Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Geograf Bobur Mirzo va uning ilmiy merosi

Geograf Bobur Mirzo va uning ilmiy merosi

Bobur Sharq xalqlari tarixida faqatgina shoh, sarkarda, Hindistonda Boburiylar sulolasining asoschisi sifatida emas, balki buyuk olim, shoir, tarixchi, sayyoh, geograf, o‘zbek mumtoz adabiyotining yirik namoyondasi sifatida o‘chmas iz qoldirgan. Boburning sarguzashtlarga boy hayoti o‘zining ilmiy me’rosi «Boburnoma» asarida keltirilgan.

Ushbu asar XV asr oxiri XVI asr boshlaridagi O‘rta Osiyo, Afg‘oniston va Hindiston tabiati, xalqlari tarixi, har bir tasvirlanayotgan hududning geografik o‘rni, iqlimi, o‘simliklari, qazilma boyliklari, hayvonot dunyosi va umuman Boburning Farg‘ona vodiysida o‘tgan yoshlik yillaridan to Hindistonda podsholik qilgan yillarigacha bo‘lgan voqea-hodisalarni o‘z ichiga olgan tarixiy-memuar asardir.

Asardagi ma’lumotlar bevosita Boburning kuzatishlari asosida yozilgan original asar bo‘lib, muallif asarni yozishda bironta hattot yollamagan.

«Boburnoma» dunyoning turli tillariga tarjima qilingan bo‘lib, turli davrlarda asar ustida tadqiqot ishlari olib borilgan va ilmiy ishlar olib borilmoqda.

Asarni tadqiq etishda AQSh, Rossiya, Germaniya, Niderlandiya, Buyuk Britaniya, Fransiya, Turkiya, Pokiston, Afg‘oniston, Italiya, Hindiston kabi malakatlar olimlarining ishlari diqqatga sazovordir. Niderlandiyada Vitsen (1705), Buyuk Britaniyada U.Erskin va J.Leyden (1826), R.Koldekot (1844), A.Beverij (1905), Talbot (1909)lar, Germaniyada Yu.Klaprat (1810), A.Keyzer (1828), Fransiyada Pave de Kurteyl (1871), B.Gramon (1980, 1985), Rossiyada N.Ilminskiy (1857), Afg‘onistonda Abulxay Xabibiy,  Pokistonda Rashid Axtor Nodviy, Hindistonda Mirza Nasriddin Haydar (1924), Turkiyada R.Arrat hamda N.Bayur (1943-1946) va boshqa olimlar «Boburnoma»ni ilmiy tadqiq etishga ulkan hissa qo‘shdilar. 1980-1985 yillarda dunyoning eng nufuzli tashkilotlaridan biri – UNESCO tashabbusi bilan «Boburnoma» fransuz tilida bosib chiqarildi.

«Boburnoma»ni ilmiy tadqiq etishda o‘zbekistonlik olimlarning xizmatlari kattadir. N.Ilminskiy (Qozon, 1857) va A.Beveridj (London, 1905) lar tomonidan nashr etilgan asar nusxalariga asoslanib, 1948 – 1949 yillarda «Boburnoma»ning ikki qismdan iborat to‘liq matni o‘zbek tilida bosilib chiqdi [4].  P.Shamsiyev va S.Mirzayevlar nashrga tayyorlagan ushbu asar nusxasi yangi o‘zbek alifbosida geografik nomlar va kishi ismlari ko‘rsatkichi, lug‘at va ba’zi bir qisqa izoh hamda tarjimalar bilan nashr etildi. Bu asar nusxasi 1960 yilga kelib, V.Zohidovning so‘zboshisi bilan qayta nashr qilindi. Toshkentda «Boburnoma»ning birinchi ruscha nashri 1958 yilda nashr etildi.

M.Sale tarjimasiga asoslanib, 1982 yili S.Azimjonova so‘zboshisi va M.Hayrullayev tahriri ostida «Boburnoma» rus tilida qayta nashr etildi. Tilshunos olim P.Shamsiyev o‘zbek tilida nashr etilgan yuqoridagi asar nusxalariga asoslanib, ularda yo‘l qo‘yilgan ba’zi kamchiliklar, tarjima va izohlarga qo‘shimcha qilib, asarni 1989 yili qayta nashr etdi. Umuman, tilshunos olim P.Shamsiyevning «Boburnoma» ustida olib borgan ishlari tahsinga loyiqdir.

Boburshunos, tarixchi olima S.Azimjonovaning xizmatlarini ham alohida ta’kidlash lozim. Sharqshunoslardan A.Nosirov Bobur asarlarining to‘la ro‘yxati va Bobur haqida turli tillarda e’lon qilingan materiallarni to‘plagan.

Tilshunos olim X.Nazarova Bobur asarlarida uchraydigan va tushunilishi qiyin bo‘lgan so‘zlarning izohli lug‘atini tuzdi.

Boburning geografik merosi hassos olim, atoqli geograf Hamidulla Hasanov tomonidan atroflicha o‘rganilgan. H.H.Hasanov Boburning hayoti va uning me’rosini chuqurroq o‘rganish maqsadida Bobur izidan – Andijondan Hindistonga safar uyushtirgan. Boburning poyi qadami tekkan bir necha shaharlarda bo‘lgan, bobokalonimiz tomonidan qurdirilgan ziyoratgohlarni hamda Boburning Kobuldagi qabrini borib ziyorat qilgan. Safardan ajoyib ma’lumotlar bilan qaytgan olim, keyinchalik Bobur va uning geografik merosi haqida risola yozgan. Risolada Bobur merosining geografik jihatlari talqin qilingan va «Boburnoma»da tilga olingan yirik joylar xaritasi ishlangan. Ayrim joy nomlari va terminlarini izohlab bergan. Binobarin, muallif «Boburnoma»ning geografik qonuniyatlarini to‘la ochib bergan.

«Boburnoma»dan Kobul (Afg‘oniston) viloyatining geomorfologik, iqlimiy va geobotanik rayonlashtirishga oid misollarni uchratish mumkin. H.H.Hasanov buni Bobur geografiyasining eng yuqori cho‘qqilaridan biri, deb hisoblaydi [8, 33-б.].

H.H.Hasanov ushbu asarda Boburning hayoti, uning hayoti va ijodining turli olimlar tomonidan o‘rganlishi, Boburning sayyoh va tabiatshunos, asardagi geografiya qonuniyatlari, iqlimshunoslik va gidrologiyaga oid ma’lumotlar, nabobat va hayvonot dunyosi haqida ma’lumotlar, toponimika va terminologiyaga oid ma’lumotlari tahlil qilingan hamda Beruniy va Bobur shaxslari taqqoslangan, shuningdek, “Boburnoma” da tilga olingan yirik joylar xaritasi ishlangan.

Boburning buyuk merosini o‘rganish shuning uchun ham zarurki, “Boburnoma” o‘zbek tilida yozilgan dastlabki tabiiy va tarixiy geografik ilmiy asarlarning eng yirigidir. H.Hasanov ta’biri bilan aytganda “Bobur Farg‘ona va Samarqand, Afg‘oniston va Hindiston geografiyasini o‘zbek tilida birinchi bo‘lib tasvirlagan olim, desak xato bo‘lmas”[8, 60-б.].

Undagi keng qamrovli ma’lumotlar shu darajada qimmatliki, mana besh asrdan buyon tarixchilar, geograflar, tilshunoslar, sharqshunoslar, etnograflar, adabiyotshunoslar va botaniklarni o‘ziga jalb qilib kelmoqda.

Boburnoma asari – nafaqat tarixiy, siyosiy, madaniy, badiiy asar, balki keng qamrovli geografik ma’lumotlar haqida mufassal ma’lumot beradigan noyob yodgorlikdir. Asarda O‘rta Osiyo va Janubiy Osiyo o‘lkalarining tabiiy geografik sharoiti va ob’yektlari ya’ni relefi, iqlimi, suvlari, tuprog‘i, o‘simlik va hayvonot dunyosi geografik jihatdan g‘oyatda qiziqarli tasvirlangan.

Boburnomada keltirilgan ma’lumotlar shundan dalolat beradiki, Zaxiriddin Muhammad Bobur asosiy vaqtini tog‘u-dashtlarda jang qilib, ov va sayohatlar uyushtirib tabiat bilan hamohang o‘tkazgan. Bu unda geografik bilim va tasavvurlarning naqadar kengayishiga, qonuniyatlarni tez anglashiga sababchi bo‘lgan. Shuningdek, tabiatning sir asrorlarini yaxshi bilishi janglarda g‘olib bo‘lishiga ham qo‘l kelgan. U o‘zi yurgan yo‘llar, o‘zi bo‘lgan shahar va qishloqlarni, o‘zi ko‘rgan va kechirgan hodisalarni o‘ta ziyraklik bilan, ustamona, hamma uchun tushunarli tarzda aniq tasvirlagan.

Boburnomani hozirgi o‘zbek tiliga tarjima qilishda “bosh-qosh” bo‘lgan V.Zohidovning yozishicha, Boburning fikriy doirasi nihoyatda keng, uning eruditsiyasi juda chuqur, xotirasi esa, «Boburnoma»da ko‘zga tashlanishicha, g‘oyatda tengsiz, haqiqatan ham kishini hayratda qoldiradigan darajada bo‘lgan. Uni koinotdagi, tabiatdagi barcha narsalar qiziqtirgan. Hech qanday mubolag‘asiz aytish mumkinki, Bobur mamlakatni, o‘lkani, tog‘, daryo, geografik joylashuvini, relef, o‘simlik va hayvonot dunyosini, mazkur o‘lkaning u yoki bu qismini  tasvirlashda bizning ko‘z oldimizda o‘z davrining buyuuk geografi sifatida gavdalanadi.

Boburni geografik bilimlarni yoritishda qiyosiy geografik tadqiqot usullarini birinchi qo‘llagan olim sifatida ham bilamiz. U o‘zi ko‘rgan hududlarni boshqa yaxshi bilgan hududlar bilan taqqoslagan, solishtirgan. Masalan, Qobul shaharini tasvirlaganda Samarqand bilan quyidagicha taqqoslaydi: “Qobul havosidek havoli yer olamda borligi ma’lum emas. Yozlarda kechalari po‘stinsiz yotib bo‘lmaydi. Qishda, garchi qor aksar katta tushsa-da, lekin Samarqandchalik qattiq sovug‘i yo‘qdir. Samarqand va Tabriz xushhavolikda mashhurdir, lekin u shaharlarda qattiq sovuq bo‘ladi”, “Samarqandning qori Qobulcha bo‘lmasa ham, qishi qattiq sovuqdir. Qobulcha bo‘lmasa ham, yozlarda yaxshi havosi bor”, Koson havosi yaxshi.... Xushhavolikda O‘sh bilan Kosonning o‘xshashligi bor”, “Issiq iqlim va sovuq iqlim orasidagi chegara hudud – Bodomchashma dovonidir. Bu dovonning Qobul tarafida qor yog‘adi. Quruqsoy va Lamg‘onot tarafida qor yog‘maydi. Bu dovondan tushgach, kishi o‘zga bir olamga duch kelgandek bo‘ladi: daraxtlar o‘zgacha, o‘tlar o‘zgacha, jonivorlar o‘zgacha, elning urf odati o‘zgacha”. Bunday qiyosiy tasvirlar Boburnomada juda ko‘p uchraydi. Bu o‘quvchiga hudud tabiiy xususiyatlarining bir-biridan farqini yoki o‘xshashligini bilishga, shuningdek, tabiat komplekslarining zonal va regional almashinish qonuniyatlarini anglashga yordam beradi.

Zahiriddin Muxammad Bobur o‘zi borgan hududlarning, viloyatlarning, shaharlarning geografik o‘rni, joylashuvi, relefi, geologiyasi, iqlimi, o‘simlik va hayvonot dunyosi, qishloq xo‘jaligi, ekologiyasi haqida ham ko‘plab tafsilotlar keltiradi. Ularning ba’zilari:

Hududlarning geografik o‘rni, joylashuvi haqida quyidagicha bayon qiladi: “Farg‘ona viloyati beshinchi iqlimdandir. Tevarak atrofi tog‘lar bilan o‘ralgan. Sharqi Koshg‘ar, g‘arbi Samarqand, janubi Badaxshonning chegarasi – tog‘lar,  shimolida ilgarilar Olmoliq, Olmotu va yangi singari shaharlar bo‘lgan ekan, uni kitoblarda o‘tror deb yozarlar...”, “Yer yuzining aholi yashaydigan qismida Samarqandcha latif shahar kamroqdir. Beshinchi iqlimdandir. Uzunligi 99 ramzi nujumiy daraja, 56 daqiqa, eni  40 daraja va daqiqadir. Uning sharqi Farg‘ona va Koshg‘ar, g‘arbi Buxora va Xorazm, shimoli Toshkand va Shoxrukiya, Shosh va Banokat deb yozadilar, janubi Balx va Termiz. Ko‘hak (Zarafshon daryosi) shimolidan oqadi”, “Kobul viloyati to‘rtinchi iqlimdadir. Sharqi Lamg‘onot, Parshovar, Hashnag‘ar va ba’zi Hind viloyatlaridir. G‘arbi tog‘li maskanlardir, Karnud va G‘o‘r o‘sha tog‘lardadir. Shimoli Hindukush tog‘iga tutashgan. Qunduz va andarob viloyatlaridir. Janubi Farmul, Nag‘ar, Bannu va Avg‘onistondir. Qobulga Koshg‘ar, Farg‘ona, Turkiston, Samarqand, Buxora, Balx, Hisor va Badaxshondan karvonlar keladi. Savdogorlar Xitoyga va Rimga borsalar ham shunchalik savdo qila oladi”. Ushbu tafsilotlardan ham ko‘rinib turibdiki, Bobur Osiyo, Yevropa hududlarining geografik qiyofasini to‘liq anglagan, ular haqida ma’lumotga ega bo‘lgan. 

Bobur yosh bo‘lishiga qaramay, o‘lkamizning orografik qiyofasini tasavvur qila olgan. Olim 15-16 yosharligida Farg‘ona, Samarqand va Toshkent oralig‘ini bir necha marta kezib chiqqan. 19 yoshga to‘lgan yili Hisor tarafidan toqqa ko‘tarilib, Fondaryo va Iskandarko‘l orqali Zarafshon vodiysiga o‘tib, Samarqandga kelgan. Ba’zi vaqtlarda askarlari bilan yo‘lni qisqartirish maqsadida tog‘ni aylanib o‘tmasdan, uni oshib o‘tib yangi oshuvlarni, dovonlarni ham kashf qilgan. Uning xayotida, janglarida tog‘lar, dovonlar, yalangliklar muhim o‘rin tutgan. Ayrim vaqtlari baland tog‘lardan o‘tish qiyin bo‘lganligi uchun oylab o‘sha joylarda qolib ketgan.  Bobur o‘z sayohatlari chog‘ida tog‘lar, balandliklar, dovonlar, vodiylar, jarlar va ularning o‘lchamlari, xususiyatlari haqida ham atroflicha to‘xtalib o‘tadi. Ularning ba’zilarini quyidagicha bayon etadi: “Qobul viloyati  shimoli Hindikush tog‘iga tutashgan. Sharqdan g‘arbga qarab yastangan. Atrof tevaragi batamom tog‘dir. Qalasi tog‘ga tutashgan. Bu tog‘ Devarin tordaradan boshlanadi. Bu tog‘ning etaklari batamom bog‘lardir”, “...Sharqi Lamg‘onot viloyatidir. Uch-to‘rt yerda kichikroq-kichikroq dovonlari, ikki-uch joyda tor daralari bor” .

Zahiriddin Muxammad Bobur hududning geologiyasi haqida, o‘zi ko‘zi bilan ko‘rgan, eshitgan foydali qazilmalar, madanlari haqida ham ma’lumotlar berib o‘tadi: “O‘shning janubi-sharqida bir ko‘rkam tog‘ bor, Baroko‘h (Sulaymon tog‘i) deb nomlanadi. Umarshayx mirzo saltanatining so‘ngi paytlari ushbu tog‘dan qizil va oq tovlanadigan tosh topildi: pichoq dastasi, takband va ba’zi narsalar tayyorlaydi, ancha yaxshi toshdir.”,  “Farg‘ona viloyati tog‘larida feruza va temir konlari bo‘ladi” .

Bobur o‘zi sayohat qilgan hududlardagi iqlim va ob-havo sharoiti, jumladan, fasllari, harorat, yog‘ingarchilik, namlik, shamollari haqida ma’lumot beradi.

Masalan, Bobur hozir Afg‘onistonning poytaxti bo‘lgan Kobul iqlimini yozi issiq, qishi mo‘l-ko‘l bo‘lgan “ajoyib ob-havo” deb ta’riflaydi. Shuningdek, Samarqand shahridagi ob-havo haqida yozadi va shaharda qishda “qattiq sovuq”, yozda “haddan tashqari issiqlik” bo‘lganini ta’kidlaydi.

Xuddi shunday, Bobur Hindiston yarimorolidagi ob-havo sharoitlarini, jumladan Panjob, Dehli va Agra kabi hududlarni tasvirlaydi. Uning qayd yetishicha, bu hududlarda yoz issiq va qishi sovuq emas, musson fasli kuchli yog‘ingarchilik va ba’zi hududlarda suv toshqini keltirib chiqarishini aytadi.

Umuman olganda, Boburnomada tilga olingan manzilgohlarning iqlimi va ob-havo sharoiti aks ettiradi va hududlarning ekologik sharoiti haqida ma’lumot beradi. Ularning ba’zilarini quyidagicha bayon etadi: “Yoz chog‘larida Qobulda shimoliy yel esib turadi. Garmser sardser joylar Qobulga yaqindir. Qobuldan bir kunda sira qor yog‘maydigan joyga borsa bo‘ladi. Yana nujumiy ikki soatda shunday yerga borsa bo‘ladiki, u yerda hech qachon qor kamaymaydi. Ahyon-ahyonda shunday yoz keladiki, qor qolmaydi”, “Issiq iqlim bilan sovuq iqlim orasidagi chegara hudud – Bodomchashma dovonidir. Bu dovonning Qobul atrofida qor yog‘adi. Quruqsoy va Lamg‘onot tarafida qor yog‘maydi”, “Ko‘hi Safid tog‘idan to‘qqiz soy chiqadi. Tog‘da qor hargiz kamaymaydi. Shu bois bo‘lsa kerak, Ko‘hi Safid – Oq tog‘ deydilar. Quyi o‘tloqqa hech qor tushmaydi. Oraliq masofa yarim kunlik yo‘ldir. Bu tog‘ tagida yaxshi havoli yerlar bor. Suvlari sovuq, muzga hech ehtiyoji bo‘lmaydi”, “Surxrud soyi tomoni qirq-ellik qari tik tog‘dir. Qachon Qobulda qor yog‘sa, bu tog‘ cho‘qqisiga qor tushadi. Lamg‘on eli Qobulda qor yog‘ganini shundan biladilar” .

Bobur o‘z istilolari chog‘ida duch kelgan daryo, soy va ko‘llari haqida ham yozadi. U nafaqat O‘rta Osiyo daryolarini, balki Pokistondagi Hind daryosi, Afg‘onistondagi Kobul daryosi va Hindistonga bostirib kirishi chog‘ida o‘tgan Himoloy tog‘laridan boshlanadigan daryo va soylarni ham tasvirlaydi. U harbiy yurishlar paytida daryolarni kesib o‘tishdagi qiyinchiliklar va ular uning strategiyasiga qanday ta’sir qilgani haqida yozadi. U daryo, soy  va ko‘llar haqida quyidagicha so‘z yuritadi: “Ko‘hak (Zarafshon) daryosi Samarqand shimolidan oqadi, bu suv bilan Samarqand orasida bir tepalik bor, uni ko‘hak (kichik tog‘) deydilar. Bu daryo ko‘hakning tubidan oqqanligi uchun Ko‘hak suvi deydilar. Bu daryodan bir katta anhor chiqarganlar, balki kichik daryochaday bordir, uni darg‘am suvi deydilar. Samarqandning janubidan oqadi. Samarqanddan bir shar’iycha keladi. Samarqandning bog‘lari va mahalalari, yana necha tumanlari bu suv bilan obod. Buxora va Qorako‘lgacha o‘ttiz-qirq  yig‘och masofaga yaqin joylar Ko‘hak suvi bilan obod va ekinzordir. Shunday katta daryo ekin va imorat ishlaridan aslo ortmaydi, shuning uchun yozda uch-to‘rt oy Buxoraga suv borib yetmaydi”, “Sayxun Turkistondan ancha quyiroqda bu daryo butunlay qumga singib ketadi, bironta daryoga qo‘shilmaydi”, “Shohi Qobul tog‘ining sharqida bir katta ko‘l bor. Aylanasi bir shar’iyga yaqinlashadi. Shohi Qobuldan Qobulga tomon  uch kichikroq chashma oqib chiqadi”.

Zaxiriddin Muxammad Bobur o‘zi yurgan, ko‘rgan joylarning daraxtlarini, o‘t-o‘simliklarini ham yaxshi biladi va ularning dorivorlik xususiyatini, shuningdek, chorva mollari ya’ni ot va qoramollarga qanchalik to‘yimli ozuqa ekanligi haqida ham bayon etadi: “Farg‘ona viloyatining atrof-tevaragidagi tog‘larda yaxshi yaylovlar bor. Tobulg‘u (Jing‘ilsimon po‘stlog‘i qizil buta) shu tog‘larda bo‘ladi, boshqa hech yerda bo‘lmaydi. Tobulg‘u shunday bir butasimon daraxtdirki, po‘sti qizil, undan hassa, qamchi dastasi, qushlarga qafas qiladilar; yo‘nib kamon o‘qi yasaydilar, ancha yaxshi daraxtdir. Tabarruk bilib yiroq yurtlarga olib boradilar. Ba’zi kitoblarda “yabruh us-sanam” (mehrigiyoh, jenshen) shu tog‘lardadir. Biroq bu muddatgacha hech ko‘rmadik”, “Bir giyohni Yettikent tog‘larida bo‘ladi deyishadi, nomi “ayiqo‘ti” emish; mehrigiyoh hosiyatli, aftidan o‘sha mehrigiyohdir,  el bu nom bilan aytadur”, “Bodomchashma dovonidan tushgach, kishi o‘zga bir olamga duch kelgandek bo‘ladi: daraxtlar o‘zgacha, o‘tlar o‘zgacha, jonivorlar o‘zgacha”, “Nijnov tog‘larida noju, chilg‘o‘za, balut va xanjak daraxtlari ko‘p uchraydi. Nijrovdan yuqorida aslo bo‘lmaydi. Bular Hindiston daraxtlaridir. Bu tog‘liklar elining chiroqlari faqat chilg‘o‘za yog‘ochidandir, shamdek yonadi, juda g‘aroyib”, “Boron daryosi oralig‘ida ikki parcha tekis dasht bor. Birini Kurrayi Toziyon (arablar xo‘tigi), yana birini Dashti Shayx deyishadi. Yozlar chikin tola o‘ti ko‘p yaxshi bo‘ladi. Bu tog‘ etaklarida rang-barang har-xil navli lolalar o‘sadi. Bir maratoba sanatdim: o‘ttiz ikki-o‘ttiz uch nav bir-biriga o‘xshamas lola chiqdi”.

 Bobur o‘zi bilgan hududlarning hayvonot dunyosini, jumladan ovlanadigan hayvonlarini ham maroq bilan tasvirlaydi: “Axsining ovlanadigan qushlari behad yaxshi bo‘ladi. Sayxun daryosining Axsi tarafi dashtdan iborat. Oq kiyigi ko‘p bo‘ladi. Andijon tarafi to‘qay; bug‘u, maral, qirg‘ovul va yavvoyi quyon ko‘p. Aksari juda semiz bo‘ladi”,Marg‘inonda ov qushlari yaxshi bo‘lib, oq kiyik shaharga yaqin joyda topiladi”,  “Andijon viloyatining dashtda yashovchi aholisidan bir turkumi Chakrak elidir. Ular Farg‘ona va Koshg‘ar orasidagi tog‘larda iste’qomat qiladilar. Otlari ko‘p va qo‘ylari behisobdir. U tog‘larda  qoramol o‘rniga qo‘tos saqlaydi. Qo‘toslari ham ko‘p bo‘ladi”, “Buxorada semiz tovug‘i va g‘ozi ko‘p”, “Rabotak tumani yaxshi ov qilinadigan yerlardir. Ilamish daryosining yaqinidagi qalin to‘qaylarda bug‘u, maral va to‘ng‘iz ko‘p bo‘ladi. Past-past changallarida qirg‘ovul va yavvoyi quyon ko‘p bo‘ladi. Tepaliklarida, rangdor, tovlanib turadigan chiroyli tulki ko‘p bo‘ladi. Tulkisi o‘zga yer tulkilariga qaraganda yugurik bo‘ladi”, “Bag‘ri qorasimon qush bo‘ladiki, uni qilquyruq deydilar. Qarshi viloyatida son-sanoqsiz bo‘lgani uchun uni bu yerlarda Murg‘aki Qarshi (Qarshi qushchasi) deydilar”, “Yuqori Sar daralarida maymun bo‘ladi, bundan quyi Hindiston sari ham maymun bor, bundan yuqorida bo‘lmaydi. Bu el burun cho‘chqa saqlar edi, bizning davrda bartarf qilindi”, “Nijrov tog‘larida uchar tulki bo‘ladi. Uchar tulki bir jonivorki, mushukdan kattaroq, ikki qo‘li va ikki butining orasida ko‘rshapalak qanotidek pardasi bor. Doim menga keltirishar edi. Daraxtdan daraxtga pastga tomon bir komon o‘qi otimiga uchadi, deyishadi. Men o‘zim uchganini ko‘rmadim. Daraxtga qo‘ydik, chaqqon tirmashib chiqdi, uni quvladilar, qanotini yoyib uchgandek etib, beozor yerga tushdi. Bu tog‘larda lo‘cha qushi ham uchraydi. Bu qushni buqalamun deydilar. Boshidan quyrug‘igacha besh-olti xil rangi bor. Bo‘yni kabutarning bo‘ynidek, kattaligi tog‘ kakligidek keladi, aftidan Hindiston tog‘ kakligidir. Yana bir sichqon Nijrovda bo‘lar ekan. Uni “mushkin sichqon” deydilar. Undan mushk hidi kelarmish. Uni men haligacha ko‘rmadim”.

Bobur har bir o‘lkaning mevalari, savzavotlari haqida ham quyidagicha bayon etadi: “Axsida qovuni yaxshi bo‘ladi. Bir nav qovunini “mirtemuriy” deydilar, bunday qovunning boshqa joyda ham borligi ma’lum emas. Buxora qovuni mashhurdir. Samarqandni olgan paytimda Axsidan, Buxoradan qovun keltirib, bir o‘tirishda so‘ydirdim. Axsi qovunining hech misli yo‘q edi. “Samarqandning uzumi va qovuni, olmasi va anori, xullas, barcha mevasi yaxshi bo‘ladi. Ayniqsa ikki meva Samarqanda mashhurdir: Samarqand olmasi va Samarqandning sohibi uzumi”, “Buxorada har nav qovun ko‘p va yaxshi bo‘ladi. Yana Buxora qarolisi mashhurdir. Buxora qarolisidek qaroli hech yerda bo‘lmas: po‘stini archib, quritib, tabarruk qilib viloyatdan viloyatga eltadilar”, “Issiq va sovuq iqlimda yetishadigan mevalar Qobul atrofida ko‘pdir. Qobul va uning kentlarida sovuq iqlimga mansub mevalardan uzum, anor, o‘rik, olma, behi, amrud, shaftoli, qaroli, sanjid, bodom va yong‘oq ko‘p bo‘ladi. Men qaroli niholini keltirib ektirganman, yaxshi qarolilar bo‘ldi va hanuz gurkirayotgan edi. Issiq iqlim mevalaridan, chunonchi norunj (apelsin), turunj (limon), amluk va nayshakarni (shakarqamishni) Lamg‘onotdan keltiradilar. Nayshakarni men keltirib ektirgan edim. Chil-g‘o‘zani (kedr yong‘og‘i) Nijrovdan keltiradilar. Qobulda ravochi yaxshi bo‘ladi. Behi bilan qarolisi ham yaxshidir. Bodringi ham yaxshi. Bir nav uzumi bor, obi angur deyishadi, juda yaxshi uzumdir. ... Ekini yaxshi bo‘lmaydi. Agar Xuroson urug‘i bo‘lsa, unchalik yomon bo‘lmaydi”.

Zaxiriddin Muxammad Bobur o‘z ko‘rgan, guvohi bo‘lgan va tajribasidan o‘tgan voqea-hodisalarni ham mohirlik bilan tasvirlaydi:  “Otga xashak taqchil bo‘ldi. Daraxtlarning bargini otga berar edilar. O‘shanda sinaldiki, barcha yaproqlardan tut bargi va qayrog‘och yaprog‘i otga yaxshiroq yemish”. Bobur yer qimirlash va uning dahshatli oqibatlarini shunday tasvirlaydi: “Bu asnoda andoq zilzila bo‘ldiki, qo‘rg‘onning fasllari va bog‘larning tomlari aksar yiqilib, shaharlarda va kentlarda ko‘p uylar hamrov bo‘lib, uy va tom ostig‘a qolib, o‘lgan bisyor bo‘ldi. Pamg‘on kentining uylari tamom yiqildi”.

Jumladan, Boburnomada mingdan ortiq geografik nomlar - mamlakat, shahar, qishloq, qal’a, dasht, tog‘, dovon, dara, daryo, ko‘prik, kechuv, ko‘l, chashma, bog‘, yaylov, o‘tloq va boshqa joylarning nomlari tilga olinadi. Ba’zi geografik nomlarning ma’nolarini ham quyidagicha izohlaydi: “Yana biri Kesh viloyatidir. Samarqandning janubida 9 yig‘och yo‘ldir. Bahorlar sahrosi, shahri, dala va tomi yam-yashil bo‘lgani uchun Shahrisabz deydilar”, “Yana Qarshi viloyatidirki, Nasaf va Naxshab ham deydilar. Qarshi mo‘g‘ulcha so‘zdir, qabristonni mo‘g‘ul tilida qarshi deydi. Aftidan, bu nom Chingizxon yurishidan keyin qo‘yilgan. Bu yerda suv kam, bahori yaxshi bo‘ladi”. Shuningdek, Boburnoma asari hududlarning, shahar va qishloqlarning o‘rta asrlarda qanday atalganligi, nomlanganligi haqidagi tarixiy toponomik asar ham hisoblanadi. Bobur asarda “O‘ratepadan Samarqand ustiga Yoryayloq yo‘li bilan jo‘nadim. Men Burka yaylovi orqali Yoryayloqning Qo‘rg‘onbegisi turadigan Sangzor qo‘rg‘oniga keldim” deb bayon qiladi. Asarda ko‘rsatilgan o‘sha vaqtdagi Yoryayloq hududi hozirda Sangzor va Zomin vodiysi hududlariga, Burka yaylovi Baxmal adirlariga to‘g‘ri keladi. Bundan tashqari, Bobur bir qancha uzoq mamlakatlarning (Arabiston, Iroq, Eron, Ozarboyjon, Rum, Tibet, Xitoy, Qoshg‘ar) nomlarini ham keltirganki, bu olimning o‘sha vaqtlardagi dunyo geografiyasidan ham yaxshi xabardor bo‘lganligidan dalolatdir.

Xulosa o‘rnida shuni ta’kidlash lozim, Zahiriddin Muxammad Bobur mamlakatni, o‘lkani, undagi shaharlarning geografik joylashuvini, iqlimini, relefini, tog‘, daryo, o‘simlik va hayvonot dunyosini batafsil bilgan. Boburning fikriy doirasi nihoyatda keng, xotirasi esa nihoyatda tengsiz, haqiqatdan kishini hayratda qoldiradigan darajada bo‘lgan. Undagi keng qamrovli ma’lumotlar shu darajada qimmatliki, mana besh asrdan buyon tarixchilar, geograflar, tilshunoslar, sharqshunoslar, etnograflar, adabiyotshunoslar va botaniklarni o‘ziga jalb qilib kelmoqda.

Uni koinotdagi, tabiatdagi barcha narsalar qiziqtirgan. Shu boisdan, Boburni mubolag‘asiz mashhur sayyoh, alpinist, geograf olim deb atashimiz mumkin.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring