Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Buxoroning o‘rta asrlardagi devorlari yoxud mudofaa istehkomi (foto)

Buxoroning o‘rta asrlardagi devorlari yoxud mudofaa istehkomi (foto)

Bitmas-tuganmas xazinalar maskani — qadimiy Buxoro minora va darvozalari bilan ham dong taratgan.

Qadimiy kentning har bir darvozasi (jami 11 ta) va minoralari (jami 17 ta) o‘ziga xos rivoyat va afsonalarga boy. To‘g‘ri, ayrim tarixiy manbaalarda Buxoroning 12 ta darvozasi mavjudligi haqida bahs-munozaralar kechgan. Tarixchilar esa aslida Buxoroning «Mozor» darvozasi, «Samarqand» (shimoli-g‘arbda), «Imom» (g‘arbda), «O‘g‘lon» (shimolda), «Talipoch» (shimoli-g‘arbda), «Shergiron» (shimoli-g‘arbda), «Qorako‘l» (g‘arbda), «Shayx Jalol» (janubi-g‘arbda), Namozgoh» (janubi-g‘arbda), «Sallaxona» (shimoli-g‘arbda), «Qavola» yoki «Qarshi» (shimoli-g‘arbda) darvozalari bo‘lganini yozishgan.

Har bir darvoza ma’lum vazifani bajargan.

Xuddi shuningdek, Buxoroda Minorai Kalon, Chor Bakr minorasi, Hazrati Imom minorasi, Vobkent minorasi, Vang‘ozi minorasi, Piri dastgir minorasi, Shayx-ul-olam (Sayfiddin Boxarziy) minorasi, Bahouddin Naqshband minorasi, Qasri Orifon minorasi, Abdulxoliq G‘ijduvoniy minorasi, Bolo hovuz minorasi, Gavkushon minorasi, Sarvariy minorasi, Chor Minor, Qavola minorasi, Hazrati Amir Kulol minorasi, Volidai Abdulazizxon minorasi bo‘lgan. Ushbu minoralar hozirgacha saqlanib qolingan.

Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori Shavkat Bobojonovning «Xabar.uz»ga bildirishicha, minora va darvozalari bilan mashhur Buxoro o‘z mudofaa devorlari bilan ham azaldan qo‘shni o‘lkalarni hayratga solgan. Uning aytishicha, ushbu ihota inshootlari nafaqat dushmandan himoyalanish, xavfsizlikni ta’minlash, balki, qal’a-qo‘rg‘onlarning qudratini ham namoyon etgan. Shuningdek, devorlar shaharning o‘tmishi, umumiy hududi, uning topografiyasi, toponimi, ijtimoiy-iqtisodiy hayoti, harbiy salohiyat, etnolokal ma’lumotlarni bilishda muhim ahamiyatga ega.

«O‘g‘ri va yo‘lkesardan tinch bo‘laylik» 

«Buxoro vohasida bugungi kunda uchta devor qoldiqlari saqlangan bo‘lib, mahalliy aholi ularni ajratishda aksariyat hollarda chalkashliklarga uchraydi. Ularning birinchisi butun vohani o‘rab olgan Kampirak yoki Kampirdevor bo‘lib, uning uzunligi — 330 kilometr. Uzunligi 12 km ikkinchi devor Buxoro shahrining 555 gektarlik Eski shahar qismini o‘rab turgan. Uchinchisi shahar ichidagi shahar nomi bilan mashhur Arki oliyning 800 metrga cho‘zilgan devor qoldiqlaridir. Qizilqum sahrolari orqali o‘tgan voha devori bugungi kungacha saqlanmagan, faqatgina Qiziltepa tumanida ayrim vayrona qismlarini ko‘rish mumkin. Nisbatan yaxshi saqlangan devor — bu shahar ihotasi bo‘lib, atigi 10-15 foizi hozirda qad rostlab turibdi», — dedi Shavkat Bobojonov.

Muarrix Muhammad Narshaxiyning «Buxoro tarixi» asarida xalqning Buxoro hukmdori Ahmad ibn Xolidga «shahrimiz atrofida devor bo‘lishi kerak, toki biz kechasi darvozalarni berkitib, o‘g‘rilar va yo‘lkesarlardan tinch bo‘laylik», deb qo‘ygan talabi bayon etilgan. Shundan keyin devor qurilishiga buyruq beriladi. Juda mustahkam devor qurilib, minoralar barpo etiladi, davrozalar o‘rnatiladi. Bu ish 849-850-yillarda bajariladi. Asarda yozilishicha, qachonki biror lashkar Buxoroga qasd qilsa, devorni qayta tuzatishar edi.

Besh qavat devor bilan o‘ralgan shahar

«Buxoro shahar devori tarixiy taraqqiyot davrlari natijasida kengayib borgan. Akademik Abdulahad Muhammadjonovning ma’lumot berishicha, Buxoroda o‘tkazilgan arxeologik ekspeditsiya natijasida moddiy madaniyat izlari orasida 15,5 metr hamda 18,5 metr chuqurlikda kovlab ochilgan qadimgi ikki mudofaa devori qoldiqlari topilgan. Shundan birinchi mudofaa devori 2,5-3, ikkinchisi 2-2,5 metr balandlikda saqlangan.

Mir Arab madrasasi yaqinida olib borilgan qazishmalar chog‘ida 4,5 metr chuqurlikda shaharning qadimgi mudofaa devorlari qoldiqlari qayd etilgan. Devor paxsa hamda xom g‘ishtdan bo‘lib, 5-6 metr balandlikda saqlangan. Ushbu mudofaa inshooti V-VI asrlarda qad ko‘targan bo‘lib, bir necha bor ta’mirlanib, qayta-qayta tiklangani isbotlangan. Shu sababdan ilk o‘rta asrlarga kelib uning qalinligi 17 metrgacha yetgan. Qadimshunoslik ma’lumotlariga qaraganda, mudofaani kuchaytirish maqsadida devor atrofida harbiy qo‘rg‘onlar ham qurilgan. Buxoro shahri mudofaasi haqidagi ma’lumotlar Xitoy manbalarida ham saqlanib qolgan. Ularda shahar besh qavat devor bilan o‘rab olingani bayon etilgan», — dedi suhbatdosh.

Ma’lumotlarga ko‘ra, islomgacha bo‘lgan davrda shaharning umumiy maydoni 30-35 gektarni tashkil etgan. Shaharning butun aylanasi 1050 sarjin yoki 1-2 chaqirimdan iborat bo‘lgan. Buxoro devori ko‘plab hukmdorlar tomonidan qayta qurilib ta’mirlangan. Xususan, Buxorxudot Budin, Ahmad ibn Xolid, Mas’ud Qilich Tamg‘ochxon, Xorazmshoh Muhammad ibn Sulton Takash davrlarida devor yangidan qurilib, ta’mir etilgan. Masalan, Budin huvillab vayronaga aylangan shaharni tiklab, qal’a devorini yangilagan. Somoniylar sulolasiing dastlabki hukmdorlari davrida shahar atrofini cho‘l ko‘chmanchi bosqinchilaridan himoya qilish uchun qalin devor bilan o‘rab olingan edi. Devorni ta’mirlash uchun maxsus soliqlar to‘planardi. Ammo amir Ismoil Somoniy Buxoro devorini qurishni ham, tuzattirishni ham rad etgan va u: «To men tirik ekanman, Buxoro viloyatining devori men bo‘laman» deb, ustiga olgan vazifani to‘la bajargan, u doimo janglarda o‘zi qatnashgan va Buxoro viloyati ustidan dushmanlarning zafar topishiga yo‘l qo‘ymagan. 

O‘rta asrlarda Buxoro shahrining mudofaa devorlari mustahkam qurilganligi tufayli «misdan quyilgan shahar», «misdan yasalgan istehkom», «mis shahar» ma’nolarini anglatuvchi «Madinat us-sufriya» atamasi berilgan.

Bundan tashqari, shaharning qal’a, qo‘rg‘on ma’nolarini bildiruvchi Numijkat, Bumiskat nomlari mustahkam shahar bo‘lganiga ishoradir. Bu nomlardan birinchisi Navmichkat, u fors-tojikcha uchta — «nav» — yangi, «mich» — qal’a, istehkom va «kat» — qishloq kabi so‘zlardan iborat bo‘lgan. Bir so‘z bilan aytganda «Yangi qal’a», «Yangi qo‘rg‘on» ma’nolarini anglatgan.

Mustahkam mudofaa devorlari

«Shahar devori oxirgi marotaba 1540-1549-yillarda shayboniylar sulolasidan Abdulazizxon davrida kengaytirilgan. XVI asrning ikkinchi yarmida Abdullaxon siyosiy kurashlarda uni qo‘llashgan jo‘ybor xojalariga minnatdorlik sifatida Jo‘ybor tumanining g‘arbiy qismini shahar hududiga qo‘shgan. Buning uchun Abdulazizxon qurdirgan devor g‘arbiy qismining bir bo‘lagi buzilib, yangitdan besh darvozali g‘arbiy devor ko‘tariladi. Undan keyingi davrlarda devor o‘zgartirilmagan. Faqat ta’mirlab turilgan, xolos. Bu bilan shahar umumiy maydoni 440-450 gektarni tashkil etgan va darvozalar soni 11 ta yetgan. Darvozalar soni XX asr boshlarigacha shu holatda o‘zgarmay kelgan. Devor bo‘ylab joylashgan 11 darvoza orqali shaharga kirish-chiqish nazorat qilingan va mustahkam qo‘riqlangan. Yarim aylana silindrsimon shakldagi qo‘sh minorali darvozalar shom namozidan keyin yopilib, bomdod namozidan so‘ng ochilgan.

So‘nggi o‘rta asrlarda Buxoroga tashrif buyurgan sayyoh va elchilar devor bilan o‘rab olingan shaharning umumiy maydonini 1,739 talan yoki 1 564 875 kvadrat sajenni tashkil etishini yozib qoldirishgan. 1893-yilda Turkistonga sayohati mobaynida «Movarounnahr yoxud Transoksianaga safar» nomli asar yozgan Zohir Bigiyev «Buxoro Pekin shahri kabi loydan yasalgan buyuk devor bilan o‘ralgan. Devor to‘rt sajen balandlikda, ikki sajen kenglikdadir. Uzunligi 11 chaqirim, to‘rt yuz sajenga yaqin. Darvozalarning ikki tarafida eski usul bo‘yicha jang uchun ikki tosh minoradek bir narsa bor», deb tasvirlangan», — deya so‘zida davom etdi Shavkat Bobojonov.

Devor g‘isht qistirmali paxsadan qurilgan, o‘rtacha balandligi 5-10 metr atrofida bo‘lib, qalinligi poydevorida 5-6 m, yuqori qismida 1,5-2 metrni tashkil etgan. Har 100 m masofada yarim aylana jami 116 ta (ayrim manbalarda 131 ta) burjlar hosil qilingan bo‘lib, bu orqali mudofaa qudrati oshirilgan. Toj shaklidagi tishli dekor qismlaridan iborat devorning yuqori qismi dandona deb nomlangan. Dagona deb ataluvchi soqchilar yo‘lagi esa dumaloq mudofaa maydonlari va shinaklar bilan ta’minlangan.

O‘lkashunos, professor Muso Saidjonovning tadqiqotlariga ko‘ra, shahar atrofida xandak qilinib, uning ba’zi qismlari shayboniy Abdulazizxon (1557–1598) davrigacha mavjud bo‘lgan.

Suhbatdoshning so‘ziga ko‘ra, devor buxoroliklarning yashash hududi etimologiyasi shakllanishi, xususan, shahar ichkarisi (az qal’a durun) yoki tashqarisi (az qal’a berun)da istiqomat qilishini belgilashda muhim o‘rin tutgan. Jo‘ybori darun va Jo‘ybori berun, Dilkushoyi darun va Dilkushoyi berun hududlari bunga misol bo‘la oladi. Devor zamonaviy fors-tojik lug‘atlarida qal’a deb keltirilib, «baland loysuvoqli yopiq devor», «mustahkamlangan qishloq» ma’nolarini anglatadi. Buxoroliklar shahar devorini qal’a deb atashgan. Shu sabab Kunji qal’a (qal’aning burchagi), nugi qal’a (qal’aning uchi), Miyoni qal’a (qal’aning o‘rtasi), Tagi qal’a (qal’aning oldi) kabi shaharning topografik joy nomlari sekin-asta shakllangan va hozirgacha ham ishlatib kelinadi.

Bugun Buxoro ochiq osmon ostidagi muzey shahar sifatida qadrlanadi. Bunday sharaf ming yillik obidalarni mustahkam devor ila o‘rab olgan qadim qal’aga nisbatan aytilgan. Shahar devor bilan birga yaxlit kompozitsiyani tashkil etadi, aslida. Sayyohlar ham ayni shunday o‘rta asrlar tipini saqlab qolgan qadimiy shahar tomoshasiga oshiqadi.

«Shunday ekan, biz ham tarixda mustahkamligi sabab mis va bronzaga qiyoslangan, hozirda esa oltinga barobar ko‘hna kent devorini saqlab qolishimiz darkor. Jahon sayyohlik tashkiloti birgina Buyuk Xitoy devorini ko‘rishga millionlab sayyohlar tashrif buyurishini e’tirof etadi. Bugun yiliga salkam 5 million sayyoh keladigan O‘zbekiston turizmiga devor va darvozalardan iborat mudofaa inshootlari bo‘ylab sayyohlik yo‘nalishini kiritish, nafaqat, obidalarni ta’mirlash, balki ularni ajdodlarimiz qudrati va zakovati timsoli sifatida targ‘ib qilishga xizmat qiladi», — dedi Shavkat Bobojonov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring