«Kokilli qiz» pannosi Alfred Mazitov qalamiga mansubligi tasdiqlandi. U saqlab qolinadi

Bir necha kun muqaddam Toshkentdagi «Premier Hall» kinoteatri joylashgan binodagi noyob panno borasida fikrlar bildirilgan edi. Kinematografiya agentligi Axborot xizmati tomonidan ma’lum qilinishicha, ushbu panno saqlanib qoladi.
«Poytaxt markazida joylashgan «Premier Hall» kinoteatri joriy yilda bo‘lib o‘tadigan «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent Xalqaro kinofestivalida lokatsiyalardan biri bo‘lishi ko‘zda tutilgan. Shu sababdan Kinematografiya agentligi ijarachilar bilan kelishgan holda binoning tashqi qiyofasini yangilashga qaror qildi.
Ta’mirlash ishlari paytida binoning yuzasida eski panno topildi. Shundan so‘ng, Kinematografiya agentligi ekspertlarni taklif qilib, topilmani o‘rganishdi. Panno haqiqatda Alfred Mazitovning qalamiga mansub «Kokilli qiz» mozaikasi ekanligi ekspertlar tomonidan tasdiqlandi. Rassomlar uyushmasi raisi Akmal Nur va ekspertlar pannoni restavratsiya qilish imkoni mavjudligini ma’lum qilishdi. Shundan kelib chiqib, ushbu freskani saqlab qolib, binoning yangi dizaynini aynan «Kokilli qiz»dan kelib chiqib yaratish maqsadga muvofiq, degan xulosaga kelindi.
Hozirda binoning ijarachilari va quruvchilar bilan qayta muzokalar o‘tkazib, ularga yangi dizayn bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi. Aytib o‘tish joizki, bungacha binoni dizayni umuman boshqacha bo‘lishi va topilgan panno o‘rnida filmlar anonslari uchun ekran o‘rnatilishi rejalashtirilgandi. Endilikda aynan «Kokilli qiz» binoning yangi dizaynini belgilab beradi. Shuningdek, ushbu o‘zgarishlardan so‘ng binoning hozirgi Premier Hall nomi qanchalik mos bo‘lishi bo‘yicha savollar tug‘ilmoqda. Shu sababdan shahar aholisidan takliflarni kutib qolamiz.
O‘tgan hafta davomida ijtimoiy tarmoqlarda «Kokilli qiz» pannosi atrofida bo‘lgan fikrlarni kuzatdik. San’at asariga befarq bo‘lmagan, uni saqlab qolish bo‘yicha murojaat yo‘llagan barchaga minnatdorchilik bildiramiz», — deyiladi Kinematografiya agentligi Axborot xizmati tomonidan berilgan bayonotda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter