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi qal’alar, arxeologik topilmalarning ham 3D nusxalari yaratila boshlanadi»,-deydi Sherzod Mahmudov. 

Ma’lumot o‘rnida: 1997-yilda Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan Ismoil Somoniy maqbarai qayta ta’mirdan chiqqan va YuNESKO tashkilotining Butunjahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritilgan. 1993 yilda esa «Butunjahon madaniy meroslari ro‘yxati»ga ham olingan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring