Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroda tarixiy obidadagi ta’mirlash ishlari o‘rganiladi va Bosh prokuraturaga taqdim etiladi

Buxoroda tarixiy obidadagi ta’mirlash ishlari o‘rganiladi va Bosh prokuraturaga taqdim etiladi

Buxorodagi Xo‘ja Kalon masjidi va uning oldidagi tarixiy xovuzda qurilish ishlari olib borilayotgani ijtimoiy tarmoqlarda norozilik keltirib chiqargan edi. Madaniyat vazirligi bu borada rasmiy bayonot bilan chiqish qildi.

«O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti Xo‘ja Kalon masjidi va minorasi XVI asrga mansub yodgorlik borasida OAVlarda tarqalayotgan ma’lumotlarga aniqlik kiritmoqda.

Joriy yilning 14 aprel kuni Buxoro viloyati madaniy meros inspeksiyasi tomonidan Buxoro shahar xokimligiga Xo‘ja Kalon masjidi oldida ta’mirlash ishlari to‘xtatilishi to‘g‘risida xat kiritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 30 martdagi «O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamenti faoliyatini tashkil etish hamda moddiy madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishga oid ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida»gi 265-son qaroriga muvofiq alohida muhofaza qilinadigan tarixiy hududlar, tarixiy-madaniy qimmatiga ko‘ra, YuNESKOning Umumjahon meros ro‘yxatiga kiritilgan hududlarda ta’mirlash tiklash ishlarini olib borish uchun Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamentidan maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshiriladi.

Buxoro shahridagi Xo‘ja Kalon masjidi va minorasi 1573-1579 yillarda qo‘rilgan bo‘lib, madaniy meros ro‘yxatiga kiritilgan ob’yektdir.

Hozirgi kunda yodgorlik oldida joylashgan xovuzni ta’mirlash ishlari Buxoro viloyati xokimligi tomonidan amalga oshirilmoqda. Ammo, tartibga ko‘ra, O‘zbekiston hududida joylashgan barcha moddiy madaniy meros ob’yektlari Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniy meros departamentining maxsus ruxsatnomasi bilan amalga oshirilishi zarur. Madaniy meros departamentining Ilmiy-ekspert Kengashiga o‘rnatilgan tartibda hujjatlar taqdim etilgan holda, Kengashning xulosasiga ko‘ra tiklash ishlarini olib borish mumkin.

Voqea yuzasidan Madaniy meros departamenti o‘rnatilgan tartibda hujjatlarni O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga taqdim etadi», — deyiladi xabarda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring