Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Hoshim Arslonov: «Farishtaga aylanib, uchib ketaman...»

Hoshim Arslonov: «Farishtaga aylanib, uchib ketaman...»

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, xalqimizning sevimli aktyori Hoshim Arslonov yaratgan obrazlar, ovozlashtirgan ijrolarining sanog‘i yo‘q. Kino muxlislari uni «Alpomish», «Ijarachilar», «Xiyonat», «So‘nggi qo‘ng‘iroq», «Singilginam», «Fidoyilar», «Qasos», «Mening akam bo‘ydoq», «Yorim bezori», «Haqiqat kuni», «Marg‘iyona» kabi filmlardagi rollari orqali yaxshi bilishadi. Hoshim Arslonovning kinodagi so‘nggi ishlari 2019 yilda suratga olingan «101-reys» filmi va «Bokira-2» serialidagi rolidir. Uning ovozi o‘ziga xos, ko‘p qirrali edi. Masalan, «Esmeralda» teleserialida Rodolf, Aderyan, Meliso, doktor Malaver kabi o‘n beshga yaqin qahramonni o‘z ovozi bilan jonlantirgan. «Ichkarida» turk serialidagi Jalol ota obrazini maromiga yetkazib ovozlashtirgani filmning ta’sir kuchini yanada oshirgan.

Hoshim Arslonovning ozoda, nevaralar bilan yanada fayzli xonadoni bekasi, aktyorning umr yo‘ldoshi Mavluda Arslonovani suhbatga chorladik.

– Mavluda opa, Taqdir haqida har kimning fikri har xil. Kimdir inson ona qornidaligidayoq Alloh uning taqdirini bitadi, desa, yana kimdir shoir G‘afur G‘ulom aytganidek:
Taqdirni qo‘l bilan yaratur odam,
G‘oyibdan kelajak baxt bir afsona –
deydi. Sizning bu boradagi fikringiz qanday?

– Taqdir Allohdan, albatta. Buning isboti sifatida sizga bir voqeani hikoya qilib beraman. 1974 yil iyul oyi – talabalikning eng go‘zal onlarida biz – ikki dugona – ToshDU (hozirgi O‘zbekiston Milliy universitet)ning roman-german tillari filologiyasi fakulteti talabalari, ya’ni men va Muborak yoz faslida amaliyot o‘tash uchun yo‘llanma bilan Namangan viloyati Chust shahrining tog‘ bag‘rida joylashgan pioner lageriga yo‘l oldik. Chust so‘lim shahar ekan. Tog‘lar bilan o‘ralgan, suvlar sharqirab oqib turgan, Qirg‘iziston bilan chegaradosh G‘ova qish¬log‘ida joylashgan pioner lagerlaridan birida tarbiyachi bo‘lib ishlay boshladik.

Tog‘ havosi beg‘ubor, go‘zal tabiat bag‘rida mazza qilib ishlab, hordiq chiqarib yurganimizda onalarimiz bizni yo‘qlab borishdi. Sharqiroq soylar shovqini, baland tog‘larning haybati bosdimi, onam: «Bo‘ldi, yur, uyga ketasan, sen qanday qilib bu tog‘larning orasida yuribsan? Odamlar qo‘rqmay shunaqa joylarga ham qiz uzatarmikan-a?!» deya xavotirlanib, qo‘limdan ushlab oldilar. Qiz uzatishning nima aloqasi bor bizga, deb hayron bo‘laman. Bolalar lageriga bor-yo‘g‘i 24 kunga kelgan bo‘lsak...

– Yo‘q, ketolmayman, hali oy tugamadi. Oyligimniyam olishim kerak, – dedim.

Onam qancha oylik olishimni so‘radilar.

– 45 so‘m, – dedim.

Shunda onam:

– Yur, ketamiz, men o‘zim senga 50 so‘m beraman, – deb turib oldilar.

Yetakchimiz kula-kula, «Xavotir olmang, bizning odamlarimiz samimiy, mehmondo‘st, mehmonlarni xafa qilib qo‘ymaymiz», deb onamni zo‘rg‘a ovutdilar. Xullas, ularni ko‘ndirib, jiyanim va o‘rtog‘imning ukasini ham lagerda olib qoldik... Keyin zo‘r taassurotlar bilan uyga qaytdik. Shu zaylda, talabalikning 3-bosqich davri boshlandi.

Sinfdosh dugonam Mahbuba Toshkent davlat Teatr va san’at institutida o‘qir va institut sahnasida turli spektakllar qo‘yishardi. Bir kuni Muborak bilan ularning institutiga bordik. Shunda Mahbuba Muborakka qarab:

– Mubor, seni hamshahring bilan tanishtirib qo‘yaymi? Hu, ana, ko‘ryapsanmi? – deya bo‘yi baland, uzun sochlari yelkasiga qo‘ng‘irokdek yoyilib tushgan, «klyosh» shimli (har davrning o‘z modasi bor, o‘sha paytlari uzun soch va klyosh shimlar urf edi) chiroyli yigitchani qo‘li bilan ko‘rsatdi, so‘ng uni yonimizga chaqirdi.

Ular Muborak bilan tanishyaptilar-u, men bu bo‘ychan, kelishgan va chiroyli yigitning ko‘zlariga qarab allanechuk bo‘lib ketyapman... Uning kulib turuvchi ma’sum ko‘zlari, uzun kipriklari, mag‘rur qarashlari menga juda tanishdek edi... Xuddi uni uzoq yillardan beri taniydigandek edim, nazarimda. Ochig‘i, ilk marotaba yuragim jiz etdi... Keyin bilsam uning ham menga mehri tushgan ekan...

Shu bilan bir zumda o‘qishni ham tugatdik. Bitiruv kechamizni kafeda o‘tkazadigan bo‘ldik, onam ham keldilar. Dangalchi emasmanmi, shu yerda Hoshim aka haqida onamga aytib berganman, chustlik yigit, deb. Endi onamning ahvolini ko‘rsangiz, o‘sha vahimali tog‘lar ichida yashamoqchimisan, deb xavotirga tushib qoldilar.

– Onangiz lagerga sizni ko‘rgani borganlarida, «Bu tog‘lar orasiga kim qiz berarkin», deganlaridayoq, farishtalar: «Siz» deb omin, degan ekan-da...

– Ha. Bu taqdirmasmi? Albatta, taqdir-da!

Ishqilib, onam birinchi marta o‘sha kuni ko‘rganlar u kishini. Keyinchalik bu haqda o‘zlari tanishlariga faxrlanib gapirayotganlarini eshitganman: «Qizim Chustga turmushga chiqadimi, deya dilim xira bo‘lib turganida, eshikdan yulduzday bo‘lib Hoshimjon kirib keldi!»

Onamning o‘g‘li yo‘qligigami yoki mehrlari tushdimi, kuyovini o‘g‘ildan a’lo ko‘rar edilar. Umrlarining oxirigacha ona-boladek yashashdi. Onamning hovlilari teatrga yaqin edi. Biz Yunusobodda teatr bergan uyda yashardik. Turmush o‘rtog‘im ko‘pincha teatrdan kech chiqar va ayamnikida qoldim, deb qo‘ng‘iroq qilardilar.

– Hoshim Arslonovning oilasiga bo‘lgan mehr-muhabbatini nimalarda ko‘rgansiz?

– U kishi oilasini juda qadrlar va mehr ko‘rsatar edi. Bolalar tarbiyasiga e’tiborli bo‘lib, dam olish kunlari ham farzandlarini ertalabdan uyg‘otib, das¬turxon atrofida birga, jamuljam bo‘lib choy ichishni yaxshi ko‘rardilar. Qizim dadasini shunday xotirlaydi: «Otam, mening qornim to‘q, deb ovqatini bizga bersalar, ishonib yeyaverardik. Hammamiz to‘ygach, bizdan qolgan ovqatni yerdilar. Endi o‘ylasam, bizning to‘yib ovqat yeyishimiz uchun shunday qilar ekanlar».

Kelinlarini qizidek yaxshi ko‘rardilar. Ovqat tayyorlayotgan vaqtlarida piyozini o‘zlari to‘g‘rab berardilar: «Ayol kishining qo‘lidan piyoz, sarimsoqpiyoz hidi kelmasligi lozim», derdilar. Talaba kelinlarimizga shartnoma pullarini to‘lab, hamma sharoitini qilib berardilar. Uch nafar kelin olgan bo‘lsak, birortasiga yotoqxona, mehmonxona jihozlari yoki boshqa narsa oldirmaganlar. Qudalarning moddiy jihatdan qiynalishini xohlamas edilar, kelinimiz oilamizga mehr bersa bo‘ldi, derdilar. Yigit kishi oilasi uchun peshana teri bilan sharoit yaratishi kerak, deya bot-bot takrorlardilar va o‘g‘illarimizga hamisha o‘zlari o‘rnak bo‘lar edilar.

Kuz keldi, deguncha kartoshka, piyoz kabi ro‘zg‘orga kerakli narsalarni bahorgacha yetadigan qilib, qoplab olib kelib qo‘yardilar. Ro‘zg‘orning to‘kin bo‘lishini yaxshi ko‘rardilar. Tuzlamalarni tayyorlashda yaqin yordamchim edilar. Oilaning katta yumushlarida doimo yonimda ko‘rardim u kishini. Oilaparvar edilar. Osh, qozon kabob qilardilar. Somsa tugishgacha yordam berardilar. Bolalar ham otasining pinjiga tiqilib, hammamiz uni maqtasak, negadir yelkam qichishyapti, derdilar. Nega desak, qanot chiqyapti shekilli, farishtaga aylanib, uchib ketaman-ov yaxshiligimdan, deb hazillashardilar. Mana, vaqt o‘tib, aytganlari bo‘ldi...

– Odamlarning quvonchu tashvishini, ezgulik va yovuzliklarini sahnaga olib chiqish, asar qahramonlari hayotida yashash oson emas. Boshqa kasblarga nisbatan biz, ayollar uchun bu kasbning yuki og‘irroq. Ayniqsa, turmush o‘rtog‘ingizning aktrisa ayol bilan (sahnada bo‘lsa ham) «muhabbat munosabati»ni yaqinlaringiz bilan tomosha qilish qismati, ishonch va rashk orasidagi keskin kurashlar, ziddiyatlarda adolatli bo‘lish oson bo‘lmagandir sizga?

– Aksincha, men hech qanday qiyinchilik yoki muammo ko‘rmadim bu masalada. Negaki, hech qachon rashk qilmaganman. «Nega eringizni qizg‘anmaysiz?» degan savolni ko‘p berishgan. Avvalo, jamoadoshlarining hammasini yaxshi tanirdim. Teatr hovlisida tut daraxti bo‘lardi. Yoz pallasida kechasi soat bir-ikki, gohida uchgacha o‘sha tutning tagida taniqli rejissyor Bahodir Yo‘ldoshev boshchiligida bir guruh san’atkorlar to‘planib, ashula aytishar, suhbatlashishar, spektakllarga tayyorgarlik masalasida maslahatlashishar edi. Mavluda Asalxo‘jayeva, Zulayho Boyxonova, Munojot Teshaboyevalar qo‘shiq aytishardi. Men ularga ovqat pishirib olib borardim. Teatr jamoasi bilan men ham qadrdon bo‘lib ketgan edim. Qolaversa, men o‘zimning chiroyim, aqlu zakovatim, muhabbat borasidagi munosabatlarim mustahkamligiga ishonardim. Buning ustiga hamkasblari: «Bu Hoshiming gastrolga chiqqanimizga uch kun bo‘lmay seni sog‘ina boshlaydi, nima qilgansan buni? Buning ustiga o‘zi egri yo‘lga yurmagani yetmaganday, bizniyam nazorat qiladi!» deyishardi. O‘zlari esa: «Mavlush, oilada erkak kishi harom yo‘lga yursa, kasri begunoh farzandlariga urarmish. Men bunday gunohdan qo‘rqaman», derdilar.

Bir kuni qaynonam bilan teatrga spektakl tomosha qilgani borganmiz. Rahmatli Baxtiyor Ixtiyorov sahnalashtirgan «Onasining qizi» spektaklida turmush o‘rtog‘im Baxtiyor rolini o‘ynayaptilar. O‘sha paytlarda ikki nafar bolamiz bor, aktyorning 25-26 yoshdagi ko‘rkam yigitlik paytlari edi. Sahnaga Hoshim aka chiqsalar yonimizda o‘tirgan qizlarning biri: «Voy, Baxtiyor chiqdi, rosa yaxshi ko‘raman shu aktyorni», desa, unisi ham: «Mengayam juda yoqadi, teatrga ataylab shu yigitni ko‘rgani kelaman», dedi. Buni eshitgan qaynonam: «Ey qizlar, jim o‘tiringlar, u mening o‘g‘lim, mana bu xotini bo‘ladi. Ikki bolasi bor, uni nega yaxshi ko‘rasan?» deb, ularni urishib ketsalar deng. Men kulib yuborganman. O‘sha paytda Saida Rametova bilan rol ijro etishayotgan edi. Saida hali turmushga chiqmagan, yosh va chiroyli qiz edi. Men o‘zimga, o‘rtamizdagi sevgining mustahkamligiga ishonardim.

Aytmoqchimanki, rashk o‘rinli bo‘lsa, boshqa gap, asossiz rashk oilaning parchalanishiga olib keladi. Turmush o‘rtog‘ining ko‘nglini zabt etganiga, sevgisining kuchiga ishonmagan insongina huda-behuda rashk qiladi. Ular oylab xizmat safarlariga ketardilar, men esa uch o‘g‘lim, bir qizim bilan uyda qolaverardim.

– Hoshim aka-chi, sizni rashk qilmasmidilar?

– «Vatanparvar» gazetasida ishlardim. Gazeta chiqarib, kechasi soat ikki-uchlarda kelamiz ba’zida. Bir kuni muharrir o‘rinbosari Xudoynazar aka Jumanazarov boshchiligida 5-6 nafar ofitser avval meni uyimga opkelib qo‘yishdi, keyin boshqalarni tarqatadigan bo‘lishdi. «Uyga kiring¬lar» desam, «Hoshimjon kiritadimi?» deyishdi. «Albatta, xo‘jayinim kutib oladilar», desam, «Aldamang», deb rosa kulishdi. Hoshim aka eshikni ochishlari bilan ularning gaplarini aytib berdim. Hoshim aka esa ularni qo‘yarda-qo‘ymay uyga olib kirib, rosa mehmon qildilar. Demoqchimanki, biz hech qachon bir-birimizni rashk qilib, birovning oldida obro‘yimizni to‘kib, urish-janjal qilmaganmiz.

– Adashmasam, aktyor sal kam yarim asr mobaynida xalq xizmatida bo‘lganlar. Bu aytishga oson. Bir inson umrining yoshlik, yetuklik, kamolot davri bu! Aktyor nafaqat sahnada rol ijro etadi, balki olis qish¬loqlardagi muxlislariga ham o‘z istedodini namoyon etishi, ularning ma’naviy barkamolligiga xizmat qilishi darkor. Demokchimanki, haftalab, oylab gastrol safarlarida bo‘lganlarida bolalar muammolari, ularning tarbiyasi mas’uliyati sizga og‘irlik qilmaganmi?

– Qiynalganman, deb aytolmayman. Yangi turmush qurganimizdan ikki yil o‘tib, teatrdan bizga uy berishdi. Avval oliygohda ishlaganman, keyin bolalarimning yonida ko‘proq bo‘lish, ularni nazorat qilish uchun ishimni maktabga o‘zgartirganman, negaki xo‘jayinim oylab xizmat safarlariga ketardilar. O‘sha paytlari ham oila, ham bolalar, ham ish, hammasiga ulgurardim. Bizning oilada ikki qiz bo‘lib, opam Andijonga turmushga chiqib ketgan edilar. Opam uzoqda, men yonlarida bo‘lganim uchun onam hamisha meni qo‘llab-quvvatlab turardilar. Shuning uchun ham qiynalmaganman. Inson ishning ko‘zini bilsa, hamma narsani eplasa bo‘ladi. Tanishlarimizning talaba qizlari uyimizda yashar edi. Ularga tekin yashash joyi, menga ularning yordami asqotardi.

Hoshim aka, hatto bir gal Qrimga xizmat safariga ketib, 45 kunda kelganlar. O‘sha paytda ikkita maktabda ishlardim, oyligim yaxshi edi. Ular kelgunlaricha usta chaqirib, 3 xonali uyni ta’mirlatib qo‘yganman. To‘g‘risi, o‘shanda hayratlanganlar. Yana bir gal bolalarimizga karavot va boshqa zarur jihozlar olib, uyni chiroyli qilib, yasatib qo‘yganman. Ayol oilasini, jufti halolini sevsa, qadrlasa, unga jonini fido qila oladigan qud¬ratli kuchga ega bo‘ladi.

– Hoshim aka ko‘plab rollar o‘ynagan, yuzlab dublyajlarda ishtirok etgan. Ayniqsa, «Qasos», «Marg‘iyona», «Alpomish», «Otamdan qolgan dalalar», «Chavandoz» kabi ko‘plab filmlar uni mashhurlik shohsupasiga olib chiqqan. U o‘zining eng ko‘ngli to‘lgan, o‘zi yaxshi ko‘radigan ijrosi haqida gapirarmidi?

– U kishi har bir rolini, ta’bir joiz bo‘lsa, farzandidek yaxshi ko‘rib, ijro etardilar. Agar o‘zlariga yoqmaydigan obraz bo‘lsa, uni olmaslikka harakat qilar, iloji bo‘lmasa dublyorga tashlab qo‘yardilar. O‘ynagan har bir rolini yaxshi ko‘rib, maromiga yetkazib o‘ynaganlar. Ayniqsa, oxirgi paytlarda ijro etgan Ulug‘bek Hamdam asari asosida sahnalashtirilgan «Muvozanat» spektakli ularga qattiq ta’sir qilgan. Shogirdlari «Spektakldan keyin yarim soatdan oshiq vaqt ustoz o‘zlariga kela olmasdilar, biz uni xoli qoldirardik», deb eslashadi. Har bir rolni butun vujudi bilan, o‘z hayotini butkul unutib o‘ynar edilar.

U kishi bir zum tinmasdi, goh kino, goh teatr, goh dublyajga borardi. Qizig‘i, yayov yurishni yaxshi ko‘rardilar. O‘g‘illari ishxonasi oldiga borib kutib turishsa ham mashinasiga chiqmas, yoyilsa oyoq chigali, ketar ko‘ngil g‘ubori, derdilar.

Bir kuni odatlariga ko‘ra metroda kelayotsalar, notanish kishi u yog‘iga o‘tibdi, bu yog‘iga o‘tibdi-da, yomon ko‘z bilan qarayotganmish. Nihoyat: «Aka, biz sizni yaxshi ko‘rardik, hatto onam ham sizni yaxshi ko‘rardilar. Lekin siz oxirgi rolingizda yomon odam bo‘lib chiqibsiz. Biz sizni shunchalik yomon odam deb o‘ylamaganmiz, sizni yomon ko‘rib qoldik», deb ketib qolibdi. Tushuntirganimga ham qaramadi-ya, odamlarimiz buncha ishonuvchan, degan edilar o‘shanda Hoshim aka.

«Otamdan qolgan dalalar» filmida Hoshim aka o‘g‘illarimiz Jamshid va Bobur bilan birga bosh qahramon rollarini ijro etishgan. «Alpomish»ni ham sevib talqin etganlar. Chunki aktyor tarixiy asarlarni qayta jonlantirishni yaxshi ko‘rardi. Zahiriddin Muhammad Bobur obrazini spektakl va kinoda yaratishni orzu qilardilar. Hatto o‘g‘limizning ismini Bobur qo‘yganlar. Armoni ham shu bo‘lib qoldi. Boshqa armoni yo‘q edi. Oilada hammamiz uchun sevimli bo‘lib yashadilar, kasbi tufayli Germaniya, Italiya, Fransiya, Bolgariya, Tataris¬ton kabi bir qancha xorijiy davlatlarni ko‘rdilar. Xalqimizning, tomoshabinlarning hurmatini qog‘ondilar. Odamlar ularni yaxshi ko‘rishardi. Farg‘onaga borayotganimizda mashinamiz buzilib qolganda, odamlar tuzatib, benzin solib, bizni mehmon qilib jo‘natishgan. Yo‘lda biron joyga ovqatlanishga kirsak, muxlislari qo‘yarda-qo‘ymay stolimizni turli taomlar bilan to‘ldirib tashlashardi.

Umra ziyoratiga birga borib keldik. Oradan ikki oydan so‘ng Hoshimjon aka olamdan o‘tdilar... Kunlarning birida menga qo‘ng‘iroq bo‘ldi: «Biz Arab davlatida yashaydigan o‘zbek muhojirlarimiz, otim Abu Salmon Qo‘qondiy. Biz Hoshim Arslonovni juda hurmat qilar edik. Pandemiyadan keyin Umra endi ochildi. Bugun Makkai Madinada ikki yuz nafar oliy maqomli arab qorilari Qur’on xatm qilib, Hoshim Arslonovga baxshida etdik», dedi. Bunday ehtiromni eshitib, ko‘zlarimdan shukronalik yoshlari oqdi.

– San’atkorning spektakl va filmlardagi ijrolarini tomoshabinlar yaxshi bilishadi. Uning ichki «men»i, hayotdagi asl qiyofasiga chizgilar bersangiz.

– Hoshim akam mehnatkash, oriyatli inson edilar. Talabalik yillarida ham ota-onasidan pul so‘rashni or bilib, ta’til payti do‘stlari Mahmud Ismoilov, Habibulla Hakimov (hozir Farg‘ona qo‘g‘irchoq teatri rahbari) bilan Toshkent–Moskva yo‘nalishida qatnaydigan yo‘lovchi poyezdida provodnik – kuzatuvchi bo‘lib ishlab, pul topishardi. Oliygohni tugatishi bilan O‘zbek davlat drama teatriga (sobiq «Yosh gvardiya», Abror Hidoyatov nomli) ishga kirgan, ammo yosh aktyor bo‘lgani boismi, ishqilib, uncha-munchada rol berishmagani uchun ruhan tushkunlikka tushardi. O‘sha paytlari uni ichki ishlar sohasiga, sobiq Komsomol komitetiga ishga taklif qilishgan. Yosh oila, mablag‘ masalasida qiynalayotgan paytimiz bo‘lsa ham men ularga sabr qilsa hammasi yaxshi bo‘lishi, iqtisodiy qiyinchilik¬lar tufayli kasbini o‘zgartirmasligi, ota-onasi uning taniqli aktyor bo‘lishini orzu qilishayotganini bot-bot aytib turardim. Bu esa uni kuchli bo‘lishga undar va maqsadi sari intilishda yanada qat’iyat baxsh etardi.

Samimiy, rahmdil, oilaparvar, haqiqatgo‘y, birovdan yordamini ayamaydigan inson edilar. Nafaqat ishxonasida, balki kasalxonada yotganlarida ham qarovsiz bir cholning barcha dori-darmonlarini olib bergan ekanlar. Kimningdir o‘qishi, kimningdir ishga joylashishida ko‘maklasharkanlar. Bu gaplarni men endi, o‘zlari bu dunyoni tark etgandan keyin o‘sha odamlarning o‘zlaridan eshityapman. Mansab yoki unvonga intilmas, odamlarni, ayniqsa, ayollarni juda hurmat qilar edilar.

Lekin yolg‘onni, xiyonatni – u xoh do‘stning, xoh hamkasbning, xoh boshqaning xiyonati bo‘lsin – aslo kechirmas edilar. Bu bilan o‘zi ham qiynalar, ammo xarakterini o‘zgartira olmasdi.

– Oilada farzandlaringizning ota kasbini tanlagani ham, tanlamagani ham bor. Hoshim aka ularning o‘z ishini davom ettirishini istarmidilar?

– San’atning noni qattiq, iste’dodi bo‘lsa san’at yo‘liga kirsin, derdilar. Jamshid iqtisodchi bo‘lsa ham «Chempionlik orzusi», «Otamdan qolgan dalalar», «Sardor» filmlarida rol o‘ynagan. Dilafro‘z qizimiz hisobchi bo‘ldi. Bobur Mirobod tumani Yoshlar agentligi raisi. Tomoshabinlar bir qancha filmda uning ijrosini ko‘rish¬gan. Talabalikda ilk o‘ynagan roli «Nomus» kartinasidir. Keyinchalik «Dinozavr qoldirgan iz», «Chempionlik orzusi», «Osmondagi bolalar», «Jannat qaydadir», «Serjantlar» kabi serial va filmlarda, Rossiyaning «Sled Salamandra», «Gulchitay» kabi kinofilmlarida iste’dodini namoyon etdi. Kichik o‘g‘limiz Javohir Sharqshunoslik oliygohini tugatdi va o‘z sohasi bo‘yicha ishini davom ettirmoqda.

Hoshim aka bir umr shoshib yashadi. Men hayron qolardim. Bir joyda jim o‘tirolmasdilar. Teatrga umrini bag‘ishladilar. Oxirgi yillarda ko‘proq dublyaj ustida ishladilar. Hech qachon dam olib o‘tirganlarini ko‘rmasdik. Endi anglasam, bu dunyoda ko‘proq ishga ulgurib qolish uchun shoshgan ekanlar.

– Aktyorlik – juda murakkab kasb. Negaki, ba’zida aktyor oldida yo kasbini yoki oilasini tanlash sinovi, imtihoni turadi. Aktyor o‘z rolini qoyilmaqom qilib ijro etishi uchun iste’doddan tashqari, avvalo, oilasi tinch, turmush o‘rtog‘i uni tushunadigan, ishonadigan do‘sti darajasida bo‘lishi lozim. Shunday emasmi? To‘g‘rirog‘i, baxtli bo‘lish uchun sanatkorlarning umr yuldoshlari nimalardan kechish-lari kerak?

– San’atkorlar juda ham nozik tabiatli, e’tibortalab, mehrtalab bo‘lishadi. Shuning uchun ayol o‘zidan, o‘zligidan kechib shu insonga o‘zini baxshida qilishi lozim.

Biz haqiqiy do‘st edik. Shuning uchun ham baxtli yashadik. San’atkorning ayoli oqila, mulohazali, sabrli, shu bilan birga ishonchni yuragiga joylagan fidoyi ayol bo‘lsa, undan baxtli odam bo‘lmaydi.

Mavluda opa bilan xayrlashar ekanman, opa e’tirof etgan xislatlarning barchasiga egaligi, ota izini farzandlari bosayotgani, ona, buvi sifatida azizlik shohsupasida turib, o‘zidagi baxt va mehr yog‘dularini sulolasi davomchilariga taratayotganiga guvoh bo‘ldik. Ayol baxti ham aslida shu emasmi?!

Saodat MATYoQUB qizi suhbatlashdi
(«Adolat» gazetasidan olindi).

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring